Magnit boʻroni va ultrabinafsha nurlar taʼsiri nima sababdan kuchayib bormoqda?

    Ultrabinafsha nurlar taʼsiri may oyining oxirlaridan boshlab, to sentyabr oyi boshlarigacha kuchli boʻladi. Yilning boshqa vaqtlarida esa zararli nurlar taʼsiri deyarli sezilmaydi.

    Oxirgi vaqtlarda magnit boʻronlarining kuchayishi, quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi meʼyoridan ortishi, issiqlik kuchayib borib, bu yil yoz mavsumida, hatto, anomal darajaga yetishi haqidagi xabarlar internet tarmogʻida tez-tez eʼlon qilinmoqda. Bu hodisalar ayrim insonlar salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi bois, mutaxassislar tomonidan ehtiyot choralari borasida tavsiyalar ham berilyapti. Yaʼni, olimlar ushbu tabiat “injiqliklari”ni qaytarish hozircha imkonsizligini taʼkidlagani holda, ularning oldini olishga intilish toʻgʻri yechim ekanini aytishmoqda.

    Insoniyat koʻp asrlik evolyutsiyasi davomida osmon jismlarini oʻrganish, ularni kashf etish, koinotga chiqish, hatto, boshqa sayyoralarda yashash imkoniyatlarini oʻrganishga muvaffaq boʻlib kelmoqda. Tabiiyki, sayyoramiz haroratining koʻtarilib borishi, uning sabab va oqibatlari borasida ham ilmiy asoslar, ishonchli tahlil va dalillar borligiga ishonamiz.

    Xoʻsh, biz yuqorida taʼkidlagan issiqlik toʻlqinlarining ortib borishi, ultrabinafsha nurlar indeksi-yu magnit boʻronlarining faollashishi qanchalik xavfli? Umuman, bu hodisalar nima sababdan soʻnggi yillarda kuchayib bormoqda va yuzaga kelish omillari nimalardan iborat? Shu kabi savollar bilan OʻzR FA Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi Chori ShERDANOVga yuzlandik.

    6">

    ...

    — Yuqoridagi holatlar bevosita Quyosh bilan bogʻliq boʻlgani bois, suhbatimizni aynan ushbu osmon jismining tabiati va uning nurlari bilan boshlasak oʻrinli boʻladi, nazarimda, — deydi mutaxassis. — Koʻpchilikka yaxshi maʼlum, Quyosh bizga eng yaqin yulduz hisoblanadi. Uning yuzasidagi harorat 6000 darajani tashkil etadi. Bunday haroratda har qanday metall, tosh ham gazga aylanadi, shu sababli uni “gaz shari” deyish mumkin.

    Ushbu ulkan osmon jismi oʻzidan barcha toʻlqin uzunlikdagi nurlarni tarqatadi. Biz koʻzga koʻrinadigan optik nurlarnigina koʻramiz. Lekin ularga yondosh boʻlgan ultrabinafsha nurlar ham Yergacha yetib keladi. Yaʼni Quyosh odatda oʻzidan koʻrinmas nurli toʻlqinlarni tarqatadi va uning katta qismi atmosfera qobigʻida tutilib, qolgan qismi Yer sirtiga tushadi. Bu nurlar prizma orqali kuzatilganda yetti xil rangga ajralishini koʻrish mumkin. Masalan, ultrabinafsha, infraqizil nurlar degandek. Ularni inson koʻzi ilgʻamaydi, ammo aynan shu koʻrinmas nurlar organizmga koʻproq taʼsir oʻtkazadi.

    Bu faqat zararli taʼsirlardangina iborat emas. Gap shundaki, aslida, Quyosh nurlari inson tanasi uchun foydali. U organizmga kerakli D vitamini hosil boʻlishiga yordam beradi. Immunitet tizimini mustahkamlab, zararli bakteriyalarni yoʻq qiladi. Quyosh inson tanasida “baxt” va “xursandchilik” gormonlari ishlab chiqarilishini taʼminlaydi. Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, shimolda istiqomat qiladigan aholida depressiyaga tushish holati janubda yashovchilarga qaraganda koʻproq kuzatilar ekan va bu Quyosh nuri yetishmasligi bilan bogʻliq.

    Ultrabinafsha nurlar esa Quyosh nurlari spektorining atigi 5 foizini tashkil etadi. Va Quyosh oʻzidan ushbu nurlarni doimiy ravishda maʼlum miqdorda tarqatib turadi. Biz zararli deb hisoblaydigan bu nurlarning foydali tomonlari ham bor. U immun tizimi meʼyorida ishlashini taʼminlaydi, tananing endokrin tizimini yaxshilaydi. Ammo ultrabinafsha nurlarning tarqalish meʼyorlari, yaʼni, oxirgi vaqtlarda qayd etilayotganidek, nurlanish indeksi ortib ketsa, inson salomatligiga xavf solishi mumkin.

    Meʼyordagi koʻrsatkichning ortishi koʻproq qishdan bahorga oʻtish vaqtida — atmosfera nisbatan toza boʻla boshlagan davrga toʻgʻri keladi. Bu vaqtda kuchsiz ultrabinafsha nurlarning Quyoshdan Yergacha yetib kelish ehtimoli nisbatan yuqori boʻladi. Ushbu hodisaning sogʻlom insonlarga taʼsiri deyarli kuzatilmaydi. Ammo sogʻligʻida muammosi bor odamlarda turli noxush holatlarning kechishi bilan sezilishi mumkin.

    Ultrabinafsha nurlar taʼsiri 0 dan 12 ballgacha indeksda ishlab chiqilgan. Shundan 4–5 ballgacha boʻlgani insonga zararsiz deb topilgan. Ammo 8 dan boshlab 10—12 ballga yetishi favqulodda holat, yaʼni xavfli, hisoblanadi. Bu zararli taʼsir, ayniqsa, kunning maʼlum vaqtida ortishiga kelsak, hodisa Quyoshning shu vaqtda gorizontdan balandda joylashishi bilan bogʻliq. Yaʼni quyosh tush paytida eng yuqoriga koʻtarilgan boʻladi va undan chiqayotgan nurlar deyarli yutilmasdan Yergacha yetib kelish ehtimoli bor. Shu sababli, ayrim vaqtlarda soat 11:00 dan 14:00 gacha ultrabinafsha nurlar taʼsiri nisbatan kuchli boʻladi. Bu vaqtda imkon qadar koʻchaga chiqmaslik, zarurat tugʻilganda esa bosh kiyim va boshqa quyoshdan himoya vositalaridan foydalanish kifoya.

    — Ultrabinafsha nurlar zararining ortishi oxirgi vaqtlarda koʻpaygandek. Bu qanday omillar bilan bogʻliq va ayni holat qancha vaqtgacha davom etishi mumkin?

    — Yuqorida taʼkidlaganimdek, aslida, bu jarayon doim boʻlib kelgan. Yaʼni Quyosh oʻzidan ultrabinafsha nurlarni tarqatar ekan, qaysidir vaqtda uning taʼsiri kuchayib yoki kamayib turishi tabiiy hol. Faqat oldinlari, yoki bunga eʼtibor berilmagan, yoki statistikasi yuritilmagan. Lekin yozning jazirama kunlarida koʻchada koʻp yurmaslik, ehtiyot choralarini koʻrishimiz lozimligi haqida azaldan ota-bobolarimiz ogohlantirib keladi. Garchi buning sabablari, ilmiy asoslari haqida tushunchalar boʻlmagan boʻlsa-da, Quyosh tikkaga koʻtarilgan vaqtda salomatlikka taʼsir koʻrsatishini odamlar doim bilgan.

    Bugungi kunga kelib zamonaviy ilm-fan imkoniyatlari har qanday tabiat hodisasini batafsil oʻrganish va doimiy ravishda statistikasini yuritish hamda maʼlumotlarni tezkor berib borishga sharoit yaratyapti. Shuning uchun bu haqida koʻp eshityapmiz.

    Endi buning ilmiy asoslariga toʻxtaladigan boʻlsak, ultrabinafsha nurlar taʼsirining maʼlum vaqtlarda ortishi qisman Quyosh faolligi bilan bogʻliq. Uning faolligi odatdagidan yuqori boʻlgan vaqtda oʻzidan juda katta energiyali zaryadlangan zarralar sochadi. Bu zarralar esa ultrabinafsha nurlarning kuchayishiga ham olib kelishi mumkin.

    Statistik maʼlumotlarning koʻrsatishicha, ultrabinafsha nurlar taʼsiri may oyining oxirlaridan boshlab, to sentyabr oyi boshlarigacha kuchli boʻladi. Yilning boshqa vaqtlarida esa zararli nurlar taʼsiri deyarli sezilmaydi. Chunki boshqa vaqtda bulutli kunlar koʻp boʻladi. Qolaversa, bu vaqtda havo qatlamida ortadigan chang zarralari ultrabinafsha nurlarini oʻtkazib yubormaydi yoki ularni zararsizlantira oladi. Yana bir sababi, qish oylarida quyosh gorizontdan ancha past boʻladi. Ammo ekologik holatning yomonlashib borishi bu holatni oʻzgartirishi mumkin. Agar shunday qoʻshimcha taʼsirlar boʻlmasa, ultrabinafsha nurlarning tarqalishi har yili deyarli bir xil kechadi, faqat yoz oylarida koʻproq, qishda esa aksincha boʻlishini kuzatish mumkin.

    — Bu yil anomal issiq kuzatiladi, degan taxminlar qanchalik asosli?

    — Buni odatda gidrometeorologiya mutaxassislari prognoz qiladi. Ammo xulosalar turli omillarga bogʻliq boʻlgani bois, oʻz yoʻnalishimdan kelib chiqib Quyosh faolligiga bogʻliq jihatlar asosida taxminlarni aytishim mumkin.

    Gap shundaki, ushbu osmon jismi oʻzining tabiatiga koʻra, 11 yillik sikli davomida turli faollikda boʻladi. Hodisa Quyoshdagi dogʻlarning koʻpayib-kamayib turishi bilan parallel tarzda kechadi. Dogʻlarning koʻp kuzatiladigan davrini Quyosh faolligining maksimumi, dogʻlar soni kam yoki yoʻq boʻlgan davr esa faollikning minimumi, deb ataladi. 2019-yil oxirida Quyosh faolligining 24-sikli tugab, yangi — 25 sikli boshlangan va u toʻrt yoki besh yilda maksimumga erishadi. Demak, hozirda faollik koʻtarilmoqda, bu Quyoshda chaqnashlar koʻp sodir boʻladi, degani.

    Quyosh faolligi yuqori vaqtda atmosfera harorati yuqori, faollik minimum paytlarda esa harorat past boʻlarkan. Maʼlumotlarda keltirilishicha, Quyoshda umuman dogʻ boʻlmagan vaqtlarda harorat pasayib, muzlik davrlar kuzatilgan. Harorat oʻzgarishi shu tarzda almashinib turadi.

    Agar havo harorati chindan Quyosh faolligi bilan bogʻliq boʻlsa, bu yil ham sayyoramizda ancha issiq harorat kuzatilishi ehtimoli bor. Chunki hozirgi vaqtda Quyosh faolligi oʻzining yuqori nuqtasiga yetgan. Bu holat bir necha yil saqlanib turishi mumkin. 25-sikl taxminan 7–8 yildan keyin minimum holatga tushadi va havo harorati nisbatan pasayadi.

    Ammo haroratning ortib borayotgani global isishga ham bogʻliq ekanini hisobga olsak, yuqoridagi holatning buzilish ehtimoli mavjud. Yaʼni, Yerdagi harorat qisman inson faoliyati bilan bogʻliq. Avvallari bu juda kam foizni tashkil etgan, ammo borgan sari ushbu koʻrsatkich kuchayib bormoqda. Masalan, oʻrmonlarning oʻzlashtirilishi, daraxtlarning kesilishi, kosmik apparatlarning uchirilishi kabilar ham Yerdagi haroratning isib borishiga olib kelyapti.

    Olimlar issiqlik toʻlqinlarining sabablaridan biri global isish bilan bogʻliqligiga doir ishonchli dalillar eʼlon qilib bormoqda. Zavod va avtomobillardan chiqayotgan zaharli tutunlar Yer atmosferasining maʼlum bir qatlamida toʻplanib, issiqxona effektini keltirib chiqaradi, natijada harorat koʻtarilishiga olib keladi. Afsuski, Yer yuzidagi havo harorati inson omili va sanoat issiqxona gazlarining taʼsirida ortib borayotgani hamda jiddiy oqibatlarni yuzaga keltirayotgani shunchaki vahimali gaplar emas. Birgina misol, bugungi kunda atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar koʻrsatkichi sanoat inqilobidan oldingi davrga nisbatan 43 foizga oshgan. Buning taʼsirida Yerning oʻrtacha harorati oshishda davom etyapti. Agar zararli gazlar tarqalishi toʻxtamasa, olimlar sayyoramiz oʻrtacha harorati 4 darajaga oshishini taxmin qilmoqda. Bu esa quruqlikning katta qismini inson hayoti uchun yaroqsiz holga keltirib qoʻyishi mumkin.

    Dunyo mamlakatlari bunga qarshi birlashayotgani, tabiat yashilligi va atmosfera sofligini saqlab qolishga intilayotgani boisi ham shunda. Oʻzbekiston soʻnggi yillarda bu borada faol davlatlar qatoriga qoʻshildi. Mamlakatimiz “yashil rivojlanish” yoʻlida aniq harakatlarni amalga oshirib, jahon maydonida oʻz taklif va tashabbuslarini ilgari suryapti. Shu yilning 2-iyun kuni Qirgʻiz Respublikasining Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida ham Oʻzbekiston tomoni ilgari surgan 7 ta taklif orasida iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish masalasining ham borligi buning yaqqol isboti.

    — Suhbatimizni “magnit boʻronlari” mavzusi bilan davom ettirsak. Oxirgi vaqtlarda uning kuchayishi bilan bogʻliq xabarlar shu qadar koʻp eʼlon qilinyaptiki, goʻyo har kuni magnit boʻroni taʼsirida yurgandekmiz. Hatto, salomatligimizdagi kichik oʻzgarishlarni ham ushbu hodisaga bogʻlaydigan boʻlib qoldik.

    — Bu ham Quyosh faolligining ortishi bilan bogʻliq. Bu jarayon sayyoramiz yuzida bir vaqtda kuzatiladi va buni koʻpchilik his qiladi. Magnit boʻroni hodisasi Quyosh chaqnashlari tufayli yuzaga keladi. Chaqnashlar qancha koʻp boʻlsa, magnit boʻroni shuncha koʻp kuzatiladi. Gap shundaki, Yer kosmik jismlar, ayniqsa, Quyoshdan kelayotgan nurlanish (radiatsiya)dan bizni himoyalovchi magnit maydoniga ega. Quyoshda esa vaqti-vaqti bilan massa otilishlari, chaqnashlar, zarb toʻlqinlari kabi hodisalar sodir boʻlib turadi. Bu hodisalar Quyoshdan hamma yoqqa sochilib ketuvchi yuqori energiyali elementar zarralar paydo boʻlishiga olib keladi. Zarralar harakati yoʻnalishida Yer turgan boʻlsa, ular albatta, magnitosferaga tushadi. Mabodo zarb toʻlqinlari yoki Quyosh shamoli koʻrinishidagi zarralar oqimi magnitosfera bilan toʻqnashsa, Yer magnit maydoni gʻalayonlanib, tebrana boshlaydi, yaʼni normal holatdan chetga chiqadi. Bunday jarayon “magnit boʻronlari”, deb ataladi. Odatda bu hodisa bir necha daqiqadan bir necha kungacha davom etishi mumkin.

    Oxirgi vaqtlarda quloqqa koʻp chalinayotgan “magnit boʻroni” atamasi azaldan mavjud. U ilk bor XIX asr boshida nemis olimi Aleksandr fon Gumbold tomonidan qoʻllanilgan. Olimning tashabbusi bilan XIX asrning 30 yillarida magnit maydonni oʻlchash uchun observatoriyalar tarmogʻi barpo etildi. Keyinchalik olimlar tomonidan magnit boʻronlarini keltirib chiqaruvchi Quyoshdan kelayotgan elektron va ionlar, geomagnit maydon bilan taʼsirlashuvchi Quyosh plazmasi oʻrganildi. 1961-yilda AQSHlik astrofizik Parker tomonidan Quyosh shamoli kashf etilishi magnit boʻronlarini hozirgi zamon darajasida tushunishga olib keldi.

    Demak, Quyoshdagi dogʻlar portlashi taʼsirida paydo boʻladigan zaryadlangan zarralar Yerga yetib kelib, magnit maydonini toʻlqinlantiradi. Ammo chaqnashlarda paydo boʻladigan zaryadlangan zarralarning hammasi ham sayyoramizga yetib kelavermaydi. Buning uchun dogʻ Quyoshning gʻarb tomoniga oʻtishi va Quyoshdan chiqayotgan kuch chiziqlari yoʻlida Yer turgan boʻlishi kerak.

    Magnit boʻronlari vaqtida Yer atmosferasi qiziydi va uning bosimi oʻzgaradi, bu hol, shifokorlarning taʼkidlashicha, inson salomatligiga taʼsir etishi mumkin. Odatda, sogʻlom insonlar buni deyarli sezmaydi. Ammo surunkali kasalliklari bor odamlarga hodisa oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Statistik maʼlumotlarning koʻrsatishicha, magnit boʻronlari paytida yurak-qon tomir kasalliklari bor odamlarning sogʻligʻi yomonlashishi natijasida tez yordamga odatdagidan 20 foiz koʻp chaqiruvlar boʻlar ekan. Afsuski, hozircha dunyoda magnit boʻronlarini qaytarish imkoniyatlari mavjud emas. Shu bois, bunday vaqtda inson oʻzini himoyalashi va shifokor tavsiyalariga rioya etishi eng maqbul yoʻldir.

    — Magnit boʻronlarining kuzatilish tezligi va davom etish oraligʻi bundan keyin qanday kechadi? Bu boradagi prognozlar nimalarni koʻrsatmoqda?

    — Magnit boʻronlarining yuzaga kelishi Quyosh faolligi bilan bogʻliq ekan, yaqin 1–2 yilda ushbu hodisaning tez-tez kuzatilishi ehtimoli yuqori. Chunki Quyosh aktivligi maksimumga qarab ketmoqda va bu osmon jismidagi chaqnashlar oshib borishidan dalolat. Faollikning kuchayishi qaysi vaqtda sodir boʻlishini aniq aytib boʻlmaydi. Ammo magnit boʻronlarini prognoz qilish mumkin. Buning uchun Yer yaqinidagi kosmik fazo va atmosferaning yuqori qatlamlarida sodir boʻluvchi tabiiy hodisalar oʻrganiladi. Jarayonda Quyosh va kosmik jismlarning sunʼiy yoʻldosh teleskoplari yordamida olingan kuzatuv maʼlumotlaridan foydalaniladi.

    Geomagnit prognozlari odatda qisqa va uzoq muddatli davrni oʻz ichiga oladi. Qisqa davr bir sutka yoki bir necha soatni qamrab olib, bunda prognozlar ancha aniq boʻladi. Uzoq davrga moʻljallangan 27 sutkalik prognozlar esa taxminiy maʼlumotlarga asoslanadi. Sababi, bu vaqt ichida Quyoshda boʻlayotgan jarayonlar va Yerga tomon kelayotgan zarralar oqimining yoʻnalishi oʻzgarib ketishi mumkin.

    Magnit boʻronlarining taʼsiri asosan 2 xil indeks asosida oʻlchanadi. Ulardan biri Kr indeks boʻlib, u 0 dan 9 gacha boʻlgan koʻrsatkichga ega. Bu koʻrsatkich Yer magnit maydonining uch soat davomida normal holatdan chetlanishini ifodalaydi. Chetlanish 2-marta ortganda, maxsus indeks bir birlikka ortadi. Indeks qiymati 3 dan kam boʻlgan holda Yer magnitosferasi sokin hisoblanadi. Bunda sogʻlom insonlar uning taʼsirini sezmaydi ham. Indeks 3—5 ballga yetganda magnitosfera gʻalayonlangan deyiladi. U mana shu koʻrsatkichdan boshlab insonlar uchun xavfli hisoblanadi va indeks yuqorilagani sari taʼsiri kuchayib boradi. Indeksning 5 dan yuqori koʻrsatkichi magnit boʻronlari roʻy berayotganini koʻrsatadi. Surunkali kasalligi bor insonlar buni yaxshigina sezadi. Bordiyu, maxsus indeks 9 ballga chiqsa, u holda, magnit boʻroni, hatto, elektr tarmoqlarini ham ishdan chiqarishi mumkin.

    Yana bir jihat, koʻpchilik insonlar magnit boʻronlari kuchayishini yil fasllari bilan bogʻlaydi. Ammo, unday emas. Magnit boʻronlari Quyosh faolligi bilan bogʻliq va bu osmon jismi qachon faollashsa, Yerning magnit maydoni bosimi oshaveradi. Faollik minimum darajaga tushgani sari, magnit boʻronlari ham kamayib boraveradi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi