“Madad” NNT faoliyati Buyuk Britaniya jurnalida e'tirof etildi

    O'tgan yili 74 mingdan ortiq fuqaro bevosita murojaat qilgan va ularga turli huquqiy masalalar bo'yicha bepul yuridik yordam berilgan.

    Buyuk Britaniyaning Shotlandiya qirolligidagi “Voice” jurnalida “Madad” NNT tomonidan muassasa tashkil etilganidan buyon bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar to'g'risidagi tahliliy maqola e'lon qilindi. Maqolada ushbu nodavlat notijorat tashkilotga kelib tushgan murojaatlarning sohalar bo'yicha tasnifi, Shotlandiyadagi aholiga beg'araz yuridik yordam ko'rsatuvchi “Citizens Advice Scotland” deb nomlangan muassasaning shu sohalardagi faoliyati bilan solishtirilgan.

    Ma'lumki, 2019-yilda mamlakatimizda fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirish va aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etilgan edi.

    Hozirgi kunda muassasaning aholiga, ayniqsa, joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan (kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo'lgan shaxslar, o'zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz pensionerlar) fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam ko'rsatish maqsadida respublika bo'yicha 60 ta tuman (shahar)da huquqiy maslahat byurosi faoliyat yurityapti. Ular joylarda murojaat qiluvchilarga huquqiy masalalar bo'yicha maslahat va tushuntirishlar berish, shuningdek, tegishli huquqiy hujjatlar namunalarini taqdim etish yoki bunday hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko'maklashish orqali amaliy yordam ko'rsatib kelmoqda. Xususan, o'tgan yili 74 mingdan ortiq fuqaro bevosita murojaat qilgan va ularga turli huquqiy masalalar bo'yicha bepul yuridik yordam berilgan.

    Muassasaning “Advice.uz” huquqiy axborot portali ham yaratilgan. Unda fuqarolarimiz kundalik hayotida duch kelishi mumkin bo'lgan dolzarb va zarur huquqiy masalalar bo'yicha tegishli bo'limlar mavjud bo'lib, ma'lumotlar (kontentlar) ko'pchilik uchun tushunarli, oddiy va ravon tilda bayon etib borilyapti. Masalan, portaldan foydalanuvchilar mehnat munosabatlari bo'limiga kirib, zarur axborotga ega bo'lishlari yoki o'zlarini qiziqtirgan savollarga tezda javob topishlari mumkin. Shu bilan birga, ular uchun mehnat munosabatlariga doir normativ-huquqiy hujjatlar, foydali havolalar, hayotiy misollar, savol-javoblar asosida zarur ma'lumotlar olishlari uchun qulay imkoniyat yaratilgan. Unga 2020-yil davomida 72 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan va ularga mutaxassislarimiz tomonidan onlayn rejimda huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilgan.

    Portalning yana bir afzallik tomoni, undan foydalanuvchilar o'zlarining taklif va mulohazalarini izohlar shaklida yozib qoldirishi, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha onlayn forumda ishtirok etishi, mutaxassislar tomonidan onlayn savollarga berilgan javoblarning sifatini baholashlari mumkin. Bundan tashqari, portalga sayt bo'yicha “aqlli” qidiruv, dolzarb yangiliklar, muassasaning hududiy byurolari to'g'risidagi ma'lumotlar va ularning joylashuv xaritasini aniqlash kabi yangi va interaktiv vazifalar kiritilgan.

    Rauf NURULLAYEV