Oʻzbekistonlik taekvondochi Najmiddin Qosimxoʻjayev jahon chempioni boʻldi

    Sport 31 Oktabr 2025 611

    Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Najmiddin Qosimxoʻjiyev (-74 kg) Xitoyning Usi shahrida boʻlib oʻtgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Hamyurtimiz finalda Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionati sovrindori, Braziliya sportchisi Edival Pontes bilan bahslashdi. Shiddatli oʻtgan bellashuvda Qosimxoʻjiyev raqibini magʻlub etib, jamoamiz hisobiga qimmatli oltin medalni taqdim etdi.

    Shu tariqa, Najmiddin oʻz faoliyatida ilk bor jahon chempionati medaliga – oltin medalga ega chiqdi. Terma jamoamiz esa Usi–2025 jahon chempionatini birta oltin, birta kumush va birta bronza medali bilan yakunladi.

    Najmiddin Qosimxoʻjiyev erkaklar oʻrtasidagi taekvondoda jahon chempioni boʻlgan ikkinchi oʻzbekistonlik sportchiga aylandi. Ilgari bunday yutuqqa 2015-yili sportimiz afsonasi Dmitriy Shokin erishgan edi.

    Oʻzbekiston Taekvondo WT assotsiatsiyasi Najmiddin Qosimxoʻjiyevni, uning yaqinlarini va barcha hamyurtimizni ushbu ulkan gʻalaba bilan tabriklaydi.