“Navoiy baraka chevarlari” tikuv majmuasining ishga tushishi bilan hududdagi 90 nafar xotin-qizlarning doimiy bandligi taʼminlandi.

Bugun yurtimizda xotin-qizlarni kasb-hunarli qilish, ular uchun boʻsh ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Boisi, ayol hunarli boʻlsa, uyida hotirjamlik, roʻzgʻorida baraka boʻladi.

Xatirchi tumani markazidan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan Langar qishlogʻi aholisining ham 1441 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu yer togʻli hudud boʻlgani bois, suv tanqis, dehqonchilik qilish biroz mushkul. Odamlarning asosiy qismi chorvachilik bilan shugʻullanadi. 2019-yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan hududda ana shu muammolarni bartaraf etish, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida turli korxonalar, klasterlar tashkil etish ishlari boshlab yuborildi. Yirik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar jalb qilindi.

Yengil konstruksiyali trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan 100 oʻrinli “Navoiy baraka chevarlari” tikuv sexi joriy yilda Oʻzpaxtasanoat aksiyadorlik jamiyatining Navoiy filiali tomonidan qurib bitkazildi. Ammo qishloq uzoq hududda joylashgani bois, korxonada ishlab chiqarish, xomashyo yetkazib berishda muammolar boʻlmasmikan, degan havotir sabab birmuncha vaqt uni ishga tushirishga hech kimning yuragi dov bermadi. Nihoyat, tuman hokimi bu masʼuliyatli vazifani qishloqning mahalla, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha rais oʻrinbosari Muhabbat Ermamatovaga ishonib topshirdi. Sexning boshlangʻich narxi 1 milliard 200 million soʻmga baholanib, qahramonimizga 5 yil muddatga 10 foizli lizing asosida berildi.

— Asli kasbim oʻqituvchilik boʻlib, maktabda 12 yil oʻquvchilarga ingliz tili fanidan dars berdim, — dedi hozirda tikuv sexiga rahbarlik qilayotgan Muhabbat opa. — 2018-yilda qishloq aholisi hamda tuman hokimining tavsiyasi bilan mahalla raisining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandim. Faoliyatim davomida koʻplab oilalarning ahvolini oʻrganib, ajrimlarning aksariyatiga iqtisodiy yetishmovchiliklar sabab boʻlayotganiga guvoh boʻldim. Biz ayollarni ham munosib ish bilan taʼminlash orqali bu muammolarga barham berishimiz mumkin. Shu bois, tuman hokimi yangi tikuv sexi faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifini berganlarida, bajonidil qabul qildim. Bu hududdagi birinchi katta tikuv korxonasi boʻlib, ana shunday ishxonamiz boʻlishini shu yerlik koʻplab ayollar qatori men ham bir umr orzu qilganman.

Muhabbat opaning onalari ham qoʻli gul chevarlardan boʻlgan. Bolaligidan ularning tikkan kiyimlariga qarab zavqlangan qahramonimiz bir kun kelib shu hunarni davom ettirish maqsadi boʻlgani uchunmi yoki qishloq ayollarini ish bilan taʼminlash istagi kuchliligidanmi sex faoliyatini tezda yoʻlga qoʻyib oldi.

Korxonada ishlash istagini bildirganlar koʻp boʻldi. Ularning orasida tikuvchilikdan mutlaqo xabari yoʻq ayollar ham bor edi. Shu bois, sex ishga tushishidan oldin Muhabbat opaning tashabbusi bilan 200 nafar xotin-qizlar mutaxasslar tomonidan 2 oydan ortiq vaqt davomida bepul oʻqitilib, ularga tikuvchilikdagi boshlangʻich bilimlar berildi. Kurslar yakunida imtixon olinib, talabga javob bera oladigan xotin-qizlar ishga qabul qilindi. Ularning qatorida hududdagi “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning aʼzolari ham ish bilan taʼminlandi.

Xorijnikidan qolishmaydigan kurtkalar ishlab chiqariladi

Bugun oʻz ish faoliyatini muvaffaqiyatli boshlab olgan korxonada dastlabki bosqichda tayyor sifatli matolardan choyshablar, koreys satinlaridan har xil turdagi koʻrpa-toʻshaklarga jildlar tikilib, ichki bozorga tarqatilyapti. Hozirning oʻzida respublikaning turli hududlaridan choyshablarga koʻplab buyurtmalar tushgan. Tez orada salqin mavsum uchun bambuk matolardan ayollar va bolalar uchun sport kiyimlari, sifat borasida xorijniki bilan raqobatlasha oladigan yomgʻir mavsumiga mos yengil kurtkalar tikish yoʻlga qoʻyiladi.

— Bozorni oʻrganganimda, koʻpincha 5 sinfdan 7-8 sinfgacha boʻlgan bolalarning kiyimlarini topish qiyinligiga guvoh boʻlaman, — dedi Muhabbat Ermamatova. — Bu yoshdagilar na bola, na oʻsmir boʻlgani bois, oʻzim ham baʼzan shu bosqichdagi farzandlarimga mos kiyimlar topa olmayman. Shuning uchun sexda ularga toʻgʻri keladigan kiyimlar, kurtkalar tikishni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Kattalar uchun ham Turkiya, Koreya mahsulotlari bilan tenglasha oladigan kurtka, plashlarni sifatli va arzon narxlarda ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Umuman, korxonada bozor talablari asosida barcha turdagi trikotaj mahsulotlarini tikish koʻzda tutilgan. Bizdagi mavjud zamonaviy texnikalar bilan bu ishlarni bemalol amalga oshira olamiz.

Korxona 65 ta har xil turdagi zamonaviy avtomat tikuv mashinalari, 2 ta bugʻli avtomat dazmol, 1 dona preslovchi uskuna, andoza oladigan stol-stullar bilan jihozlangan. Uskunalar barcha turdagi trikotaj mahsulotlarini tikishga moʻljallangan boʻlib, ular ilgʻor xorij davlatlarida emas, balki oʻzimizda tayyorlangan. Muhabbat opaning aytishicha, mazkur qurilmalarni Oʻzpaxtasanoat AJ buyurtma asosida mahalliy xomashyolardan yasattirib bergan. Hayratlanarlisi, ularning sifati nihoyatda yaxshi boʻlib, chet elnikidan sira qolishmaydi.

Ayni vaqtda korxonada ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlariga nafaqat ichki bozor, balki xorijda ham talab ortib boryapti. Hatto, tumanda katta investorlik loyihalarini amalga oshirayotgan Turkiyaning “Vero moda” firmasidan hamkorlik taklifi ham tushgan. Rejaga koʻra, turklar futbolkalar andozasini olib, qirqilgan holda olib keladi, “Navoiy baraka chevarlari” tikuv sexi esa ularni tikib, tayyor mahsulot holida yetkazib beradi.

Korxona hududi katta boʻlgani bois, Muhabbat opa kelgusida bu yerda trikotaj mahsulotlari sotiladigan doʻkon, gilam sexi, Toshkentga borib ishlayotgan yoshlarni qaytarish maqsadida mebel ishlab chiqarish korxonasi, dam olish maskanlari ochish, xorijliklar bilan hamkorlikda eksport salohiyatini oshirishni niyat qilgan. Ushbu yirik loyihalarni hayotga tatbiq etish tumanda ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri