Azaldan muzeylarga oʻtmish va kelajakni bogʻlovchi koʻprik sifatida qaralgan. Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi tashkil etilganiga 20 yil toʻldi. Shu muddatda u Markaziy Osiyodagi eng yirik arxeologiya muzeyi va oʻziga xos maʼnaviyat markazlaridan biri sifatida tanildi. Muzey fondi ancha boyigan, yaʼni 110 mingga yaqin eksponatni oʻzida jamlagan.

Fransiyaning mashhur Luvr muzeyi esa dunyoning eng yirik hamda boy tarixga ega muzeylari sirasiga kiradi. Muzeydan jahon tarixi, madaniyati, sanʼatining eng nodir durdonalari oʻrin olgan. Sayyohlar oqimi boʻyicha ham eng koʻp turist tashrif buyuradigan manzillardan. Shuningdek, bu muzeyda turli mintaqa va sivilizatsiyalarga oid koʻrgazmalar, madaniyat kunlari, noyob eksponatlar namoyishlari tashkil etiladi.

Eʼtiborlisi, shu yilning 23-noyabr kuni Fransiyadagi Luvr muzeyida ilk bor Oʻzbekistonning boy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma ochiladi. “Oʻzbekiston vohalarining xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” deb nomlanuvchi koʻrgazmada Oʻzbekiston hududidan oʻtgan Buyuk ipak yoʻli va u boʻylab qad rostlagan sivilizatsiyalar haqida hikoya qilinadi. Namoyishga qoʻyiladigan eksponatlar davriyligi esa qariyb ikki ming yillik davrni qamrab oladi.

Xususan, Oʻzbekistonning 16 ta muzeyidan 138 dona osori atiqa, shuningdek, dunyoning yetakchi muzeylarida saqlanayotgan va Oʻzbekistonning janubiy hududidan topilgan 31 ta tarixiy ashyo ham namoyish etiladi. Termiz arxeologiya muzeyidan sakkiz dona noyob eksponat koʻrgazmaga qoʻyiladi. Birinchisi Budda haykali boʻlib, eramizning I-II asrlariga oid bu eksponatni oʻtgan asrning 30-yillari oxirida Termiz tumanidagi Fayoztepa yodgorligidan taniqli arxeolog M.Ye.Masson boshchiligidagi ekspeditsiya topgan.

Ikkinchi eksponat — milodiy II-III asrlarga tegishli binoning meʼmoriy bezagi oq gips toshdan oʻyib ishlangan. Termiz tumani Ayritom yodgorligidan topilgan bu eksponatda yurib ketayotgan fil tasvirlangan. Uning ustida boʻrtma holatda ishlangan yopinchiq boʻlib, old ikki oyogʻi toʻliq koʻrsatilgan, orqa qismida esa bir oyogʻi saqlangan. Eksponatning old qismida boʻrtma shakldagi nilufar guli tasviri koʻzga tashlanadi. Ashyoning yon qismida yana bir filning faqat boshi va oldingi bitta oyogʻi tasvirlangan.

Milodning boshlariga oid koʻpgina yodgorliklarda fil tasvirli peshtoqlar hamda haykalchalar, nilufar guli surati tushirilgan noyob ashyolar uchraydi. Bu ham oʻz davrida Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan mushtarak madaniy aloqalar oʻrnatilganini isbotlaydi. Luvr muzeyidan joy olishi kutilayotgan ashyolardan yana biri — Eski Termiz hududidagi Chingiztepa yodgorligidan topilgan, ikki kishi tasviri tushirilgan barelyef.

Milodiy II-III asrlarga tegishli bu eksponatning toʻrtburchak shakldagi yuza qismida dastlab erkak kishi tasviri ishlangan. Ikkinchisi oʻng qoʻlida gul koʻtargan ayol boʻlib, qulogʻiga katta sirgʻa taqilgan. Nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham milodning V-VII asriga oid mashhur Bolaliktepa devoriy suratlari haqida yaxshi bilishadi. Maktab darsliklarida ham oʻquvchilarga bu mavzuda maʼlumot berilgan. Bolaliktepa mahalliy katta yer egasining koʻshki — qarorgohi vazifasini bajargan.

Mazkur koʻshkning markaziy xonalaridan biri devorida bazm marosimi aks etgan devoriy suratlarni koʻrish mumkin. Tasvirlarda 40 dan ortiq odam qiyofasi oʻsha davrning mohir rassomlaridan biri tomonidan nozik ifodalar bilan chizilgan. Suratning yuza qismida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilgan. Termiz arxeologiya muzeyida namoyishga qoʻyilgan eksponatlar orasida ayollarning turli davrlarga oid taqinchoqlari, bilaguzuklar, surmadonlar, munchoqlar, oynalar salmoqli oʻrin egallaydi.

Mazkur muzeyda turfa tarixiy davrlarni oʻz ichiga olgan 9 ta zal mavjud boʻlib, ikkinchi zalda Surxon vohasi hududidan topilgan tosh va bronza davriga oid noyob topilmalar qoʻyilgan. Luvrda koʻrgazmaga qoʻyilishi kutilayotgan eksponatlar orasida miloddan avvalgi III va milodiy I asrlarga oid ayollar shoda munchogʻi hamda bronza oyna ham bor. Termiz arxeologiya muzeyi eksponatlari orasida yana ikkita eksponat Fransiya muzeyiga qoʻyilishi uchun tanlab olingan. Ular X-XII asrlarga doir eksponatlardir.

Bu eksponatlarda oʻziga xos tarzda bezak berish sanʼati ifodalangan, islomiy bezakdorlik namunasi qoʻllangan. Luvrda Oʻzbekistonning janubiy hududlaridan topilgan, qariyb 5 ming yillik vaqt davomidagi davrlarni oʻzida ifoda etuvchi noyob eksponatlar namoyishi kelgusi yilning bahoriga qadar davom etadi. Bu eksponatlar orqali Oʻzbekistonning shonli, buyuk tarixi dunyoga qayta yuz ochib, sayyohlar oqimi yanada ortishida davom etaveradi.