Oʻzbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz tadbirkorlari bilan olib borilayotgan manzilli ishlar doirasida Urganch shahridagi “Sevinch Medical Centre” xususiy korxonasi va Malayziyaning “KPJ Healthcare Berhad” kompaniyasi vakillari oʻrtasida videokonferensiya tashkil etildi.

Tadbirda malayziyalik mutaxassislar bilan qoʻshma tibbiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qilindi.

Uchrashuvda malayziyalik mutaxassislarga “Sevinch Medical Centre” tomonidan bemorlarga koʻrsatilayotgan xizmat turlari, shuningdek, ularni davolash uchun yaratilgan sharoit va infratuzilma haqida maʼlumot berildi. Xususan, markaz umumiy, bolalar, yurak-qon tomir, plastik, endokrinologik va neyroxirurgiya kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan tibbiyot markazi vakillari Malayziya muassasalari bilan qon-tomir va endokrinologik kasalliklarni davolash va oldini olish, flebologiya, plastik jarrohlik, shuningdek reabilitatsiya markazlarini boshqarish boʻyicha tajriba almashish maqsadida sheriklik aloqalarini oʻrnatishga qiziqish bildirdi.

Oʻz navbatida, Malayziya tomoni Xorazm viloyati mutaxassislari uchun amaliyot va malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha hamkorlik oʻrnatishga tayyorligini qayd etdi.

Telekoʻprik natijasida mamlakatimiz tibbiyot mutaxassislari uchun vebinarlar, qon-tomir va endokrinologik kasalliklar, flebologiya, plastik jarrohlik boʻyicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalangan holda qoʻshma tibbiy maslahatlashuvlar oʻtkazish, malayziyalik shifokorlarni onlayn-operatsiyalarga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Maʼlumot uchun, 1981-yil Johor shtatida birinchi xususiy ixtisoslashgan klinikalardan biri sifatida ish boshlagan “KPJ Healthcare Berhad” kompaniyasi Malayziya sogʻliqni saqlash tizimidagi yirik va yetakchi xususiy kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Bugun “KPJ” mamlakatda 26 ixtisoslashtirilgan kasalxonaga ega, Indoneziya, Bangladesh va Tailandda klinikalari mavjud. Kompaniyada 1 ming 200 dan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi va yiliga 2,8 milliondan ziyod bemorga xizmat koʻrsatiladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, “KPJ Healthcare Berhad” kompaniyasining universitet tibbiyot kollejida 30 yoʻnalish va mutaxassislik boʻyicha bakalavr, magistr va doktorantura darajalarida taʼlim beriladi. Hamshiralik ishi, farmatsevtika, menejment, psixologiya, radiologiya, fizioterapiya, rentgenologiya, umumiy jarrohlik, ortopediya va travmatologiya shular jumlasidandir.