Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4881-sonli qarori milliy sport turimizga boʻlgan qiziqishni yana-da ortishiga sabab boʻldi.

Ushbu qaror ijrosi yuzasidan koʻplab musobaqalar tashkil etib kelinmoqda.

Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan “Oʻzbek polvoni” musobaqasi gilamida erkaklar – 73kg,- 81 kg,- 90 kg, -100 kg vazn toifasida, ayollar 3 ta – 57 kg, -63 kg, +63 kg vazn toifalarida kurash olib bordilar.

Yuqoridagi qarorning “Yoʻl xaritasi” 6-bandiga muvofiq oʻtkazilgan bu musobaqadan maqsad davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida kurashni yana-da ommalashtirish bu orqali xodimlarining jismoniy rivojlanishini takomillashtirish, jismoniy tarbiya va ommaviy sportga, milliy sportimiz kurashga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, kurashni umumxalq sporti sifati keng targʻib etishdir.

Musobaqada Respublikamizning barcha viloyatlaridan 100 dan ortiq polvonlar qatnashdilar. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” DK, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish” DQ, Transport vazirligi, “Suv xoʻjaligi vazirligi”, Toshkent toʻqimachilik yengil-sanoat instituti, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekkoʻmir” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Oʻzagrokimyohimoya”AJ , AGMK , “Sanoat qurilish bank”, “Monopoliyaga qarshi kurashish” qoʻmitasi, “Oʻzbekiston Milliy Olimpiya” qoʻmitasi, “Davlat soliq qoʻmitasi”, “Uzmetkombinat” AJ, “Regionalgeologiya” DUK, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, Qarshi Davlat universiteti, , “Xalq banki” AT, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi, Urganch davlat universiteti, “Oʻzbekiston Yoshlik sport”, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida faoliyat olib borayotgan xodimlar gʻoliblik uchun oʻzaro bellashdilar.

Bu musobaqa jamiyatimizning turli jabhalarida faoliyat olib borayotgan kishilarni oʻzida birlashtirdi. Bu orqali Oʻzbekiston polvonlar yurti ekanligi, polvonlik kasb, soha, yosh tanlamasligi yana bir bor isbotini topdi. Gilamga chiqqan har bir tashkilot polvoni gʻoliblik, oʻz tashkiloti shaʼni uchun bellashdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Kurash Federatsiyasi Prezidenti Nigʻmatilla Yoʻldoshev, Olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoobduraxmonov, kurash halqaro qoidalari asoschisi, Oʻzbekiston Kurash Federatsiyasi Prezidentining birinchi oʻrinbosari K.Yusupov, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Avaz Karimovlar ishtirok etishdi.

Murosasiz kurashlar ostida oʻtgan musobaqa natijalari quyidagicha. 73 kg vazn toifasida 1-oʻrin Adizov Farruxga nasib etdi. 81 kg toifada esa Boboqulov Aziz gʻolib deb topildi. 90 kg vaznda Joʻrayev Malik shohsupani egalladi. 100 kg vazn toifasida esa Daniyarov Erkin gʻolib boʻldi.

Musobaqada gilamga chiqqan qizlarimiz ham momolari Barchinoyu, Toʻmarislarga munosib avlod ekanliklarini namoyon etdilar.

57 kg vaznda Kallibekova Bibiroza birinchilikni egallagan boʻlsa, 63 kg vazn toifasida Saurova Shaxlo gʻoliblikni qoʻlga qiritdi. +63 vazn toifasida esa gʻoliblik Primbetova Suluxanga nasib etdi.

Kurash boʻyicha ilk bora oʻtkazilgan “Oʻzbek polvoni” musobaqasining “Oʻzbek polvoni” ramzi tushirilgan kuboggi Buxoro viloyati hokimligi jamoasiga nasib qildi. Gʻolib va sovrindorlar qimmatbaho sovgʻalar hamda diplom bilan taqdirlandilar.

Oʻzbekiston kurash federatsiyasi

Matbuot xizmati