Kosonsoyda eko va ziyorat turizmi rivojlanadi

    Vodiyning gavhari boʻlmish Namanganning shimolida hunarmandchilik, chorvachilik va dehqonchilik rivojlangan makonlar talaygina. Ulardan biri Kosonsoy tumanidir. Buyuk sohibqiron Amir Temur qadami tekkan, qadimiy ipak yoʻli oʻtgan bu hududda Oʻzbekistonda mavjud barcha meva, poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.

    Togʻoldi zonalarda sada, terak, qayragʻoch, chinor, majnuntol, qayin kabi daraxtlar juda koʻp. Boshqa yerlarda uchramaydigan tobulgʻu deb nomlanadigan daraxt yogʻochi haqida shoh va shoir Boburning “Boburnoma” asarida keltirilgan. Shuningdek, tumanda oʻsadigan eng noyob va shifobaxsh giyohlardan ayiq oʻti (mehrigiyoh), kiyik oʻt, isiriq, togʻ piyozi, doʻlana, naʼmatak kabi dorivor oʻsimliklar “Qizil kitob”ga kiritilgan.

    Kosonsoy koʻplab koʻhna makonlari, nodir-noyob topilmalari, tarixiy yodgorliklari, tabarruk ziyoratgohlari bilan ham oʻz oʻrniga ega maskandir. Jumladan, Gʻoʻzapoyamozor, Sulton Malik Vali Zarbaxsh maqbarasi, Sadpiri Komil va Aʼloxon Maxdum jomeʼ masjidlari, Kovutpoʻsh-Kuntugʻlik ota mozori, Yusufxon Toʻra maqbarasi, Mavlono Sayyid Jaloliddin ibn Sayyid Jamoliddin kabi ziyoratgohlar bu maskanda oʻz davrining yetuk avliyolari, imom va allomalari yetishib chiqqanidan guvohlik beradi.

    Yaqinda viloyatning turizm boshqarmasi vakillari tumandagi ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor joylarning monitoringini oʻtkazib, mazkur hududda ziyorat va ekoturizmni rivojlantirish uchun yetarli baza mavjud, degan xulosaga kelishdi. Ayni paytda bu borada yoʻl xaritasi tuzish ishlari boshlab yuborilgan boʻlib, birinchi navbatda, Gʻoʻzapoyamozor, Maxdumi Aʼzam kabi obyektlar konservatsiya, rekonstruksiya qilinishi koʻzda tutilgan.

    Maxdumi Aʼzam ziyoratgohi

    Maxdumi Aʼzam, Imom Kosoniy, Xojai Kosoniy, Sayyid Ahmad Dahbediy nomi bilan mashhur boʻlgan movarounnahrlik alloma, yirik diniy arbob, naqshbandiya tariqati pirlaridan biri Sayyid Ahmad ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy - Maxdumi Aʼzam (1461-1542) Koson shahrida tavallud topgan.

    Tarixning shohidlik berishicha, Maxdumi Aʼzam Movarounnahrda naqshbandiylik taʼlimotini rivojlantirishda beqiyos xizmat koʻrsatgan ulugʻ zot sifatida mashhur boʻlgan. Temuriy shahzodalardan Mirzo Bobur, Shayboniy hukmdorlaridan Ubaydulloxon, Jonibek Sulton, Isfandiyor, Abdulazizxon uni oʻzlariga pir deb bilganlar. Chunonchi, buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur ul zotni chuqur hurmat qilgan va Maxdumi Aʼzamga atab ruboiylar bagʻishlagan:

    Nafs havosini debon har qaydakim yurgandamiz,

    Dilda doim iztirob dil oldida sharmandamiz.

    Bir nazar bul xastadil muxlislaringga tashlakim,

    Xojagini qoʻygan erdik, Xojagiga bandamiz.

    Sharqshunos olim Ilyosxon Gʻoziy Bobur Mirzo ushbu misralarni bitishining sababini quyidagicha izohlaydi: “Xojagon-naqshbandiya tariqatiga Zahiriddin Muhammad Bobur va uning umarolari ham katta eʼtiqod qilgan ekanlar, chunki Bobur Mirzoning ustiga son-sanoqsiz dushman lashkari (Hindistonda) bostirib kelganda, oʻz vaziri amir Darvesh Muhammadning maslahati bilan Bobur jami devon mulozimlarini naqshbandiya tariqati murshidlari ruhu arvohlariga toat-ibodat bilan murojaat qilishlarini buyurgan ekan. Xullas, bundan ogoh boʻlgan Maxdumi Aʼzam goʻyo oʻz gʻayrioddiy qobiliyati bilan dushmanning ikki yuz minglik lashkarini zaiflikka (rivoyatlarga koʻra, katta qoʻshin lashkarni oʻrtaga olib, nobudlik holiga keltirgan ekan) uchratgan va Bobur Mirzo fursatdan foydalanib, dushmanni qirib tashlagan ekan. Urush Bobur gʻalabasi bilan tugagandan soʻng u Dahbedga oʻz maxsus kishisini (amir Qoʻzini) koʻp inʼomlar bilan yuborib, unga ikki ruboiy bitib, Maxdumi Aʼzam qoʻliga topshirishni buyuradi”.

    Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bunday buyuk zotlarning xotiralarini abadiylashtirish, merosini oʻrganishga eʼtibor kuchaytirilib, Maxdumi Aʼzam tugʻilib oʻsgan Kosonsoy shahridagi mahallaga uning nomi berildi. Kosonsoy soyining soʻlim qirgʻogʻida ziyoratgoh barpo etildi. Bu ishga barcha kosonsoyliklar oʻz hissalarini qoʻshishdi. Nihoyat, 2007-yilda Hazrat Maxdumi Aʼzamga atalgan muhtasham ziyoratgoh qad rostladi.

    Bugun bu maskan xalqimizning muqaddas ziyoratgohiga aylangan. Ziyoratchilar orasida qoʻshni, uzoq xorij davlatlari fuqarolarini uchratish mumkin.

    Gʻoʻzapoyamozor masjidi va qadamjosi

    Kosonsoy shahrining Qalʼacha — hozirgi Abdurahmon Jomiy mahallasiga kiraverishdagi Gʻoʻzapoyamozor masjidi va qadimiy qabriston sirli tarixiy yodgorlik sifatida bir necha asrlardan beri kishilar diqqatini tortib kelmoqda. Ushbu meʼmoriy majmua masjid, minora, bir-biriga tutash uchta maqbara, darvozaxona, hujralar va chillaxonadan iborat boʻlgan. Bu maskan toʻgʻrisidagi turfa rivoyatlar ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelmoqda. Shu mahallada yashovchi marhum Isoxon hoji Inoyatullayevning hikoya qilishicha, “Somoniylar sulolasidan boʻlgan Sulton Sayyid Jaloliddin Somoniy Koson shahriga tashrif buyurib, xilvat bir yerda yashay boshlagan. Islom ilmini chuqur bilguvchi va taqvodor inson boʻlgani uchun mahalliy aholining u kishiga tezda muhabbati ortadi. Mahalliy odamlar bilan bu buyuk zot orasida iliq munosabat paydo boʻlib, hazrat bu yerda bir masjid bino etishga ahd qiladi. Tezlikda masjid qurilishi boshlanib ketadi. Lekin masjid oʻrtasiga qoʻyish uchun maxsus xari yogʻoch zarur boʻlib qolib, uni topishning imkoni boʻlmaydi.

    Rivoyat qilishlaricha, masjid qurilayotgan yerga yaqin boʻlgan Joʻyishahar arigʻiga gʻoʻza poyasi oqib kelib, odamlar uni chetga chiqarib qoʻyadilar. Ertalab chiqib koʻrsalar, oʻsha gʻoʻzapoya oʻrnida ulkan xari turgan emish. Ustalar xarini olib, joyiga qoʻyib koʻrsalar, biroz kalta ekan. Shunda ustalar Sulton Sayyid Jaloliddinga maslahat solishibdi. U kishi “Temirni choʻzsa uzayadi, nega endi yogʻoch uzaymas ekan, tortib, choʻzinglar zora uzayib ketsa”, deydi. Shayxning soʻzi bilan gʻoʻzapoyani ikki tomonga tortsalar, u choʻzilib, bir toʻsin paydo boʻlgan va oʻz oʻrniga tushgan ekan.

    Yana boshqa bir rivoyatda naql qilinishicha, Sulton Sayyid Jaloliddin — Kosoniy bir kishini shayx Zunun Misriy-Yumaloqshayx oldiga yuborib, qurayotgan masjidi xarisi uchun bir dona yogʻoch yuborishini iltimos qiladi. Oʻz davrining buyuk tabibi va soʻfisi boʻlgan shayx Misriy bir dona gʻoʻzapoyani ushlab, otga minib kelib, qoʻlidagi niholni ariq chetiga oʻtqazib, ikki rakaat namoz oʻqigach, Allohning inoyati ila ushbu nihol oʻsib, tezda azim daraxtga aylangan va daraxt tanasi xari uchun ishlatilgan ekan.

    Bu rivoyatlar tarixiy haqiqatga yaqin yoki uzoqligi borasida fikr yuritish mushkul. Toʻraqoʻrgʻonlik mutafakkir Isʼhoqxon Ibratning “Fargʻona tarixi” asarida Sulton Sayyid Jaloliddin haqidagi maʼlumotlar zikr qilingan. Muallifga koʻra, Koson shahriga arablar islom dinini olib kirganlaridan soʻng musulmon madaniyati va dinini mustahkamlash maqsadida Bagʻdod shahridan Sulton laqabli oʻn ikki kishi kelib, Koson shahrida turgan ekan. Ulardan biri Sulton Jaloliddin Somoniy boʻlib, bu kishi Gʻoʻzapoyamozor gumbazida dafn etilgan. Darhaqiqat, bu yerda nafaqat masjid, balki maqbara ham mavjud boʻlgan. Qizigʻi shundaki, mazkur maqbara Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasiga oʻxshab bunyod etilgan.

    Isʼhoqxon Toʻra Ibrat bunday bayon etadi: “Ammoki, Koson demak shul ekanki, arablar tarafidan madaniyati arabni mahkam qilmoq uchun Bagʻdod shahridan Sulton laqabli 12 kishi dini muhammadiyani intishor qilmoqda, ilm oʻrgatmoqda boʻlib, Kosonda turgan ekanlar. Kosoniylar alarni hurmat qilib, oʻzlari forsiy soʻgʻd tili ilan Sultonlar zikr qilgan Kason deb zikr qilur ekanlar. Koson demak — kishilar demak. Forsiyda bu alfoz koʻp aytilib, ismi Koson boʻlib ketgan ekan, chunonchi, oʻshal sultonlarning birlari Sulton Jaloliddin Somoniy, yaʼni Gʻoʻzapoyamozordagi gumbazda yotgan kishidurlar. Ikkinchilari, Qalmoq arigʻi boʻyida gumbazda yotgan Sulton Muhammad qozi degan kishi. Boʻlaklari atrofi Kosondadurlar”.

    Taʼkidlab oʻtish joizki, Isʼhoqxon Toʻra Ibratning Koson nomi kelib chiqishidagi oʻn ikki sulton bilan bogʻliq rivoyati va Sulton Jaloliddin Somoniy haqida yozgan maʼlumotlari, Sayfuddin Axsikandariyning “Majmua at-tavorix” asarida ham oʻz ifodasini topgan. Mazkur ziyoratgoh majmuasi haqida Germaniyaning Ernst Vazmut nashriyotida sanʼatshunos olim E.Kon-Vinerning 1930-yilda chop etilgan “Turan: Islamische baukunst In mittelasien” (“Turon: Markaziy Osiyodagi islom meʼmorchilik sanʼati”) kitobida ham maʼlumotlar keltirilgan (Ahmadaliyev T. Namanganning oʻrta asrdagi meʼmoriy qiyofasi (Sulton Sayyid Jaloliddin maqbaralar majmuasi asosida); Markaziy Osiyo arxeologiyasi, tarixi va madaniyati xalqaro ilmiy konferensiya maʼruzalarining tezislari) mazkur ziyoratgoh yuzasidan izlanishlar olib borgan T.Ahmadaliyev bu haqda, jumladan, quyidagilarni keltiradi:

    “Namangan viloyatining Kosonsoy shahriga tegishli, hozir buzilib ketgan (birgina masjid binosi saqlanib qolgan) Sulton Sayyid Jaloliddin maqbaralar majmuasi muayyan bir sanʼat qirralarini davriy qiyofasida namoyon etgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu maqbarani oʻrgangan tadqiqotchi olimlar ularni sharqiy, oʻrta va janubiy deb ataganlar. Maqbaralar oʻrni erkin holda bir-biri bilan birikkan tarzda loyihalanishi bu nomlanishlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Maqbaralarning ikkitasi sharqiy va gʻarbiy tomonda, uchinchisi esa janubda joylashgan. Janubiy maqbaraning oʻyma sopol terrakota texnikasida bajarilgan bezaklari, yozuvlari Oʻzgan majmuasidagi maqbaralarga xos uslubda boʻlib, tadqiqotchi olimlar diqqatini jalb qilgan. Janubiy peshtoq tarzida saqlanib qolgan hashamatli arabiy oʻyma yozuvni M.Ye.Masson tarjima qilgan boʻlib, unda “Davlatimiz faxri, gʻururi, din va millat tuzuvchi sultonlarning sultoniga shon-sharaflar, 741 h.y. 1340-1341 m.y.” yozuvi bitilgan... Taʼkidlash joizki, X-XII asrlar vodiy arxitekturasining qiyofasi Oʻzgan majmuasi, 1152 va 1187-yildagi maqbaralar, XI asr minorasi va Safed Bulon qishlogʻidagi Shoh Fozil maqbaralari asosida oʻrganilar edi. Bu davrning meʼmoriy qiyofasini oʻzida mujassam etgan Sulton Sayyid Jaloliddin maqbaralar majmuasi ulardagi anʼanalarning davomchisi sifatida eʼtirof etishga loyiqdir”.

    Kosonsoylik mashhur meʼmor va hattot Muhammad Aminxoʻja Kosoniy Qoʻqon xonligi davrida olib borilgan koʻplab qurilish ishlarida faol qatnashgan va oʻzi bir necha bino qurgan hamda qadimiy meʼmoriy obidalarni taʼmirlab, imoratlar peshtoqiga nozik harflar bilan yozuvlar bitgan. Jumladan, Kosonsoyda yashab oʻtgan mashhur shayx va olim Sayyid Jaloliddin Somoniy xotirasiga qurilgan maqbarani Muhammad Aminxoʻja Kosoniy 1809-yili taʼmirlab, maqbara devoriga taʼmirlash tarixini nazm bilan bitib qoʻygan. XX asrning 30 yillari tuman hududini tadqiq qilgan rus olimi B.Ye.Zasipkin maqbara tarixini ham oʻrgangan. U maqbaraning ayrim qismlaridan namunalar hamda maqbaraga tegishli baʼzi qoʻlyozma va hujjatlar hamda maqbaraning oʻsha davrdagi holati tushirilgan fotosuratlarni Rossiyaga olib ketgan. Aynan shu maʼlumotlar hozir Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi mashhur Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.

    Kosonsoylik mashhur usta Kamoliddinxoʻja otaning eslashicha, 1974-yili Gʻoʻzapoyamozor masjidini ochib, taʼmirlash paytida masjid toʻsinlari orasidan gʻoʻzapoya misoli yoʻgʻoch toʻsin chiqqan va bu yigʻilganlarni hayratga solgan. Shuningdek, oʻtgan asrning 60 yillarida maqbarani rus va tatar fuqarolari uchun turar joy qilib berish maqsadida bino yertoʻlasi ochilganida ham butun bir binoni ulkan yogʻoch koʻtarib turganini koʻrib, bu yerda hozir boʻlganlarning barchasi ajablangan ekan. Bundan ham hayratlanarlisi, oʻsha ulkan yogʻoch gʻoʻzapoya daraxti tanasi ekan. Bu haqda bir qancha rivoyatlar mavjud. Rivoyatlar afsonaday tuyulishi mumkin, lekin Lotin Amerikasi va Hindistonda koʻp yillik gʻoʻzapoya daraxti oʻsishini hisobga olsak, har qanday rivoyat ortida haqiqat yotishini anglab yetamiz. Ushbu gʻoʻzapoya daraxti hozir ham saqlanib qolgan boʻlib, ziyoratchilarni hamon hayratlantirmoqda.

    Yertoʻlaning sharqiy qismida yer osti yoʻlining boshlanish qismi saqlanib qolgan. Bu yoʻl 40 ta hujraga olib borgan. Mana, sizga sayyohlarga koʻrsatish mumkin boʻlgan sirli maskan.

    Fazliy Namangoniyning “Majmuai-shoiron” tazkirasining (1821) 472-sahifasida “Dar fazli Muhammad Amin Kosoniy” (“Muhammad Amin Kosoniy fazilati haqida”) sarlavhasi ostida quyidagilar yozilgan: “Muhammad Aminxoʻja Qoʻqon xonligi davrida olib borilgan koʻpgina qurilishlarda faol qatnashdi, bir necha binolarni qurdi, qadimiy meʼmorchilik obidalarni taʼmirladi, imoratlar peshtoqiga nozik harflar bilan tarixlar bitdi. Jumladan, Kosonda yashab oʻtgan Sulton Sayyid Jaloliddin xotirasiga qurilgan maqbarani (bu maqbaraga Kosonsoy shahridagi Gʻoʻzapoya masjidi yonida boʻlgan) Muhammad Amin Kosoniy 1809-yilda taʼmir qildi va taʼmirlash tarixini maqbara devoriga nazm bilan quyidagicha bitdi: “Sar furulʼ burdon va joy bi hash dar bazmi huzur kashf shud tarixi sol az ravzai Sulton Jalol”. Mazmuni: “Uning huzuri bazmida boshimni quyi solib oʻylasam, ravzai Sulton Jalol degan soʻzdan taʼmirlangan yili tarixi hosil boʻldi”.

    Kosonsoy - usta hunarmandlar yurti

    Rivoyatlarga koʻra, qadim zamonda bir podshoning yolgʻiz oʻgʻli tuzalmas dardga chalinib, yotib qolibdi. Hech qanday davo kor qilmagach, bir tabib bunday debdi: “Shahzoda tuzalishi uchun bir tomonida togʻ, ikkinchi tomonida koʻm-koʻk vodiy-bogʻ, ostida zilol suvli soyi bor joyni topasiz. Suvga tilladan sherning haykalini yasatib, tashlab qoʻyasiz. Oʻgʻlingiz har tong togʻdan kelayotgan, tilla singdirilgan zilol suvda yuvinib, shu suvdan ichib, togʻ shabbodasidan nafas oladi, vodiyni tomosha qilib zavqlanadi, koʻzi quvnaydi, natijada bir yilda darddan forigʻ boʻladi”.

    Podsho tabibning bu gaplaridan soʻng ayonlariga shunday joyni topishni buyuribdi. Lashkar va choparlar bir necha vaqtdan soʻng tabib aytgan joy bor ekani xabarini olib kelibdilar. Dardmand shahzodani ular aytgan joyga olib borishibdi. Podsho tabib aytgan shartlarni bajarish uchun bir necha kishini shu yerda qoldirib, yurtiga qaytibdi. Oradan bir yil oʻtib, podsho oʻgʻlidan xabar olgani kelibdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, shahzoda sogʻayib, yura boshlagan ekan.

    Bu sinoatni koʻrgan podsho bu joyni shaharga aylantirishga niyat qilibdi va oʻz yurtidan turli kasb egalari - novvoylar, kosiblar, degrezlar, kulollar va boshqa usta-hunarmandlarni bu yerga koʻchirib keltiribdi. Shunday qilib, “kosibon” hunarmandlar shahri boʻlmish Koson shahri bunyod boʻlibdi. Bugun tumanning markazi boʻlmish Kosonsoy shahri darhaqiqat qoʻli gul usta hunarmandlar va ularning xaridorlari bilan yana-da gavjum. Ayni paytda tumanda istiqomat qilayotgan 212 mingga yaqin aholining aksariyati yuqorida sanab oʻtilgan hunar turlarining qaysi biri bilandir mashgʻul.

    Bugungi kunda milliy hunarmandchiligimiz sayyohlar diqqatini jalb qilishda ham muhim oʻrin tutadi. Shunday ekan, mamlakatimiz turizmini rivojlantirishga hissa qoʻsha oladigan hudud sifatida Kosonsoyning ham Oʻzbekistonda oʻz oʻrni, oʻziga xos nufuzi boʻlishi shubhasiz.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri