Qurolli Kuchlar akademiyasida mazkur oliy harbiy taʼlim muassasasining Umumqoʻshin fakultetiga va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga yangi qabul qilingan yosh kursantlar “Vatanga qasamyod” qabul qildi. Shulardan 4 nafari “Toʻmaris izdoshlari” boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga yangi qabul qilingan va Vatan himoyasiga hayotini bagʻishlashga ahd qilgan qizlardir.

Shuningdek, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti, Oʻzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ham Vatanga qasamyod tantanalari yuqori saviyada oʻtkazildi.

Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi boʻlgan bayroqni oʻpib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bogʻlab, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.