Magistrantlar Germaniyada amaliyot oʻtayapti

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 8-iyul sonida jurnalist Xurshida Ernazarovaning “Magistrantlar Germaniyada amaliyot oʻtayapti” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 4-mart kuni oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda ularni ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, sohada qilinishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab berildi.

    — Prezidentimizning talabalar bandligini taʼminlash borasida bergan topshirigʻi ijrosi boʻyich a oliygohimizda mavjud boʻsh ish oʻrinlari hamda ilmiy va startap loyihalarga 60 dan ortiq magistrantni ishga qabul qildik, — deydi Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori Shavkat Hasanov. — Filialning 9 magistranti Germaniyaning qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi yetakchi klasterlariga ish haqi toʻlanadigan 3 va 6 oylik stajirovkaga yuborilgan. Stajirovkalar yurtimizda nisbatan yangi tarmoq boʻlgan va kadrlar tanqisligi mavjud dorivor ekinlarni yetishtirish, qayta ishlash hamda gulchilik sohalari boʻyicha amalga oshirilmoqda.

    — Davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishi oʻtkazganidan soʻng oliygohimizda ham katta oʻzgarishlar kuzatildi, — deydi filialning 2-kurs magistranti, fargʻonalik Mirmuhsin Nuraliyev. — Oliy oʻquv yurtida yoshlarning ilm bilan shugʻullanishi va xorijiy tillarni oʻrganishi uchun yaratilgan sharoitlar tufayli koʻplab tengdoshlarimiz dunyoning rivojlangan mamlakatlarida haq toʻlanadigan ilmiy stajirovkalar oʻtamoqda. Jumladan, men ham ayni paytda Germaniya davlatida JD East dasturi orqali tashkil etilgan 6 oylik qishloq xoʻjaligi amaliyoti bilan bandman.

    Amaliyotni Germaniyaning yashil yuragi nomi bilan dunyoga mashhur Tyuringen federal hududida joylashgan “Fuß Hopfenbau” agroklasterida kursdoshlarim Hayotjon Abdullayev, Doston Berdimurodov va Sohibjon Niyozov bilan birga olib boryapmiz. Hopfen yoki qulmoq (xmel) oʻsimligi dunyoda kam tarqalgan, koʻp yillik dorivor va texnik oʻsimlikdir. Biz stajirovka oʻtayotgan fermer xoʻjaligida ushbu oʻsimlik 200 gektardan ziyod maydonda yetishtirilmoqda. Uni yetishtirish agrotexnikasi, yaʼni ekinni parvarishlash, suv tejovchi texnologiyalar yordamida sugʻorish, kasallik hamda zararkunandalardan himoya qilish, hosilni yigʻish, qadoqlash kabi jarayonlarni oʻrganib, malaka oshiryapmiz. Amaliyotdan qaytgandan soʻng bu yerda olgan bilimimizni yurtimiz qishloq xoʻjaligi rivoji uchun qoʻllaymiz.

    — Biz ayni damda Germaniyaga haq toʻlanuvchi yozgi 3 oylik amaliyot oʻtash uchun kelganmiz, — deydi filialning 1-kurs magistranti Sayyod Sayfiyev. — Dyusseldorf shahrida joylashgan, gulchilik va bogʻdorchilikka ixtisoslashgan “Becker Gartenbau” xoʻjaligida kursdoshim Elyor Nortoshev bilan birga tajriba va bilimimizni oshiryapmiz. Ushbu xoʻjalikda hozir gulning 100 dan ortiq turi yetishtirilib, parvarishlanmoqda. Ular butun Yevropa boʻylab eksport qilinadi.

    Ayniqsa, lavandani yetishtirish va parvarishlash bizda katta qiziqish uygʻotdi. Bu ekinni yetishtirishga yevropaliklar juda katta eʼtibor qaratadi. U koʻpchilikni oʻziga jalb qiladi, shuning uchun tabiiy sanʼat asari darajasida qadrlanadi. Xoʻjalikda bu kabi gulli oʻsimliklarni yetishtirish bilan bir qatorda ularning marketingi bilan ham qiziqib, gul bozorini oʻrganmoqdamiz. Albatta, ushbu oʻrganganlarimiz kelgusida xalqaro tajribaga ega, yetuk mutaxassis boʻlishimizda oʻz samarasini beradi, degan umiddamiz.

    Prezidentimizning 2021-yil 4-avgustdagi “ Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilik sohalarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida gulchilik magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi belgilangan boʻlib, yangi oʻquv yilidan filialda ham gulchilik boʻyicha magistrlar tayyorlanishi rejalashtirilgan. Xalqaro darajadagi ilm-fan yutuqlarini mukammal oʻzlashtirgan va uni sohaga qoʻllay oladigan raqobatbardosh kadrlar barcha sohada boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligi taraqqiyotida ham oʻz samarasini beradi.