Kunlik mehnat markazlari tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 28 Oktabr 2020 1464

    Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati quyidagilarni maʼlum qildi.

    Vazirlar Mahkamasining “Kunlik mehnat markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

    Kunlik mehnat markazlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

    vaqtinchalik bir martalik ishlarga yollanishda roʻyxatga olingan fuqarolarga xizmatlar koʻrsatish;

    vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarish uchun roʻyxatga olingan fuqarolarni ishga yollashda ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, jumladan, buyurtmalar olish;

    vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolarni oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtishi va elektron (qogʻoz) shakldagi maʼlumotnoma olishiga shart-sharoit yaratish;

    vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolarni oʻz xohishiga koʻra amalga oshirayotgan faoliyat turlari (xizmatlar) reklama shaklida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet orqali bepul eʼlon qilish;

    vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi fuqarolarni korxona va tashkilotlardagi boʻsh (vakant) ish oʻrinlari bilan muntazam tanishtirib borish va doimiy ishga joylashishlariga koʻmaklashish;

    vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan shugʻullanuvchi shaxslarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, kasbga tayyorlash (qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ni tashkil etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratish;

    manfaatdor ish beruvchilar va vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi shaxslar ishtirokida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini oʻtkazib borish;

    vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan shugʻullanuvchi fuqarolarga mehnat qurollari (payvandlash apparatlari, perforatorlar, oʻsimliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik va qurilish uskunalari va hokazolarni), shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlarni ijaraga berish;

    vaqtinchalik bir martalik ishlar bilan shugʻullanuvchilarning murojaatlariga asosan ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilishni taʼminlash;

    mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish masalalari boʻyicha vaqtinchalik bir martalik ish bilan band boʻlganlar hamda ish beruvchilarga maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish, ish jarayonida baxtsiz hodisalar va jarohatlanish holatlarining oldini olish borasida tushuntirish-targʻibot ishlarini olib borish;

    vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi fuqarolar uchun zarur ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish;

    jamoat tartibini saqlash, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolar tomonidan qonunchilikni buzish holatlarining oldini olish.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 6 oy muddatda “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushiradi.

    Bunda quyidagilarni:

    - oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish;

    - oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning faoliyat turlariga (xizmatlariga, ishlariga) ehtiyoji bor buyurtma beruvchi (jismoniy va yuridik shaxs)lar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish;

    - oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;

    - oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor korxonalar oʻrtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish;

    - koʻrsatilgan xizmatlar (ishlar) sifatini baholash va ish beruvchilar tomonidan fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyatini yaratish;

    - smartfonlar, planshetlar va boshqa mobil qurilmalarda ishlashga moʻljallangan mobil ilova yaratishni nazarda tutadi.