Muloqot chog‘ida mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi. Xususan, Samarqanddagi eshkak eshish kanali bo‘yida barpo etilgan yirik «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm majmuasining ishga tushirilishi alohida taʼkidlandi. Majmua hududida 8 ta mehmonxona, shundan ikkitasi besh yulduzli, ikkitasi 4 yulduzli, to‘rtta butik mehmonxonalar, kongress-xoll va «Abadiy shahar» barpo etilgan.
Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirish va yangi Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida 1 oktyabrdan boshlab «ochiq osmon» rejimi joriy etilgani ham alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, Xose Mariya Chikiyo Barber sayyohlar uchun yaratilgan yangi va qulay sharoitlar, jumladan, Samarqand shahrida yaratilgan zamonaviy infratuzilma mamlakatimizga turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini ommalashtirish maqsadida noyabr oyida Valensiya shahrida Ispaniyaning yirik turkompaniyalari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Samarqand shahrida turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan forum tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.