Alisher Navoiy gʻazalari va Choʻlpon sheʼrlari taniqli ingliz shoiri Endryu Staniland tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Kitob mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan chop etildi.

Toʻplamdan Alisher Navoiyning 12 ta mashhur gʻazali, jumladan, “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulru kelmadi”, “Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldum sango”, “Xoʻblar ming boʻlsalar, men xastagʻa bir yor bas”, “Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo”, “Oʻzga boʻldi yoru mehri manda boqiydur hanuz”, “Kimsa hargiz koʻrmadi chun ahli davrondin vafo”, “Ne bahor oʻlgʻayki bir gul hajridin badholmen”, shuningdek, Choʻlponning “Goʻzal”, “Buzilgan oʻlkaga”, “Goʻzal Turkiston”, “Koʻngil”, “Sharq qizi”, “Mahmud Xoʻja Behbudiy xotirasi” kabi 14 ta sheʼri oʻrin olgan.

Endryu Staniland kitob haqidagi oʻz fikrlarini oʻrtoqlashar ekan, Oʻzbekistonga safari davomida oʻzbek xalqining boy madaniy merosi va mumtoz sheʼriyatidan ilhomlanib, “Yangi Devon. Hazrat Alisher Navoiy” toʻplamini yaratganini taʼkidladi.

U oʻzbek shoirlari asarlarining ingliz tilidagi tarjimalari yoʻqligini hisobga olib, oʻzbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy gʻazallarini, shuningdek, zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining atoqli namoyandalaridan biri Abdulhamid Choʻlpon asarlarini tarjima qilishda oʻzini sinab koʻrishga qaror qildi. Natijada, Alisher Navoiyning 12 gʻazali va Abdulhamid Choʻlponning 14 sheʼridan iborat ushbu toʻplam dunyo oʻzini koʻrdi.

Muallifning fikricha, “Ingliz kitobxonlari uchun Navoiy XV asrda yashagan Temuriylar shoiri”. Navoiy va Choʻlpon ijodining bir toʻplamga jamlanishi oʻzbek adabiyotining oʻtmish anʼanasi va davomiyligini nazarda tutadi. Shu bilan birga, ingliz sheʼriyat ixlosmandlari uchun buyuk shoirlarning asarlaridagi oʻxshashlik va ziddiyatni aniqlay olish imkoniyati yaratilgan.

Ingliz shoirining aytishicha, tarjimada mualliflar fikrlarini saqlab qolgan holda Navoiy va Choʻlponni ingliz tiliga tarjima qilish juda mushkul. Ammo ushbu tarjimada asliyatni yoʻqotmaslikka harakat mavjud. Sheʼrlarning vaznini saqlab qolgan holda ularni soʻzma-soʻz tarjima qilish ham oson kechmadi. Oʻzbek sheʼriyatiga Yevropa uslubini olib kirgan Choʻlpon qalamiga mansub sheʼrlar ingliz kitobxoniga ancha yaqin. Navoiy gʻazallarini tushunish uchun esa mumtoz adabiyotdan xabardor boʻlish lozim.

“Dunyo” AAning qayd etishicha, Endryu Staniland tarjima jarayoni davomida oʻzbekistonlik navoiyshunos Aidaxon Bumatov va Choʻlpon sheʼrlarini chuqur oʻrgangan adabiyotshunos olim Avazxon Haydarov bilan yaqin hamkorlik qildi.

Muallifga koʻra, u oʻzining yangi tarjima kitobini Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga, shuningdek, oʻzbekistonlik hamkasblari va doʻstlariga bagʻishlaydi. “Ular Oʻzbekistonning kelajagi. Keyingi oʻttiz yil ularning qoʻlida”, deya qayd etdi Endryu Staniland.

Endryu Staniland ayni paytda oʻzbek miniatyurachi rassomi Davlat Toshev bilan birgalikda Navoiyni gʻazallari tarjimalaridan iborat rang- tasvirli kitob yaratish ustida ishlamoqda.