Telegramdan shu rostmi, ogʻayni, deb yozsam, dastlab ajnabiy domlalarini birma-bir (boloxonador qilib) soʻkdi-da, senga informatsiya notoʻgʻri shaklda yetib kelibdi, Toshkentga qoʻnganda tushuntiraman, keyin meni ogʻayni deyishni bas qil, kelishganmiz-ku, deya jahldor stiker bilan suhbatga yakun yasadi. Oʻynab qoʻyay-da bunaqa kelishuvlaridan. Uni yuqorida tanish deganimning boisi ham shu: ikki oylardan beri Omonxon oʻzini “kosmopolit” deb atay boshlagan.
Har yozishmalarimizda menday “semi-kultural individ”ning sendek qishloqi bilan (men qishloqi boʻlsam, unda sen kimsan? Bitta mahallada katta boʻldik-ku, xumpar!) kontaktda boʻlishi, aslida, nomutanosiblikni keltirib chiqaradi, deydi. Uning fikricha, “doʻst, joʻra, ogʻayni, oshna” degan tushunchalar ortiqcha ijtimoiy yaqinlik yaratarkan, bu esa “shaxsiy chegaralarni buzish” boʻlib, postmodern jamiyat etikasi nuqtayi nazaridan olib qaraganda borib turgan axloqsizlik emish, bunda “tanish” soʻzi eng muqobil variant ekan.
Yoʻq, birodarlar, men kosmopolitizmni juda yaxshi tushunaman. Uning milliylikka qarshi emas, balki bu ikkisi bir-birini toʻldiruvchi tushunchalar ekanini ham allaqachon anglaganman. Kosmopolitizm odamni butun insoniyat bilan bogʻlaydigan global ongni ifodalasa, milliylik unga madaniy ildiz, oʻzlik va tarixiy asos boʻlib xizmat qiladi. Chinakam kosmopolit — oʻz millatini inkor qilmaydigan, balki shu milliy ruhda boshqalarni hurmat qilishni oʻrgangan inson. U oʻzligidan voz kechmagan holda, boshqa xalqlar bilan tinch, teng va ochiq muloqotga kirishadi.
Hatto Hazrat Alisher Navoiy ham tarixiy jihatdan oʻz zamonida forsiy, turkiy, arabiy madaniyatlarni oʻzlashtirib, ijodida “xalqaro badiiy makon” yaratgan chinakam kosmopolit shaxs edi. Bu oʻrinda kosmopolitizm va milliylik uygʻunlashgan deya olamiz.
Bizning Omonxon uchun esa “vatan” (oʻzi aytmoqchi) — kindik qon toʻkilgan muqaddas joy emas, shunchaki iqlimi moʻtadil, vizasiz kirish imkoniyati bor boʻlgan davlatlar roʻyxatidagi allaqaysi bir raqam, oddiy geografik tushuncha. Til — bir vosita, deydi-yu, hali biror tilda tuzuk gapirganini koʻrmadim. Gaplarini eshitsam, negadir xayolimga ichiga qip-qizil paypoq, oppoq koʻylak va qora krossovka bir vaqtda solingan kir yuvish mashinasi kelaveradi: aralash-quralash. Masalan, girgittonga loʻndagina qilib, yogʻli ovqatlarga hushim yoʻq, deyish oʻrniga u mana bunday deydi:
— No, ne nado, bro, yogʻli ovqatlarga nisbatan menda interpersonal konflikt shakllangan! Guruchning glisemik indeksi yuqori, undan tashqari diyetadaman, shunga sizlarda kinoa, yaʼni donga oʻxshash mahsulotlar asosida tayyorlangan, reinterpretatsiya qilingan anʼanaviy oʻzbek ovqatlarining zamonaviy versiyasi topiladimi?
Shoʻrlik ofitsiant hayron, aha, tushundim, maʼnosida boshini liqillatadi-yu, oshpaz oldiga borib, qazi bilan bedana tuxumidan koʻproq solarkansiz, deb qutuladi…
Qahramonimizni aeroportda kutvoldim. Gʻalati odam boʻlsa ham, oshnam, ancha boʻldi koʻrmaganimga, bagʻrimga bosay degandim, ortga tisarildi:
— Hey, bro, quchoqlamoqchimisan? Yoʻ-oʻq, qoʻysang-chi, bu juda primitiv va qoʻpol holat-ku. Men seni hurmat qilaman, biroq hozirgi intellektual odamlar bir-biriga bu tarzda hissiy yuklama bermaydi. Kim bilandir quchoqlashish bu — emotsional invaziya. Biror kasallik yuqsa, nima qilamiz?
— Sen bilan gaplashgan odam ChatGPTning tekin versiyasi bilan suhbatlashgandek boʻladi-ye, tavba. Hay, yur, choy-poy ichaylik, oʻsha yerda ozgina gurung qilamiz.
Oloy bozorini biqinidagi kichik bir choyxonaga olib kirdim. Ikkita “komplekt” zigʻir osh aytgandim, koʻzi kosasidan chiqib ketdi:
— Osh?! “Osh” degan konsept hozirgi global sogʻliq paradigmasiga mutlaqo zid. Bu yogʻ, goʻsht, sassiq piyozlar — konservativ madaniy meʼyorlar jamlanmasi, kaloriyaviy agressiya. Estetik balans yoʻq bunda. Axir, har bir luqma — bitta falsafa. Bundan tashqari, zigʻirning psixokimyoviy taʼsiri hali toʻliq oʻrganilmagan. Toki oʻzimni post-identifikatsion subyekt sifatida koʻrar ekanman, buni rad etaman.
— Oʻsha sen aytayotgan goʻsht, sabzi, piyozlar jamlanmasi allaqachon insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKOning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilganidan xabaring bordir?!
Gapimga qarshi argument topolmaganidan, oʻzini eshitmaganga oldi. Xullas, men dunyodagi eng mazali zigʻir oshni achchiq koʻk choy bilan paqqos tushirar ekanman, u jomadoniga solib kelgan qaynatilgan guruch ustiga allaqanday barg toʻgʻrab, oʻzi aytgandek, xorijdagi “metabolik ritm”ga oʻrganib qolgan tanasini ortiqcha zoʻriqtirmadi.
Yarim soatlik bemaza suhbat davomida osh va shunga oʻxshash taomlarni boshqa yemasligimni, tanamni ajdodlar stereotipidan ozod qilishim zarurligini, bu — metafizik detoks kattaroq gʻoyalarga yoʻl ochishga yordam berishini, inson oʻzining etnik konstruksiyasidan chiqib, global sitizenga aylanishi kerakligini, hozir transnatsional identitetlar zamoni ekani, oʻzbekchilik, bu yaxshi, biroq progress uchun biz unga tanqidiy nazar bilan qarashimiz lozimligini uqtirdi. Ona tilida oʻylash, yomon emas, ammo inglizcha fikrlash zoʻrroq. Ayniqsa, “literally” degan soʻzni har gapda ishlatish, odamning saviyasi yuqoriligini bildirar ekan.
Toʻrt shisha aroqni boʻshatgan piyonistaning qulogʻimning tagiga kelib chorak soat mijgʻovlanishiga chiday olaman, toʻyxonaning bahaybat kolonkalari tagida xotirjam oʻtira olaman, tonggacha bigʻillab uxlatmagan chaqaloqni asabiylashmay ovuta olaman, lekin mana bu bolaga ortiq dosh berolmadim. Hamkasbimga menga telefon qilib, qaysi goʻrda yuribsan, tezda ishxonaga yetib kel, deb doʻq uring, bir joydan sira ketolmayapman, deya sms yozib, qoʻngʻirogʻini kutdim. Baraka topsin, tezda qaytib chiqdi — Omonxon oldida kichik sahna koʻrinishini ijro etdim-u, sovuqqina xayrlashdim.
Boshimga qovogʻari kirib qolgandek his qildim oʻzimni: gʻuvv-gʻuvv… Ozgina tinchlanish uchun sigaret tutatarkanman, negadir ortga oʻgirilgim keldi, qaradim — mendan yuz qadam narida, boyagi stolda, bizning “kosmopolit”, “transnatsional identitet” oshnamiz Omonxon laganimda qolgan, allaqachon sovigan ikki choʻqim oshni shosha-pisha ogʻziga solyapti ekan...
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri