Bu yerda ming yillik maʼrifat merosi, zamonaviy texnologiyalar va Renessans ruhi uygʻunlashib, mamlakatning yangi intellektual qiyofasini namoyon etmoqda.

Kunda-kunora ushbu qutlugʻ maskanga tashrif buyurayotgan nufuzli xorijiy delegatsiyalar, yurtimiz mehmonlari va ularning taassurotlari matbuot hamda tele-radiokanallar orqali keng yoritib borilyapti. Markaz bugun nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi eʼtirofga sazovor boʻlgan, dunyo olimlari va mustaqil tadqiqotchilarni oʻziga jalb etayotgan ulkan ilmiy-maʼrifiy platforma maqomini olib ulgurganiga guvoh boʻlyapmiz.

Ming bor eshitgandan koʻra, bir bor koʻrgan afzal tamoyiliga amal qilib, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoalari ham markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish, asrlar qaʼriga sayohat qilish maqsadida Eski shaharning Xastimom mavzesida qad rostlagan majmuada boʻldilar.

Davlatimiz rahbari 2025-yilning 20-oktyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqning tarixiy va maʼnaviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishgan edi. Prezidentimiz eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligini taʼkidlab, shu maqsadda markazda faoliyat yuritadigan mutaxassis va gidlarning sonini koʻpaytirish, ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Darhaqiqat, markazda namoyon etilayotgan 800 ga yaqin ilmiy va maʼrifiy loyiha islom madaniyati, ilmiy merosi, tarixiy qoʻlyozmalar va artefaktlar orqali mukammal shaklda aks ettirilgan. Eng ilgʻor texnologiyalar vositasida namoyishga qoʻyilgan ekspozitsiyalar har qanday tashrif buyuruvchining aqlini shoshirib qoʻyadi. Interaktiv imkoniyatlar tarixning turli davrlarini jonli his qilishga yordam beradi. Bu yerda faqat matn bilan cheklanmay, videolar, interaktiv eksponatlar va turli texnologik yechimlar orqali tashrif buyuruvchilar tarixning turli bosqichlariga chuqur kirib borish imkoniga egadirlar. Markazning maʼnaviy, ilmiy va sivilizatsion ahamiyati ham beqiyos. Bu yerda tarixning bir-biri bilan chambarchas bogʻliqligi, turli sivilizatsiyalar va madaniyatlar oʻrtasidagi uzviy aloqalar yaqqol namoyon boʻladi.

Mutasaddilarning maʼlum qilishicha, markaz kontentini yuksak darajaga olib chiqish va uning meʼmoriy koʻrkiga monand maʼnaviy yuksaklikka erishish maqsadida 2000 ga yaqin olim, xalqaro ekspert hamda dizaynerlar uzluksiz izlanish olib borishdi va takomillashtirish ishlari uzviylik kasb etadi.

– Islom sivilizatsiyasi markazi tarixni shunchaki namoyish etmay, balki fikrlashga chorlovchi, ilmga qiziqish uygʻotuvchi va tafakkurni harakatga keltiruvchi ilmiy-madaniy makon sifatida shakllantirilibdi, – deydi “Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova. – Oʻzbekistonda islom madaniyati bilan bogʻliq bir necha ming yillik qadimiy oʻtmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam qilingani esa alohida ahamiyatga ega. Bu yerga tashrif buyurgan har bir kishi islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, islom sivilizatsiyasi Oʻzbekistonda aynan ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va maʼrifat asosida rivojlanganini, oʻzbek xalqi dunyo taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshganini teran anglaydi. Ekspozitsiyalar, tarixiy dalillar va ilmiy yondashuvlar Islomning chinakam maʼnaviy va intellektual yuzini koʻrsatadi. Markaz faqat Oʻzbekistonniki emas, balki butun insoniyat uchun xizmat qiluvchi ulkan maʼnaviy platformadir.

Oʻzbekiston bugun oʻzining ilmiy va maʼrifiy ildizlariga qayta qaramoqda. Bu jarayon nafaqat milliy, balki regional va global ahamiyatga ega. Chunki bu markaz – butun islom olami uchun maʼnaviy hamda sivilizatsion platforma, ilm-fan va madaniyatni qayta jonlantirish markazi sifatida xizmat qilmoqda.

Muxtasar aytganda, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” tahririyati jamoalarining bu dargohga tashrifdan olgan taassurotlari shunday maʼnoni uqish mumkin: Markaz nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi oʻlaroq boʻy rostlabdi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri