“Ko'zni yumgil, ko'zga aylansin ko'ngil”

    "YAngi O'zbekiston" gazetasining shu yil 31 iyul` sonida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Xolmanovaning “Ko'zni yumgil, ko'zga aylansin ko'ngil” sarlavhali maqolasi chop etildi. Quyida maqola bilan tanishishingiz mumkin.

    Buyuk mutafakkirning bu mazmundor satrlari hammaga yaxshi tanish. Ko'zga aylangan ko'ngillar haqida bilasizmi? Bilasiz! O'qigansiz, ko'rgansiz yoki o'zingizda sinagansiz. Men o'zim bilganim – “ko'zga aylangan bir ko'ngil” haqida so'z yuritmoqchiman.

    Munavvara Qurbonova. Bu ism-familiya ilm ahli xayolida bolalar nutqi, psixolingvistika, sotsiolingvistika, pragmalingvistika bo'yicha mutaxassis siymosini jonlantiradi. Talabalar shuurida imkoniyati cheklangan bo'lishiga qaramay, puxta ishlangan taqdimotlar bilan dars o'tadigan, mavzuni qiziqarli va qulay usullar bilan tinglovchiga etkazadigan mohir pedagog siyrati namoyon bo'ladi. Hammaslaklar o'z kasbining fidoyisi, intizomli, berilgan vazifa, topshiriqlarni o'z vaqtida ado etadigan mas'uliyatli shaxsni anglaydi. Qo'ni-qo'shnilar, mahalla-ko'y qaddi basti kelishgan, qop-qora ko'zlari sizni ko'rib turganday tasavvur uyg'otadigan tiyrak, go'zal qizni tasavvur qiladi.

    U ko'zi ojiz bolalar maktabini imtiyozli guvohnoma bilan tamomlab, respublika fan olimpiadasi g'olibi sifatida Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining o'zbek filologiyasi fakul`tetiga imtiyozli qabul qilindi. Oliy ta'lim muassasasida o'qib yurgan kezlariyoq O'zMU stipendiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, yoshlar tashkiloti stipendiyasi sovrindori bo'ldi.

    Munavvarani O'zbekiston Milliy universitetining bakalavriat bosqichida tahsil olgan davrlaridan beri bilaman. Imkoniyati cheklangan bo'lishiga qaramay, ilg'orlar safida edi. O'sha yillari tashkil etilgan “Lingvist” to'garagining faol a'zosi, talabalarning ilg'ori edi. Ana shu davrlarda yosh tadqiqotchida shijoat, ilmga intilish, yangilikka shahdu shiddatni tuyganman.

    Bakalavriat bosqichidagi a'lo o'qishi, ijtimoiy sohalardagi faol ishtiroki, ilm sohasidagi yutuqlari uchun u Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo'ldi. Nomdor stipendiant sifatida “Lingvistika (o'zbek tili)” magistratura mutaxassisligiga imtiyozli ravishda qabul qilindi. Bolalar nutqiga oid maqolalar yoza boshladi.

    YOsh izlanuvchi shu kunga qadar ma'naviy-ma'rifiy sohadagi xizmatlari, tinimsiz ilmiy izlanishlari natijasida ko'plab yutuqlarga erishdi. Respublika miqyosida o'tkazilgan fan olimpiadalari, ilmiy ishlar hamda innovatsion g'oyalarga asoslangan loyihalar tanlovlari g'olibi, qator nomdor stipendiyalar, mukofotlar sovrindori bo'ldi. “O'zbek bolalar nutqi leksikasining sotsiopsixolingvistik tadqiqi” mavzusidagi dissertatsiyasini muddatidan avval yoqlab, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor bo'ldi va o'zbek olimalari safidan munosib o'rin egalladi.

    YOsh olima 2010 yilda BMT Taraqqiyot dasturining ko'zi ojizlar uchun mo'ljallangan “Komp`yuter savodxonligi” kursi hamda ko'zi ojizlar uchun JAWS dasturi asosida komp`yuter savodxonligi bo'yicha faoliyat ko'rsatayotgan o'qituvchilar malakasini oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatlar bilan taqdirlandi.

    “Ko'rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo'yicha audiokitob ta'minotini yaratish” davlat amaliy granti loyihasini amalga oshirish orqali O'zbekistonda ko'zi ojizlar ta'limini rivojlantirishga qo'shgan munosib hissasi hamda ko'zi ojiz insonlarning komp`yuter savodxonligini oshirishga qaratilgan faoliyati uchun taqdirlandi.

    YOsh tadqiqotchi 2016 yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. U 2018 yilda filologiya fanlari doktori, professor Durdona Lutfullaeva rahbarligida “O'zbek bolalar nutqining pragmatik xususiyatlari” mavzusida dissertatsiya yoqlab, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor bo'ldi.

    Olima 2018-2020 yillarda “Ko'zi ojiz shaxslar uchun komp`yuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o'qish va yozish imkonini beruvchi o'zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta'minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat amaliy granti loyihasiga rahbarlik qilib, loyiha ilmiy jamoasi bilan birgalikda o'zbek nutq sintezatori — o'zbek tilidagi matnlarni ovozli xabarga aylantiruvchi dasturni ishlab chiqqan.

    Milliy nutq sintezatori, ayniqsa, ko'zi ojiz shaxslarning o'zbek tilidagi elektron hujjatlar bilan mustaqil ishlashi uchun qulay interfeys hisoblanadi. Sun'iy intellekt texnologiyasiga asoslangan o'zbek nutq sintezatori til birliklarini fonetik qonuniyatlar, adabiy talaffuz me'yorlariga muvofiq tarzda aks ettiradi. Mazkur loyiha ilmiy jamoasi bilan birgalikda “O'zbek tili o'zlashma so'zlarining urg'uli lug'ati” nomli asarni nashr ettirdi.

    Munavvara Qurbonova 2018 yilda “O'zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” I respublika tanlovida “Ta'lim sohasidagi eng samarali innovatsion loyiha” nominatsiyasi bo'yicha mutlaq g'oliblikni qo'lga kiritib, sertifikat va diplom bilan taqdirlandi. 2019 yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta'sis etilgan “Innovatsion g'oyalar etakchisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

    Tadqiqotchi tilshunoslik fanlariga oid ikkita monografiya, komp`yuter lingvistikasiga oid ikkita dasturiy mahsulot, bitta o'quv-uslubiy lug'at, bosma va audiokitob shaklidagi bitta o'quv qo'llanma, ikkita uslubiy ko'rsatma, xorij va respublika nashrlarida e'lon qilingan 120 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi. Etakchi olimlar muallifligidagi 3 ta darslik, 5 ta o'quvuslubiy qo'llanmaning audiokitob shaklidagi nusxalari, tilshunoslikka oid dissertatsiyalar, monografiyalar va maqolalar mazmunini aks ettiruvchi 3 ta audioma'lumotlar to'plamini tayyorlagan.

    Mamlakatimizda ilm ahliga ko'rsatilayotgan e'tibor samarasini bir olima misolida ko'rib amin bo'ldikki, fanning yuqori cho'qqilarini zabt etish uchun barcha imkoniyat muhayyo. Faqat qalb ko'zini ilmning hayotbaxsh nurlariga ochish, intilishdan to'xtamaslik zarur. Munavvara mana shu imkoniyatni teran ilg'agani tufayli shu yutuqlarga erishdi.