Mamlakatimizda qadimiy qadriyatlarimiz, xususan mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan milliy sportimiz boʻlgan kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu qadriyatimizni umumjahon durdonasiga aylantirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, kurashning tobora ommalashib borayotganligi nufuzli xalqaro musobaqalarni tashkil qilishga, mavjud infratuzilma va moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilishga, sport inventarlari va kiyimlari taʼminotini yaxshilashga, bu borada ishlab chiqarishni kengaytirishga, shuningdek, soha uchun malakali kadrlar, trenerlar va hakamlar tayyorlashga boʻlgan eʼtiborni yana-da kuchaytirishni talab etmoqda.

“Osiyo bolalari” Xalqaro oʻyinlari boshqaruvi yigʻilishida kurashni mazkur oʻyinlarning sport dasturiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Maʼlumot uchun aytib oʻtmoqchimiz “Osiyo bolalari” xalqaro sport oʻyinlari Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi shafeligi ostida 1996-yildan buyon toʻrt yilda bir marta oʻtkazib kelinadi. Pandemiya sababli bolalar oʻyinlari 2020-yil Moʻgʻilistonda oʻtkazilmadi va boshqa sanaga koʻchirilgan. 2019-yilda Rossiyaning Yujno-Saxalinsk shahri mezbonligida “Osiyo bolalari” birinchi xalqaro qishki sport oʻyinlari ham oʻtkazilgan edi. Ushbu musobaqada oʻzbekistonlik yosh atletlar togʻ changʻisi, figurali uchish hamda snoubord sport turlari boʻyicha 8 nafar hamyurtimiz ishtirok etgan edi.

Oʻzbek sportchilari xalqaro musobaqalarda doimo yuqori natijalarni qayd etib kelishadi. Oʻz navbatida mamlakatimiz ham bir qator yirik xalqaro sport musobaqalariga anʼanaviy mezbonlik qilib kelmoqda. Kelajakda kompleks sport musobaqalarini ham qabul qilish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston 2028-yil boʻlib oʻtadigan “Osiyo bolalari” oʻyinlarini qabul qilishga daʼvogar mamlakatlar roʻyxatiga kiritilgan.

Eslatib oʻtamiz 2024-yilgi musobaqaga Rossiyaning Yakutsk shahri mezbonlik qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati