Kuchli ijtimoiy himoya– davlat siyosatining muhim yoʻnalishdir

    Fikr 31 May 2023 731

    Keyingi yillarda mamlakatimizda inson omili oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni istaydilar”, degan tamoyilni ilgari surishi va bu davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishida ham aynan shu mazmun-mohiyat mujassam.

    Barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz: majburiy mehnatga chek qo‘yildi, aholi murojaatlari bilan ishlovchi samarali tizim yaratildi, odamlarni uy-joy bilan ta’minlash borasida salmoqli ishlar qilindi, qishloq va mahallalarda yashash sharoiti yaxshilandi, ishsizlik kamaytirildi, bir qancha sohalar vakillarining maoshi oshirilib borilmoqda. Bunday ijobiy o‘zgarishlarni yana uzoq sanashimiz mumkin. Eng muhimi, O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha hech qachon bo‘lmagan bunday ko‘lamdor yangilanishlar kelgusida ham izchil davom ettirish maqsadida yangilangan Konstitusiyamizga ham muhrlandi.

    Yangilangan Konstitutsiyamizning 1-moddasiga qaraydigan bo‘lsak Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.

    Tariximizda ilk bora Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Yaʼni, insonga eʼtibor hamda gʻamxoʻrlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanmoqda.

    Yangilangan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan aholi salomatligini asrash, ta’lim sohasini isloh qilish, atrof muhitni muhofaza qilish, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar koʻpaygan.

    Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

    Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlanmoqda.

    Aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.

    Koʻp uchraydigan 20 turdagi kasalliklar boʻyicha birlamchi boʻgʻindagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshirildi.

    Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar taʼlim sohasiga oid koʻplab modda va normalarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Ya’ni fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

    Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi ham belgilanmoqda. Endilikda tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilarga maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblar o‘rgatiladi.

    Nogironligi bor bolalarga oʻz tengdoshlari bilan bir xil taʼlim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish koʻzda tutilgan. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv taʼlim sifatida Konstitutsiyaga kiritildi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.

    Eng asosiy o‘zgarish o‘qituvchilarning maqomi bilan bog‘liq. Ya’ni, 52-moddada avval bo‘lmagan yangi norma kiritilmoqda. Unga ko‘ra, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Ushbu normalarning Konstitutsiyaga kiritilishi zamonaviy o‘zbek pedagogikasida yangi davrni boshlab berishi shubhasiz. Bu qoidalar mamlakatimizdagi oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etilmoqda. Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-oʻqituvchilar va talabalarning oʻquv jarayonidagi mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi. Jumladan, keyingi yillarda koʻplab nodavlat oliy oʻquv yurtlari ochildi, xorijiy universitetlar filiallari soni ortmoqda, 41 ta davlat oliy oʻquv yurtiga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.

    Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va moʻtabarligini barqaror taʼminlashga xizmat qilajak.

    Endi farzandlar tarbiyasi, ularga taʼlim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilanmoqda. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida e’tirof etildi.

    Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanadi. Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini taʼminlashda, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga ega.

    Yangilangan Konstitutsiyamizda homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilanmoqdaki, bular davlatimizda gender tengligi prinsiplari toʻlaqonli amal qilishiga olib kelishi tayin.

    Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi ham mustahkamlandi.

    Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda ragʻbatlantirishi qayd qilinmoqda. Bu yangi norma ish bilan taʼminlanmagan fuqarolarni kambagʻallik holatiga tushib qolishining oldi olishga yoki kambagʻallik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish boʻyicha davlat tomonidan tegishli choralar koʻrilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi.

    Har kim ishsizlikda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga egaligi mustahkamlanyapti. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilmoqda.

    Konstitutsiyada bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligi, jismoniy, aqliy va maʼnaviy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi bolalar mehnatining har qanday shakllari taqiqlanishi belgilanmoqda. Shukurki, bugungi Oʻzbekistonda uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy taʼsir qilib kelgan majburiy mehnatga toʻliq barham berildi.

    Bu va yana boshqa ko‘plab ijobiy o‘zgarish hamda qo‘shimchalar Yangi O‘zbekistonning yangilangan Bosh Qomusi, avvalo, inson uchun, uning baxtli va farovon hayotini yaratish uchun xizmat qilishidan yaqqol darak beradi.

    Ma’murjon Qo‘chqorov

    Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi