Joriy yilning 9-fevral kuni viloyatda bir qator nufuzli madaniy tadbirlar o'tkazilib, ular hududning ma'naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, Andijon viloyatiga press-tur tashkil etilib, madaniyat vazirining tashrifi doirasida bir qator katta tadbirlar o'tkazildi.

Kunning ilk marosimi Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida bo'lib o'tdi. Bu yerda buyuk mutafakkirning haykali poyiga gul qo'yildi. Marosimda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Marosim davomida Andijon viloyatining 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” deb e'tirof etilgani ta'kidlandi. Bu maqom aholi, ayniqsa yoshlar uchun katta faxr va quvonch manbai bo'ldi.

Shu kuni Andijon shahrida buyuk mutafakkir, so'z san'atining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag'ishlangan “Hazrat Navoiyga ehtirom” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbir ham bo'lib o'tdi.

Tadbirda viloat hokimi, TURKSOY Bosh kotibi, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, olimlar, madaniy va badiiy soha mutaxassislari, talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Ulug' shoir haykali poyiga gul qo'yildi va xotirasiga chuqur ehtirom bildirildi.

Tadbirda so'zga chiqqanlar Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va merosining ahamiyatini ta'kidlab, uning asarlarini o'rganish va targ'ib qilish borasida mamlakatimizda keng ko'lamli ishlar olib borilayotganini qayd etdilar. Bunday tashabbuslar yoshlar orasida adabiy va madaniy qiziqishni oshirish, vatanparvarlik tuyg'ularini mustahkamlash va ma'naviy kamolotni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida viloat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi ijodiy jamoalar tomonidan Alisher Navoiy hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi sahna ko'rinishlari namoyish qilindi. Ulug' shoirning g'azallari asosida yaratilgan qo'shiqlar ijro etildi va tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Shundan so'ng, Andijon viloyati hokimligida 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomi doirasida amalga oshiriladigan madaniy tadbirlar muhokamasi bo'lib o'tdi. Uchrashuvda Madaniyat vaziri, viloyat hokimi, TURKSOY Bosh kotibi, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Maxsus tadbirlar dasturi TURKSOY, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Andijon viloyati hokimligi hamkorligida ishlab chiqildi. Ushbu dastur doirasida xalqaro opera va teatr festivallari, kino va animatsiya loyihalari hamda Andijon polkasini “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritish masalalari belgilandi.

Uchrashuvda ta'kidlandiki, bu hamkorlik turkiy davlatlar orasida madaniy diplomatiyani kuchaytirish, xalqlar o'rtasida ishonch va hamjixatlikni mustahkamlash hamda Andijonni xalqaro miqyosda kengroq targ'ib etishga xizmat qiladi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning ta'kidlashicha, bir qismi TURKSOYga a'zo davlatlarda ham o'tkazilishi rejalashtirilgan ushbu tadbirlar turkiy dunyo madaniy birligini mustahkamlaydi va xalqlar o'rtasida ma'naviy yaqinlikni yanada yuksaltirib beradi.

Ma'lumot o'rnida, TURKSOY doimiy kengashi qarori bilan har yili turkiy tilli davlatlardan bir shahar “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” sifatida e'lon qilinadi. 2025-yilda bu maqom Qozog'istonda e'lon qilingan bo'lsa, 2026-yilda e'tibor Andijonga qaratildi.

“Bu yil Andijon uchun madaniy barka yili bo'ldi,” — dedi Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 9-fevral kuni o'tkazilgan madaniy tadbirda.

— Hozirgina barchangiz guvoh bo'ldingiz: Andijon shahri 2026-yilda Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e'lon qilindi. Bugun Turkistonning yetakchi rahbarlari, Madaniyat vazirligi vakillari va sohadagi mutaxassislar kelib, bu maqom doirasida qanday tadbirlar o'tkazilishini muhokama qildilar. 

— Biz 2026-yil uchun keng qamrovli rejalar tuzdik, — deya qo'shimcha qildi u. — Bu rejalar Andijonni, shuningdek, Bobur va Cho'lpon yurti sifatida dunyoga tanitadi. Har bir tadbir madaniy va ma'naviy ahamiyatga ega. Shu orqali o'zbek millati va madaniyati Turkiy davlatlar orasida yanada yuksak pog'onaga ko'tariladi.

— Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar va qarorlar bu yo'nalishda asosiy dastak bo'ldi. Turli festivallar, ko'rgazmalar va madaniy tadbirlar shaharda bo'lib o'tadi. Jumladan, rassomlar festivali ham birinchi marta bu erda o'tkaziladi va bu an'ana har yil davom etadi.

Hokim Andijonning tarixiy ahamiyatiga ham to'xtalib o'tdi: — Bu yer — Bobur va Cho'lpon yurti. Biz bu tarix va madaniy merosni dunyoga namoyish etishga intilamiz. Turkiy davlatlar va butun dunyo oldida Andijonning boy tarixi va merosini keng targ'ib qilish — asosiy maqsadimiz. Shu maqom va tadbirlar orqali nafaqat Andijon, balki O'zbekistonning madaniy obro'sini ham yuksaltirishga harakat qilamiz. Bu yilgi Navro'z bayramida ham shahrimizning tarixi va madaniy merosi keng namoyish etiladi.

Shu tariqa, Andijon 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti sifatida nafaqat o'z merosini asrab-avaylaydi, balki xalqaro miqyosda o'zbek madaniyati va tarixini keng targ'ib qilishga xizmat qiladi.

Yuz.uz muxbiri Z. Akbarova tomonidan berilgan savolga Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev quyidagicha javob berishdi:

— Hozirgina Andijon viloyatida barcha mas'ul xodimlar siz boshchiligingizda Toshkentdan tashrif buyurdi. Andijon viloyati hokimi barchani juda samimiy va chiroyli kutib oldi. Shu yerda kelgusidagi rejalar va shartnomalar ishlab chiqildi. Siz ham Andijon haqida go'zal fikrlar bildirdingiz, hokim ham rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida ko'plab fikrlar aytib o'tdi.

— Siz aynan tug'ilib o'sgan viloyatingizda shunday tadbirlar va festivallar o'tkazilayotgan paytda nimalarni his qilyapsiz? — degan savolga vazir batafsil javob berdi.

— Birinchi navbatda, Andijon shahrining Turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e'lon qilinishi men uchun katta g'urur va sharaf. Shu orqali kichik armonlarim ham ro'yobga chiqdi. Turkiy dunyoning shakllanishida va rivojida Andijonning hissasi beqiyos. Turkiy dunyoni tasavvur qilish qiyin, ammo Andijon tarixda turkiy olam uchun ulkan ahamiyatga ega, yorqin iz qoldirgan yurt sifatida tan olingan.

— Bu yil Andijonda ikki yirik anjuman va turli xalqaro darajadagi tadbirlar o'tkaziladi. Bu voqealar haqiqatan ham Andijon uchun olamshumul ahamiyatga ega va yil mobaynida butun dunyoning e'tiborini shahrimizga qaratish imkonini beradi. Bu esa bizga va barchangizga bog'liq.

— Albatta, anjumanlar katta miqyosda va ilk marta o'tkazilayotgani tufayli, kichik xavotirlar ham bor. Ammo ishonamanki, Andijonda har qanday muammoning yechimi oson topiladi, chunki xalqi va hokimiyatning faoliyati yaxshi yo'lga qo'yilgan, tashkiliy masalalarda kechikish bo'lmaydi.

— Men uchun juda quvonarli jihat shundaki, Andijonda 500 000 aholiga mo'ljallangan yangi shahar barpo etilayapti. Bu shaharga Bobur nomi beriladi va yil davomida o'tkaziladigan tadbirlar butun dunyoga Andijon, ya'ni Boburning yurtiga qaytganini guvohlik qilish imkonini beradi, — dedi vazir.

— Barchamizga ma'lumki, Andijon viloyati 2026 yilda Turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e'lon qilindi va bu jarayonda ko'plab kelishuvlar imzolandi. Biz asosan 2026 yilda Andijonda o'tkaziladigan madaniy tadbirlar va festivallarning rejasi, xalqaro hamkorlik loyihalari va ijodkorlar uchun imkoniyatlarni muhokama qildik. Shu bilan birga, Andijonning boy tarixiy va madaniy merosini dunyoga tanitish, turkiy davlatlar orasida ijodiy almashuvni rivojlantirish masalalariga e'tibor qaratdik. Bu tashabbuslar nafaqat Andijon, balki butun turkiy dunyo uchun foydali va samarali bo'ladi, — dedi TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev.

Maktab o'qituvchilari va o'quvchilari bilan muloqot chog'ida vazirga uning bolalik yillari haqida jurnalistlar tomonidan savol berildi:

— Aytishlaricha, siz bolaligingizda musiqa maktabida o'qigan ekansiz. Hatto musiqaga bo'lgan qiziqishingiz shu qadar kuchli bo'lganki, darslarga kirolmagan paytlarda eshik tirqishidan turib kuylarni tinglar ekansiz. Shu haqda nima deysiz?

Mazkur savolga javoban vazir o'z xotiralari bilan o'rtoqlashdi:

— Bolaligimda sinfdoshim musiqa maktabiga borardi. Men ham u bilan birga borardim, lekin sinfga kiritishmasdi. Shuning uchun tashqarida qolib, eshik tirqishidan kuy-qo'shiqlarni tinglardim. O'sha kuylar qalbimga juda chuqur o'rnashgan. O'sha paytlarda bizda hozirgidek imkoniyatlar yo'q edi, musiqa maktablari ham kam bo'lgan. Oilaviy sharoit ham o'qishga imkon bermasdi. Ammo shu muhabbat meni tashlab ketmadi — yurib bo'lsa ham, eshitib bo'lsa ham, musiqani o'rgandim. Bugun esa shunday imkoniyatlar yaratilganidan juda xursandman. Prezidentimiz san'atkorlarga doimo e'tibor qaratmoqda, ahvolimizdan xabar olib turadilar. Shu bois bugun yoshlarni, musiqa bilan shug'ullanayotgan bolalarni ko'rib, juda quvondim. Sizlarning musiqaga bo'lgan muhabbatingizni ko'rib, havas qildim. Shu muhabbat orqali inson o'z orzusiga yetishishi mumkinligini yana bir bor his qildim, — dedi vazir.

Ma'lumot o'rnida aytish joizki, bugungi kunda O'zbekiston bo'yicha 326 ta bolalar musiqa va san'at maktablarida 90 mingdan ortiq o'quvchi ta'lim olmoqda. Shulardan 29 tasi Andijon viloyatida joylashgan.

Shuningdek, tashrif doirasida vazir 4-sonli namunaviy madaniyat markazi faoliyati bilan tanishib, bolalar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi. Andijonlik yoshlar bilan ochiq muloqot jarayonida ijodiy, innovatsion hamda raqamli texnologiyalarga asoslangan loyihalar taqdim etildi. YOshlar tomonidan bildirilgan takliflar ijrosi ta'minlanishi va yil davomida tegishli rejalarga kiritilishi qayd etildi.

Fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan yoshlar esa maxsus esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Kunning ikkinchi qismida Madaniyat vaziri “Madaniyat mahalladan boshlanadi” g'oyasi asosida mahallalarga tashrif buyurdi. Tashrif davomida san'at asarlaridan tortib, bolalar ijrosidagi kuy-qo'shiqlargacha tomosha qilindi. Shu jarayonda bir fikr yaqqol namoyon bo'ldi: madaniyat – bu faqat kitoblarda emas, balki har bir uyda, har bir mahallada yashaydi.

Baxt mahallasi aholisi bilan muloqot davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga zaruriy maishiy jihozlar topshirildi. Shuningdek, mahallada bo'lib o'tayotgan to'y marosimida vazirning kutilmagan ishtiroki aholining xursandchiligiga sabab bo'ldi.

Ota-onalar va mahalladoshlar vazirning samimiy munosabati, mehribonligi va g'amxo'rligini yuqori baholadilar. Shu bilan birga, G'aybulla Tursunov ham xayrli tashabbusga qo'shilib, bir oilaning og'irini yengil qildi.

Press-tur Andijon Qo'g'irchoq teatrida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag'ishlangan kontsert dasturi bilan yakunlandi. Sahna chiqishlari va musiqiy asarlar tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Andijon viloyatining 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e'lon qilinishi nafaqat yuksak e'tirof, balki ishonch va birlik ramzi sifatida baholanadi. Bu maqom viloyatning boy tarixiy va madaniy merosi, salohiyati hamda kelajak istiqbollariga berilgan yuksak bahodir.

 

Zulxumor Akbarova