Lak-bo‘yoq zavodi sotuvga qo‘yildi

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “UZ-DONGJU PEINT KOMPANI” MCHJ QK ustav kapitalidagi 50 foiz ulushini muzokaralarga ommaviy taklif etish yoʻli bilan sotish rejasini eʼlon qildi.

    “Rezolut” konsalting kompaniyasi va “Dentons Tashkent” advokatlik firmasi konsorsiumi ushbu Bitim boʻyicha Agentlikning maslahatchisi vazifasini bajaradi.

    Korxona 1995-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, 1999-yildan boshlab avtomobil lak-boʻyoqlari va avtomobillarga rezina jipslovchi qismlar ishlab chiqarishni boshlagan.

    Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 7,5 ming tonna avtomobil lak-boʻyoq mahsulotlarini (40 dan ziyod turda), 4,0 ming tonna qurilish va sanoat lak-boʻyoqlari mahsulotlarini (20 turdagi) hamda 240 ming tonna rezina jipslovchi qismlarini tashkil etadi.

    Korxonaning asosiy ishlab chiqarish quvvati Asaka shahrida 4,8 gektar maydonda joylashgan, qoʻshimcha ravishda Korxonaning Andijon viloyatidagi savdo markazlarida 3 ta tijorat doʻkonlari, chorvachilik yordamchi xoʻjaligi hamda Andijon tumanidagi qishloq xoʻjaligi ozuqa mahsulotlarini yetishtirishga moʻljallangan 25,4 gektar yer maydoni, Andijon viloyatining Xonobod shahrida 2,0 gektar maydondagi bogʻ hududi, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida koʻchmas mulk hamda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida 2 ta dam olish uylari mavjud.

    Korxona respublika boʻylab 22 ta rasmiy dillerlik markazlari orqali isteʼmolchilarni 80 turdagi yuqori sifatli mahsulotlar bilan taʼminlaydi. 300 ga yaqin malakali ishchilar mavjud.