Uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot uyushtirildi. Unda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda xalq farovonligi va ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasida xorijiy davlatlarda mamlakatimizga boʻlgan eʼtibor va qiziqish tabora orttib borayotgani taʼkidlandi.

Respublikamizga safar qilib, boy tariximiz, tinch, totuv va farovon yashayotgan xalqimiz hayoti bilan yaqindan tanishish istagida boʻlgan xorijliklar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Xorijiy davlatlardan Oʻzbekistonga kelayotgan sayohatchilarga yaratilayotgan qator qulayliklar esa turizm sohasini rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlanganidek, Kuvayt va Qatar fuqarolari uchun respublikamizga 10 kun muddatgacha vizasiz kirish rejimi joriy etilgani, “Kuvayt-Toshkent-Kuvayt”, “Kuvayt-Namangan-Kuvayt” yoʻnalishlarida muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani ushbu davlatlardan keluvchi sayyohlar sonini oshishiga asos boʻlmoqda.

Kuvaytlik sayyohlar Oʻzbekistonning dunyo tamadduniga hissa qoʻshgan tarixiy shaharlarini ziyorat qilish bilan bir vaqtda respublikamizning soʻlim togʻ bagʻirlarida joylashgan oromgohlarida oilaviy dam olishga qiziqish bildirmoqda.

Oʻzbekistonning Kuvaytdagi elchisi Bahromjon Aʼloyev tadbir ishtirokchilariga yaqinda Samarqand shahrida barpo etilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, respublika viloyatlarida yaratilayotgan ekoturistik maskanlar, gostronomik va rekreatsion turizm infratuzilmalari koʻplab sayyohlarni oʻziga jalb etayotganini bildirdi.

Shuningdek, mamlakatimizning tarixiy shaharlari, xalqimiz anʼanalari hamda milliy taomlari haqida hikoya qiluvchi videofilmlar namoyish etildi.

Kuvayt ayollari uyushmasi faollari Amirlikda oilaviy turizmga katta eʼtibor qaratilayotgani haqida soʻzlab berdi. Bu borada Oʻzbekistonda sayyohlarga yaratilgan qulayliklar, avvalambor mamlakatdagi tinchlik, barqarorlik, ikki davlat xalqlari qadriyatlarining oʻxshashligi muhim omil ekanini qayd etildi. Oʻzbekiston turistik salohiyatini kuvaytliklar orasida keng targʻib etish maqsadida joriy yil noyabr oyida uyushma delegatsiyasini mamlakatimizga yuborish rejasi maʼlum qilindi.