Dono xalqimizda “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda”, degan naql bor. Qishloq xoʻjaligi mahsulotaridan yuqori hosil yetishtirishni koʻngliga tukkan dehqon, albatta yerni kuzda sifatli tarzda shudgorlashga alohida eʼtibor qaratadi.
Mazkur muhim agrotexnik tadbirga Samarqand tumanida ham alohida hozirlik koʻrilmoqda. Shu maqsadda, bugun “Oʻzagroinspeksiya”ning tuman boʻlimi tomonidan kuzgi shudgorlash ishlariga bagʻishlangan amaliy seminar oʻtkazildi. Tumandagi “Chorva sut servis” fermer xoʻjaligi dala maydonida oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi, klaster korxonasi, fermer xoʻjaligi rahbarlari ishtirok etishdi.
Unda kuzgi shudgorlash ishlarini tez va qisqa muddatlarda yakunlash, yerni belgilangan chuqurlikda haydash bilan bogʻliq masalalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Maʼlumot oʻrnida: joriy yilda Samarqand tumanida 1 ming 561 gektar yer maydonida kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bir kunda oʻrtacha 86 gektar mavsum boshidan beri 701 gektar yer maydoni sifatli tarzda shudgor qilindi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.