Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosi keng jamoatchilik faolligi orqali amalga kiritiladi

    “Yo'l xaritasi”da kirill yozuvidan lotin yozuviga savodli o'giradigan dasturiy ta'minot hamda ularning mobil ilovalari yaratilishini rag'batlantirish nazarda tutilgan bo'lib, bu, o'z navbatida, yoshlarni izlanishga va yangiliklar yaratishga undashi tabiiy.

    1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga mukammal oʻtilishini taʼminlash belgilab qoʻyilgan edi. Aynan shu yili oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari yaratilib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi.

    Oradan 26 yil vaqt oʻtdi. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida taʼlim olishni boshlagan avlod bugun davlat va jamiyatning turli sohalarida, boshqaruv organlarida faol mehnat qilmoqda. Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etishini nazarda tutadigan boʻlsak, bugun yurtimizda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritishga tayyor avlod shakllandi, deb bemalol aytishimiz mumkin.

    Lekin oʻtgan yillar mobaynida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritish, barcha ish qogʻozlari va harakatdagi hujjatlarning toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash yuzasidan qatʼiy talablar qoʻyilmadi. Ish yuritishda kirill va lotin yozuvining amal qilib kelishi, tabiiyki, noqulayliklar va jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

    Hukumatimiz tomonidan 2021-yil 10-fevral kuni qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu boradagi muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan qatʼiy choralar belgilandi.

    Yaqin muddatlarda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash boʻyicha ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi”da jamiyatimizda mavjud boʻlgan eng muhim ijtimoiy muammoning yechimiga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

    Jumladan, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosining yangi tahriri asosida “Oʻzbek tilining imlo qoidalari” tasdiqlanadi. Oʻzbek tili alifbosi va yangi imlo qoidalari asosida transliteratsiyaga moʻljallangan axborot dasturiy taʼminotlar uchun yagona talab ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

    Turli vazirlik, idoralar va tashkilotlarning xodimlari, mustaqil oʻrganuvchilar uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzurida faoliyat koʻrsatayotgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning 13 ta hududiy boʻlinmasida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi, imlo qoidalari va davlat tilida ish yuritishni oʻrganish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi. Eʼtiborli jihati, oʻqish va oʻrganish istagida boʻlgan aholi vakillarining bepul oʻqitilishi taʼminlanadi.

    Uzluksiz taʼlim tizimining maktabgacha taʼlim boʻgʻinidan boshlab bolalarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va yangi imlo qoidalari boʻyicha savodxonligini shakllantirishga moʻljallangan koʻrgazmali va tarqatma materiallar tayyorlash yoʻlga qoʻyilsa, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun oʻquv adabiyotlari, darsliklar toʻliq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida nashr etiladi. Kirill alifbosida chop etilgan va kutubxonalarda saqlanayotgan adabiyotlarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi elektron koʻrinishlari bosqichma-bosqich yaratiladi.

    Mamlakatimizda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalar, ID kartalar, fuqaroligi boʻlmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishini taʼminlash choralari koʻriladi.

    “Yoʻl xaritasi”da kirill yozuvidan lotin yozuviga savodli oʻgiradigan dasturiy taʼminot hamda ularning mobil ilovalari yaratilishini ragʻbatlantirish nazarda tutilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, yoshlarni izlanishga va yangiliklar yaratishga undashi tabiiy.

    Turli sohalar boʻyicha atamalar, joy nomlari, kishi nomlari lugʻatlari va oʻquv lugʻatlarining tayyorlanishi, nashr etilishi va keng tarqatilishi aholining lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va yangi imlo qoidalarini tez va oson oʻzlashtirib olishiga xizmat qiladi.

    Yurtimizning shahar va qishloqlarida, joy va koʻchalar, tashkilotlar nomlari, peshlavhalar, ommaviy targʻibot vositalari, reklama va eʼlonlarning yangi tartibda yozilishini toʻliq taʼminlashda keng jamoatchilikning faolligi va har birimizning masʼulligimiz yaqin muddatlarda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishimizda muhim omil boʻladi.

    Odina JAMOLDINOVA,

    oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri maslahatchisi