Laziz Hasanov BRICSning Strategik loyihalar xalqaro alyansi sport markazi vitse-prezidenti etib tayinlandi

    Shuningdek, u Oʻzbekistondagi rasmiy vakili ham boʻldi.

    2025-yil 28-iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro muzokaralar natijasida Oʻzbekiston sport hayotida muhim va tarixiy qaror qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Taekvon-Do ITF Milliy Assotsiatsiyasi rahbari Laziz Hasanov BRICSning Strategik loyihalar xalqaro alyansi sport markazi vitse-prezidenti, shuningdek, Oʻzbekistondagi rasmiy vakili etib tayinlandi.

    Ushbu tayinlov xalqaro sport hamjamiyati tomonidan Laziz Saydivaliyevichning milliy sportni rivojlantirish yoʻlidagi fidoiyligi, halol mehnati va uzoq yillik samarali faoliyatiga berilgan yuksak baho sifatida baholandi. Uning nafaqat xalqaro, balki mahalliy darajada ham sport sohasiga qoʻshgan hissasi alohida eʼtirof etildi.

    BRICS sport tashkiloti doirasidagi mazkur tayinlov Oʻzbekiston sportining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, koʻp tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yosh avlod uchun xalqaro sport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Eslatib oʻtamiz, Taekvon-Do ITF 2025-yilda rasman BRICS oʻyinlari dasturiga qoʻshildi. Ushbu muhim voqea Taekvon-Do tarixida ilk marta ushbu sport turining BRICS kabi yirik xalqaro sport maydonida rasmiy tan olinishi boʻldi.

    2026-yilda Rossiyaning Sochi shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi BRICS oʻyinlarida Taekvon-Do ITF sportchilari ilk bor ishtirok etadi. Bu esa nafaqat sportchilar uchun katta imkoniyat, balki butun mamlakatimiz uchun faxrli voqeadir.