Yurtimizda sifati kafolatlanmagan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, Davlat bojxona qoʻmitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan hamkorlikda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining yashirin aylanmasiga qarshi tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Tadbir davomida, poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan dorixonalardan biri oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirilganida, dorixonada fuqaro M.A. tomonidan retseptsiz tarzda 363 dona kapsulada kuchli taʼsir qiluvchi “Zardeks Gabapentin 300mg” dori vositasi sotilayotgani aniqlandi.

Shuningdek, ushbu dorixonadagi fuqaro M.Sh. ham oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirilganida, uning yonidan 200 dona kapsulada “Zardeks Gabapentin 300mg” dori vositasi borligi maʼlum boʻldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro M.S.ning yashash xonadoni ham oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirilganida, xonadonda 76 dona kapsulada “Zardeks Gabapentin 300mg” dori vositasi va gugurt qutisida 1 dona marixuna giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 639 dona kapsulada kuchli taʼsir qiluvchi “Zardeks Gabapentin 300mg” dori vositasi va 1 gramm marixuana giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.