Madaniyat va san'atsiz jamiyat rivojlanmaydi

    Yana bir katta muammo — zamonaviy mediamakonda milliy madaniyatimiz munosib o'rin egallamaganida. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari to'liq joriy etilmagani sohani xalqaro madaniy jarayonlarga integratsiya qilishga yo'l bermayapti. Bundan tashqari, milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning tuzukroq tizimi yaratilmagan, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik ham etarlicha yo'lga qo'yilmagan...

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyov 2017-yil madaniyat va sanʼat sohasi rahbarlari bilan uchrashuvda shunday taʼkidlagan edi: “Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak: mamlakatimizda madaniyat va sanʼat taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Xalqimizning rivojlanish darajasi avvalo milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu maʼnoda, madaniyat — bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz Oʻzbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni avvalo milliy madaniyatimizni rivojlantirishimizdan boshlashimiz lozim”.

    Darhaqiqat insoniyat maʼnaviyati va tafakkuri rivojlanishi madaniyat va sanʼatsiz kechmaydi. Mamlaktimizda ham bu soha turli sabablar bilan yuksalish va depsinish davrini boshidan oʻtkazib keldi. Lekin soʻnggi yillarda mazkur sohalarni rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarish yuzasidan hukumatimiz tomonidan tub oʻzgarishlar, islohotlar olib borilmoqda. Eng quvonarlisi, butun yer kurrasiga kelgan balo — pandemiya sharoitida ham yurtimizda madaniyat va sanʼatga boʻlgan eʼtibordan chetda qolmadi.

    Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 26-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazkur soha vakillarining, keng koʻlamdagi sanʼat ixlosmandlarining uzoq kutilgan orzulari, istaklarini roʻyobga chiqarishga katta imkoniyat, sharoit yaratdi.

    Xoʻsh, sohadagi islohotlar, farmon va qarorlarning ahamiyati, ijrosi qanday rejalarda, amalga oshirilayotgan ishlarda namoyon boʻlmoqda? Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek NAZARBEKOV bilan ana shu mavzuda suhbatlashdik.

    — Keyingi yillarda madaniyat sohasida ham shaklan, ham mazmunan oʻzgarishlarni kuzatyapmiz. Hukmron mafkura, mustabid tizim taʼsirida Gʻarb madaniyatiga taqlidan rivojlangan mazkur sohani tubdan yangilashga barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Endi ana shu taqlidlardan muhofaza qilish, milliy va ayni paytda umuminsoniy qadriyatlar asosida rivojlantirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaysiz?

    — Har bir insonda tafakkur, fikrlash erkin, mustaqil boʻlishi kerak. Ommaviy tarzda bir xil fikrlash halokatli. Bunda ijod ham, rivojlanish ham boʻlmaydi. Ana shu maʼnoda oʻylamasdan taqlid qilish milliy qiyofani, oʻzlikni unutishga olib keladi. Ayni paytda dunyo adabtiyoti, madaniyat va sanʼatidagi ilgʻor, umuminsoniy qadriyatlarga yoʻgʻrilgan gʻoyalarni oʻrganish, oʻzlashtirish talab etiladi.

    Har qanday soha boshqalaridan ajralshgan holda yakka oʻzi rivojlana olmaydi. Bugun Oʻzbekistonda milliy madaniyat va sanʼatni rivojlantirish masalasiga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzviy va ajralmas qismi sifatida qaralyapti. Negaki, madaniyat va sanʼat millat taraqqiyoti yoʻlidagi nihoyatda ahamiyatli va oʻta nozik soha. Chunki bu soha jamiyatning yuragiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan, tilagiga koʻchadigan tuygʻularni tarbiyalaydi.

    Aytganingizdek, sohada tubdan yangilanish uchun imkoniyatlar kengaygani barobarida milliy madaniyatimizni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan kamchiliklar ham talaygina. Masalan, madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yoʻq. Yoki yosh ijodkorlarga taʼlim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida tayinli tizim mavjud emas. Busiz madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini samarali olib borish, aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish, madaniy xizmatlar sifatini oshirish qiyin vazifa. Bundan tashqari, aksariyat madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablariga mos kelmaydi, bu esa ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi uchun imkon bermaydi.

    Yana bir katta muammo — zamonaviy mediamakonda milliy madaniyatimiz munosib oʻrin egallamaganida. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari toʻliq joriy etilmagani sohani xalqaro madaniy jarayonlarga integratsiya qilishga yoʻl bermayapti. Bundan tashqari, milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning tuzukroq tizimi yaratilmagan, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik ham yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagan...

    Xullas, masalalar yetarli va ularni tizimli ravishda yechish uchun ham milliy madaniyatimizni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Endi hammamiz uyushib, jon koyitib, milliy madaniyatning barcha yoʻnalishlari — moddiy va nomoddiy madaniy meros hamda muzeylar, teatr, kino, sirk, milliy musiqa, estrada, raqs, tasviriy va amaliy sanʼatlar, madaniyat va istirohat bogʻlari hamda madaniyat markazlari, ilm-fan, taʼlim, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, madaniyat turizmi sohalarida natija, oʻzgarishlar qilish, rivojlanish uchun tinmay ishlashimiz kerak.

    Yana bir narsani aytish joizki, bugun soha xodimlarining tizimga doir farmon va qarorlarlar bilan toʻliq tanishmayotgani, ularning ichiga chuqur kirib bormayotgani, shuningdek, ularning mazmun-mohiyati, ijrosi quyi boʻgʻinlargacha ham yetib bormayotgani ham tizim rivojiga toʻsqinlik qilyapti.

    Bugun biz Uchinchi Renessansni oldimizga katta maqsad qilib qoʻydik. Bu boradagi islohotlarda madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari eng old safda boʻlishi kerak. Toʻgʻrirogʻi, birinchi galda bizning oʻzimiz ana shu maqsad mohiyatini chuqur anglab olishimiz kerak. Fuqarolarimizda ham jamiyat rivojida, uygʻonish davrida mening ham hissam boʻlishi kerak, degan fikrni shakllantira olsak, rejalarimiz, intilishlarimiz yana-da tez va yuqori samara bera boshlaydi.

    — Madaniy meros haqida koʻp gapiryapmiz. Vazirlik huzurida alohida departament ham tashkil etildi. Bugun mamlakatda madaniy meros obyektlarini tiklash, asrab-avaylash, takomillashtirish borasidagi ishlar koʻlami qanday kechyapti? Biz qaysi bosqichdamiz?

    — Oʻzbekistonning madaniyati mangulikka daxldor, degan asosli jumlada biz madaniy qadriyatlar va madaniy meros obyektlarining ulugʻvorligini, avlodlarimiz tarixini eslatuvchi asosiy manba ekanligini tushunamiz. Ushbu qadriyatlarimiz va madaniy meros obyektlarimiz yoshlar tarbiyasini mukammal rivojlantirish, ular dunyoqarashini oʻzgartirib, globallashuv zamonida tubanlikka tushib qolmasliklarida asosiy manba boʻlib xizmat qiladi.

    Mamlakatimiz Prezidenti Oʻzbekistonda keng koʻlamli demokratik islohotlar asosida yangi Uygʻonish davri — uchinchi Renessansning poydevorini shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish zaruriyati, yangi milliy mafkuraga aylanishi, xususan, madaniy merosimizning xalqaro andozalarga mos ravishda saqlanishini taʼminlash uchun soha mutaxassislari nimalar qilishimiz kerakligi haqida bezovta boʻlmoqda, qaygʻurmoqda.

    Bir qarashda, hamma shart-sharoitlar mavjud, qonun bor, mutasaddilar bor, muammo ham yoʻqdek tuyuladi. Diyorimizda taxminan 8000 ta moddiy madaniy merosimiz bor, ularni shu holda saqlashda, avloddan-avlodga oʻtishini taʼminlashda yoshlarimiz katta kuch hisoblanadi.

    Istiqlolimiz sharofati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), xalqaro YUNESKO tashkiloti aʼzosi boʻldi. 1996-yilda “Umumjahon tabiiy va madaniy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. 1991-yilda Xivadagi “Ichan qalʼa”, 1993-yilda Buxoro tarixiy markazi, 2000-yilda Shahrisabz tarixiy markazi, 2001-yilda Samarqand “Samarqand – madaniyatlar chorrahasida” nomi bilan Umumjahon madaniy meroslari roʻyxatiga kiritilgan. Bu oʻz-oʻzidan, yuqoridagi meroslarimizni xalqaro andozalarga mos ravishda saqlanishini taʼminlashimizni taqazo qiladi.

    Bu borada nimalar qilishimiz lozim, degan savolga shunday javob boʻladiki, avvalo, sohani bilimdon mutaxassislar bilan toʻldirish. Shu bilan birga, mavjud soha mutaxassislarini merosimizni xalqaro andozalarga mos ravishda saqlanishini taʼminlashga qayta tayyorlash, zamonaviy ilm-fan, texnika yutuqlari va xalqaro andozalarga mos ravishda ishlash, shuningdek, xalqaro tajribalarni oʻrganib, sohaga tadbiq etish hozirgi paytdagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, yaqinda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, institut Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi. Bu bilan madaniy meroslarimizni saqlash va kelajak avlodga yetkazish borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga koʻtariladi, deb oʻylayman.

    — Xalq ogʻzaki ijodiyotimiz va milliy sanʼatimizni targʻib qilishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Turli xalqaro festivallar oʻtkazyapmiz, sanʼat maktablari ochyapmiz. Bevosita ustoz sanʼatkorlarimiz yoshlar bilan ishlayapti. Bu qanday samara beryapti? Yoshlarimiz milliylikka qaytayapti, deb hisoblaysizmi? Yana qanday tashabbuslar, yangi loyihalar bor?

    — Respublikamizda bugungi kunda 826 ta madaniyat markazlari faoliyat yuritadi, va bular havaskorlik sanʼatini rivojlantirishda asosiy poydevor boʻlib xizmat qiladi. Ushbu madaniyat markazlarida jami 4522 ta toʻgarak mavjud boʻlib ularda 52 970 nafar havaskorlar faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shundan 37 340 nafarini yoshlar tashkil etadi.

    Shuningdek, madaniyat markazlarida 482 ta xalq havaskorlik unvoniga ega boʻlgan jamoalar mavjud boʻlib, ushbu jamoalarga jami 5000 dan ortiq havaskor ishtirok etib kelmoqda. Shu maʼnoda madaniyat markazlari faoliyatini takomillashtirish, ularga zarur sharoitlarni yaratib berish muhim hisoblanadi. Bugungi kunga qadar 367 ta madaniyat markazlari taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.

    Prezidentimizning 2020-yil 26-maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining 25-bandida Madaniyat vazirligiga madaniyat markazlari uchun yangi binolar qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash vazifasi yuklatilgan.

    Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlik tomonidan “2021-2024-yillarda madaniyat markazlarining binolari kompleksini qurish va jihozlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyihada 459 ta madaniyat markazlari yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash rejalashtirilgan.

    Sohaga oid eng quvonchli holatlardan yana biri shuki, Prezidentimizning 2019-yil 14-mayda qabul qilgan “Baxshichilik sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida Termiz shahrida Respublika baxshichilik sanʼati markazi va uning huzurida Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi.

    Xalq ogʻzaki ijodining durdonasi boʻlmish baxshichilik sanʼatini keng targʻib etish borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi mavjud 233 ta madaniyat muassasalarida baxshichilik yoʻnalishi boʻyicha sinf va toʻgaraklar ochilib, 2042 nafar yoshlar jalb etildi. Goʻroʻgʻli turkumidan oʻzbek xalq dostonlaridan saralangan “Oltin qoboq”, “Chambil qamali” va “Olamon bilan Qoramon” nomli dostonlar 1000 nusxadan chop etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, I Xalkaro baxshichilik sanʼati festivali gʻolibi Abdunazar Poyonov, Oʻzbekiston xalq baxshilari Qalandar (Roʻzimboy) Normatov, Qahhor Raximov, Mahmatmurod Rajabov, Tenel Qalliyev, baxshi Gulsara Joldasbayeva bilan ijodiy uchrashuv tashkil etilib, Oʻzbekiston milliy teleradikompaniyasining markaziy hamda hududiy telekanallari orqali namoyish etildi.

    Baxshichilik sanʼati, tarixi, baxshilar xaqidagi maʼlumotlar, ular ijro etgan asarlarni oʻz ichiga olgan reyestr tuzilib, Madaniyat vazirligi huzurida “bakhshi.uz” sayti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bunday ishlar zamirida albatta, yoshlarda milliyligimizga muhabbat hissini oshirish maqsadi turibdi.

    Termiz shahrida 3 nafar baxshichilik sanʼati ijrochilariga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uylar berilgani ham baxshichilik sanʼatini rivojlantirish istagidagi yoshlarimizga yana-da kuch bagʻishlashi, shubhasiz.

    Albatta, bu borada ham muammolar yoʻq emas. Xususan, Madaniyat markazlarida musiqa cholgʻulari va boshqa jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi 60 foizni tashkil etadi. Cholgʻular, ovoz kuchaytirgich uskunalari, sahna liboslari hamda moddiy texnika bazasi (mebel jihozlari)ni mustahkamlash zarur boʻladi.

    Madaniyat markazlarining moliyalashtirish hamda namunaviy shtatlari jadvali bugungi zamon talabiga javob bermayotgani yana bir kamchilik boʻlsa, Madaniyat markazlari binosi va hududidagi yer maydonlarini Madaniyat vazirligi bilan kelishilmagan holda mahalliy hokimliklar tomonidan zaxiraga olinib, xususiylashtirilayotgani ham jiddiy muammolardan biridir.

    Bundan tashqari, hatto nufuzli unvonga ega boʻlgan jamoalarning sahna kiyimlari yetarli emas. Jamoalar tomonidan viloyatning chekka hududlarida, mahallalarda konsert tomoshalarini tashkil etishda transport ajratish masalasi ham yechimini kutayotgan muammolardan.

    Respublika Baxshichilik sanʼati markazi va uning huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasini Toshkent shahriga koʻchirish va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari boʻlimlarini tashkil etish baxshichilik sanʼatini dunyo miqyosida keng targʻib etishda muhim omil boʻladi.

    — Siz yetakchilik qilayotgan soha gʻoyat serqirra. Xususan, tasviriy sanʼat, kino, teatr, muzeylarsiz hech bir xalq madaniyatini tasavvur qilib boʻlmaydi. Yurtimizda mazkur sanʼat turlariga qaratilayotgan eʼtibor, erishilayotgan yutuqlarga qanday baho berasiz?

    – Avvalo muzeylar mavzusiga toʻxtalsam. Keyingi yillarda, ayniqsa, soʻnggi 3-4 yilda muzeylar sohasiga berilayotgan eʼtibor, amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar haqida juda koʻp gapirish mumkin. Bundan tashqari, Prezidentimizning “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham muzeylar sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, muhim vazifalar va topshiriqlar belgilab olindi.

    Jumladan, oʻtgan 3-4 yil davomida 10 dan ortiq yangi muzeylar tashkil etildi. Xususan, Moʻynoq Ekologiya muzeyi, Shahrisabz shahridagi Maqom muzeyi, Fargʻona viloyatidagi Erkin Vohidov uy-muzeyi hamda memorial muzeyi, Xaziniy uy-muzeyi, Qoʻqon shahridagi Buyuk allomalar muzeyi, Buxoro viloyatidagi Mutal Burxonov uy muzeyi, Samarqand viloyatidagi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli yodgorligi muzeyi, Namangan viloyatidagi Isʼhoqxon Ibrat, Jizzax viloyatidagi Hamid Olimjon va Zulfiya, Sharof Rashidov yodgorlik muzeylari, Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyi hamda Abdulla Qodiriy memorial muzeylari shular jumlasidan.

    Ushbu davr davomida yana 15 ga yaqin muzey binolarida rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash ishlari izchil olib borildi. Bunga yaqqol misol sifatida, Surxondaryo viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida olib borilgan rekonstruksiya, Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy yodgorlik uy-muzeyi, Chirchiq shahar tarixi muzeylarida olib borilgan mukammal taʼmirlash ishlarini koʻrsatish mukin.

    Jumladan, 2020-2025-yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharda tarix va madaniyat davlat muzeylarining filiallari shaklida oʻlkashunoslik muzeylari tashkil etish belgilandi.

    Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik, sanʼatshunoslik, madaniyatshunoslik yoʻnalishlarida ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar tashkil etish belgilangan edi va hozirgi kunda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi hamda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    2020-yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “ochiq eshiklar kuni” deb eʼlon qilindi va ushbu “ochiq eshiklar kuni”da fuqarolar muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib koʻrish uchun davlat muzeylariga bepul kiritilishi koʻzda tutildi.

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi uchun yangi binolar kompleksini qurish belgilandi. Shuningdek, teatr sanʼati oʻzining jamiyat oldidagi vazifasi va rivojlanish yoʻlini toʻgʻri belgilab oldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Teatr sanʼati asrlar davomida insonlarni tarbiyalovchi, maʼnaviyatini shakllantiruvchi qudratli vosita hisoblanib kelgan. Shu sababli boʻlsa kerak, sahna sanʼati mavqeini yana-da oshirish, moddiy-texnik bazasini zamon talablari darajasida takomillashtirish, zamonaviy binolarini qurib foydalanishga topshirish, eng muhimi yangi teatrlar tashkil etish borasida davlatimiz va hukumatimiz tomonidan juda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

    Soʻnggi yillarda teatr sanʼatiga, ijodkorlarga eʼtibor kuchaydi. Birgina misol, 2020-yilda 39 teatrning 15 tasiga spektakl sahnalashtirish uchun 2 milliard 400 million soʻm mablagʻ hisobida davlat buyurtmasi ajratildi. Ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Respublika qoʻgʻirchoq teatrlari, yosh rejissyorlarning “Debyut” koʻrik festivali ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar oʻtkazildi. Pyesalar tanlovlari oʻtkazilib, gʻolib mualliflar taqdirlandi. Dramaturglarning bir necha yillik qalam haqqidan qarzdorlik bartaraf etilib, 41 nafar muallifga qalam haqi toʻlab berildi.

    Pandemiya sababli nisbatan ogʻir yil boʻlishiga qaramay, teatrlarimiz ham oʻz vazifalarini sidqidildan bajarmoqda, maʼlum muddat masofadan ishlash tizimiga oʻtdi. Yil davomida repertuar rejaga kiritilgan spektakllarning deyarli 95 foizi sahnalashtirildi.

    Ulugʻ namoyandalarning xotira kechalari, taniqli sanʼatkorlarimizning ijodiy kechalari va benefislari oʻtkazildi.

    Karantin boʻlishiga qaramasdan teatrlar hamda Oʻzbek davlat sirkining ijodiy xodimlari ishdan uzilmagan holda 2020-yil uchun rejalashtirilgan 22 ta gastrollarining 2 tasini jonli, qolgan 20 tasini respublika boʻylab onlayn amalga oshirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi butun dunyo bolalar va yoshlar teatrlari assotsiatsiyasiga aʼzo boʻldi. Tasviriy sanʼat va kino sohasida ham tub burilishlarga guvoh boʻlyapmiz. Prezidentimizning 2020-yilning 21-aprelidagi “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar fikrimiz dalilidir.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 20-noyabr kuni kinoijodkorlar bilan uchrashuvida soha istiqboli uchun belgilab olingan qator vazifalar oʻzbek kinosining porloq kelajagiga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

    — Ayni paytda vazir hamda Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti rektorisiz. Milliy musiqa sanʼatiga alohida oliygoh tashkil etish darajasidagi jiddiy eʼtiborga sabab boʻlgan omillar nimalardan iborat, deb oʻylaysiz? Yangi institutning sohani rivojlantirishdagi oʻrni sizningcha qanday boʻladi?

    — Agar maqom sanʼatining isteʼmolchisi boʻlmasa, 50 yildan keyin bu sanʼat yashaydimi yoʻqmi, degan jiddiy masala koʻndalang boʻladi. Bizga uni asrab qolish barobarida davom ham ettiradigan, mening milliy boyligim, gʻururim ota-bobolarimdan qolgan meros, deya qadrlaydigan yoshlar kerak. Bu darajaga yetish, maqomni eshita olish uchun esa ilm kerak. Kitobga, adabiyotga, nazmga oshno boʻlmagan odam uni anglay olmaydi. Shu maʼnoda, mazkur yangi tashkil etilgan institut avvalo, yoshlarda milliy ruh, unga hurmatni tarbiyalashi koʻzda tutilgan.

    Qolaversa, ushbu institutning tashkil etilishiga madaniyat sohasining muayyan ehtiyojlari sabab boʻldi. Xususan, maqom ijrochiligi va baxshichilik sanʼati boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, milliy musiqa sanʼati va xalq ijodiyoti yoʻnalishlarida xorijiy taʼlim muassasalari va markazlari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, madaniyat muassasalari va badiiy jamoalar bilan talabalar amaliyotini tashkil etish kabi keng koʻlamdagi vazifalar va rejalar institut zimmasiga qoʻyilgan. Tabiiyki, yangi tashkil etilgan institutning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilangan ushbu vazifalarni amalga oshirish borasida butun jamoa bilan jipslashib ish boshladik. Oʻylaymizki, yangi oliygoh madaniyat sohasiga, maqom sanʼatimizga eng professional, har tomonlama yetuk va barkamol soha xodimlarini munosib tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu esa taraqqiyotimizning bosh mezoni boʻlgan madaniy-maʼnaviy evrilishlarni yana-da jadallashtirishga xizmat qiladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Munojat MOʻMINOVA suhbatlashdi.