Oʻsmirlik davrida nazariy dunyoqarash oʻzgaradimi?

Sir emas, maktabda yuqori sinflarda tahsil oluvchi oʻsmir yoshlar har narsaga qiziquvchan, yangilikka oʻch, qolaversa, xissiyotlarga beriluvchan boʻladilar. Psixologlarning fikriga koʻra, oʻquvchi qizlar orasida oʻzining yangi qirralarini kashf etishga intilish koʻproq kuzatiladi. Xoʻsh, nima uchun yuqori sinf oʻquvchilari his-tuygʻularga chuqur beriluvchan boʻladilar? Nega aynan qizlar koʻproq kundalik yozadi?

Muattar Meyliyevapsixolog:

– Maktabning yuqori sinf oʻquvchilari, asosan, oʻsmirlik davrini tugatib, oʻspirinlik davriga qadam qoʻyayotgan boʻladilar. Qizlar orasida biz xotira daftarini tutish hollarini juda koʻp kuzatamiz. Bunga sabab aynan oʻsha qizlarni sinfdoshlarining orasida yozma ravishdagi oʻzaro munosabatlarni oʻrnatish deya fikr yuritishimiz mumkin. Nega desangiz, ular har kuni bir sinfda, bir maktabda tahsil oladigan dugonalaridan esdalik sifatida yozma oʻz munosabatini bildirishini soʻraydi. Bu bilan daftar egasi vaqti kelib har kuni koʻrolmaydigan sinfdoshining oʻtmishda qoladigan siymosini saqlab qoladi. Nima uchun aynan oʻquvchi qizlarda xotira daftari tutish koʻproq uchraydi, degan savolga bu aynan oʻsha oʻsmirlik va oʻspirinlik davrida qizlarda boʻladigan psixologik oʻzgarishlardan aynan aytadigan boʻlsak, oʻspirinlikda qizlarda nazariy dunyoqarashni yaxshi rivojlanganligi, insonlarni nafaqat tashqi koʻrinishiga koʻra, balki ichki dunyosi, insoniy fazilatlariga eʼtibor berish kerakli ekanligini tushunib yetishlaridandir deb hisoblashimiz mumkin.

“Kundalik yozar ekanman, unda fermer ham boʻlganman, injener ham…”

Psixologlarning fikriga koʻra, oʻsmirlik va oʻspirinlik davrlari 6-9-sinflarni oʻz ichiga oladi va aynan mana shu davrlarda oʻquvchilarni turli sohalarga qiziqishlari koʻp kuzatiladi. Bu qiziqishlarni oʻquvchilarning boʻlajak kasblarini tanlash jarayonining boshlangʻich nuqtasi deb ham atashimiz mumkin. Nega deysizmi, chunki kasb tanlashda birinchi qiziqish muhim ahamiyatga ega. Agar qobiliyati boʻla turib qiziqishi yoʻq boʻlsa, tanlangan kasbni egallash qiyin boʻladi.

Maftuna Rahimova, “Art classic studio” rassomchilik maktabi direktori:

– Men 6-sinfligimdan kundalik tutib boshlaganman. Ilgari unga faqat kunlik tafsilotlar yozib borardim. Keyinchalik esa kitoblar mutolaa qilib borganim sari soʻz boyligim ortib, dunyoqarashim oʻzgarib bordi. Bunda yana kundalik taʼsir etdi menga. Kundalik yozar ekanman, unda fermer ham boʻlganman, injener ham, kompyuter ustasi, tikuvchi ham boʻlganman. Ammo rasssomchilikka boʻlgan boʻlak muhabbatim daftar hoshiyalariyu sahifalariga chizib tashlangan turli xil suratlardan bilinib turar edi. Demak kundalik kasb-hunar tanlashning ilk nuqtasi ham boʻlishi mumkin ekan gohida. Oʻtkan kunlarimni sogʻinsam uni varaqlayman, xotiralarimni oʻqiyman, goh kulaman, goh yigʻlayman. Bugun ham kundalik yozib turaman. Bir soʻz bilan aytganda, men qancha vaqtda, qanchalik darajada ulgʻayayotganimni kuzataman kundalik orqali.

“Yoshlar ayni sirlashishga ehtiyoji ortganda kundalikka suyanadi…”

Xotira daftarini varoqlagan inson ayrim fikrlardan kuladi, ayrimlarini oʻqib esa oʻyga choʻmadi. Yoshi ulugʻ yurtdoshlarimizning fikriga koʻra, qizlar orasida kundalik yozish, xotira daftari tutish ancha yillardan buyon mavjud.

Shohida Salimova, tikuvchi:

Men 1969-yil Toshkent shahridagi 11 maktabni tamomlaganman. Biz ham yoshlik kezlari esdalik daftari, kundalik daftari kabilar yozib, oʻzimizcha sheʼrlar qoralab yurardik. U daftarni chiroyli yozuv bilan toʻldirib, mashxur kino aktyorlari, aktrisalarini suratlari bilan bezar edik. Rasm chizishga qobiliyati borlar turli rasmlar chizib bezatar edilar. Men bunday daftarlar tutmaganman, lekin menga koʻp bor shunday daftar berishgan. Unga hammadan chiroyli tilaklar yozishga intilardim. Menimcha, yoshlar ayni sirlashishga ehtiyoji ortganda kattalarga yoki doʻstlariga aytolmagan gaplarini kundalikka suyanadi. Kundalik yozish qachon boshlanganini bilmayman. Ammo shuni bilamanki, bu odat bugungacha yetib kelibdimi, bundan keyin ham yashayveradi. Faqat kattalar sirdoshga ehtiyoj farzandlarini beeʼtibor qoldirmasa kifoya.

Yuqoridagi fikrlarni tahlil qilar ekanmiz, yoshlarda, ayniqsa, oʻsmir qizlarda yozma sirlashishga ehtiyoj kuchli degan fikrga kelamiz. Shunday emasmi? Umuman har bir qiziqish niholga oʻxshaydi. Unga alohida eʼtibor bilan qaralsa, u yanayam gullab yashnaydi, badiiy asarga aylanishi ham hech gap emas. Bu esa kattalardan ozgina eʼtibor va mehr talab etadi, xolos.

Yulduz Oʻrmonova