Yangi Oʻzbekistonning yaqin va oʻrta istiqboli taraqqiyoti dasturida mahalla institutiga alohida urgʻu berilishi uning ijtimoiy kapitalni shakllantirish va milliy birdamlikni mustahkamlashdagi beqiyos oʻrnini yana bir bor tasdiqladi. Bu mahallani nafaqat maʼmuriy birlik, balki betakror taraqqiyot modelining markaziy boʻgʻini sifatida qabul qilishga qaratilgan strategik yondashuvni aks ettiradi.
2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi mahalla institutiga davlat eʼtiborining yangi bosqichiga ishoradir. Bu nafaqat mahalla tizimini yanada mustahkamlash, infratuzilmasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, balki mahallaning ijtimoiy-siyosiy rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli davlat dasturlarini amalga oshirishni anglatadi. Ushbu tashabbus mahallani mamlakatning butun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining markaziga qoʻyishga qaratilgan. Zero, mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz ham shunday namoyon boʻladi.
Eʼtiborlisi, joriy yil ushbu yoʻlda juda katta maqsad va moʻljallar belgilanmoqdaki, ularning roʻyobi, shubhasiz, mahallalarni mamlakatimiz taraqqiyotining tayanch boʻgʻiniga aylantiradi. Masalan, Prezidentimiz raisligida 23-yanvar kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida joriy yil uchun 1 million nafar aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalarning sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilandi.
Yoki 2026-yilga moʻljallangan Davlat dasturi loyihasini olaylik. Bunga doir Prezident farmoni loyihasida qayd etilganidek, joriy yil birgina mahallani rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrnini yaratish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirib, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, mahallalardagi muammolarni bir vaqtning oʻzida tezkor hal etishda barcha davlat organlariga masʼuliyatni yuklab, ijroni 7/24 rejimda onlayn nazorat qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish kabi ustuvor vazifalar nazarda tutilmoqda.
Ha, maqsadimiz ezgu — odamlarni daromadli ish bilan taʼminlash, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish, moʻljalimiz aniq — kambagʻallik va ishsizlikni keskin kamaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish. Yuqorida aytganlarimiz — ustuvor vazifalar esa ana shu maqsadga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Demakki, mahalla jamiyatning eng asosiy poydevori. Bu — mahalla darajasidagi barqarorlik va ijtimoiy ahillik, umummilliy barqarorlikning garovi ekanini anglatadi. Mahalladagi ijobiy muhit aholi farovonligini taʼminlashga, ijtimoiy muammolarni erta aniqlash va hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, mahalla davlat va jamiyat oʻrtasidagi koʻprik vazifasini oʻtab, davlat siyosatining bevosita aholiga yetib borishini taʼminlaydi.
Bu yerda odamlar bir-birini yaxshi taniydi, qiyinchilikda yordam beradi, umumiy muammolarni birgalikda hal qiladi. Mahallaning anʼanaviy tuzilmalari, qariyalar kengashlari, xotin-qizlar qoʻmitalari va yoshlar yetakchilari orqali jamoaviy qarorlar qabul qilinadi, nizolar tinch yoʻl bilan hal etiladi va jamoat tartibi saqlanadi. Bularning barchasi aholi oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va birdamlikni mustahkamlab, ijtimoiy kapitalni boyitadi.
Azaldan mahalla instituti yurtimizda hukm surayotgan tinch-osoyishta hayot, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni saqlash, yoshlarni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar — doʻstona qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, yordamga muhtoj insonlarga gʻamxoʻrlik hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jarayoniga zalvorli hissa qoʻshib keladi. Mahalla instituti chet el tajribasini andoza qila olmaydigan yagona tizimdir. Buni xorijlik ekspertlar ham eʼtirof etib, uni oʻrganish kerakligini taʼkidlaydi.
Yutuqlar bilan birga xalqimiz mentalitetiga zid, masalan, “Oila — muqaddas” degan azaliy va ezgu gʻoya qadrsizlanishi bilan bogʻliq ayrim holatlar ham uchrayotgani achinarlidir. Bunday paytda mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, koʻpni koʻrgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solishga qodir.
Qolaversa, mahalla tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim markaz. Jamiyatimizning eng quyi boʻgʻinigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani oʻzini oqlamoqda. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni oshirish uchun yetarli resurs ajratildi. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yoʻnaltirilyapti. Mahallalarga biznes muhiti, oilalarga esa farovonlik kirib borganini odamlar oʻz hayotida his etmoqda.
Bunday keng koʻlamli saʼy-harakatlar hisobiga Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻallikni 2 karra qisqartirish boʻyicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti. Oldinga qoʻyilgan maqsadlarga erishish uchun yettita ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilmoqda.
Odamlarning bilimini oshirmasdan turib, ularni “kambagʻallik girdobi”dan chiqarish imkonsiz. Shu bois, mamlakatimizda sifatli taʼlim asosida inson kapitalini rivojlantirishga uzoq muddatli istiqbolda kambagʻallikni qisqartirishning asosiy “drayveri” sifatida qaralmoqda. Birgina misol, bolajonlarning bogʻchalardagi qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million nafar ayol taʼlim olish, kasb-hunar oʻrganish va daromad topish imkoniga ega boʻldi. Bu ishlarni davom ettirib, kambagʻal oilalar farzandlarini maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Har bir kambagʻal oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli yigit yoki qiz boʻlishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlari koʻpaytirilayotgani quvonarli. Bunday oilalarni aniqlashda, albatta, mahallaning oʻrni alohida.
Shu bilan bir qatorda, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoitlar yaratish — koʻp oʻlchovli kambagʻallikni qisqartirishda muhim qadam boʻladi. Shu maqsadda dastur asosida qariyb 3,5 million aholi yashaydigan, sharoiti ogʻir mingta mahallada infratuzilma yaxshilanishi belgilandi. Natijada 2025-yilda 470 ming xonadonga qarashli tomorqaga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.
2026-yili mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratilmoqda. Bunda 32 ta tuman va ijtimoiy sharoiti ogʻir 328 ta mahallani tanlab, ularni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi. Bu — yangi tajriba. Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yoʻl, maktab va bogʻcha qurish boʻyicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.
Joriy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi mahalla vakillarining oʻz vazifalarini yanada uyushqoqlik bilan olib borishi uchun, avvalo, ishga munosabati va masʼuliyatini oshirish, hududlardagi ishlarni toʻgʻri tashkil etish, mahalla — adolat mezoni ekani, ularning ishi shu mezonlarga tayanishi lozimligini har doim yurakdan his qilishga undashi lozim. Zero, mahalla, eng avvalo, farovon oilalarimiz, qadriyatlar beshigi boʻlgan mahallada oʻsib-ulgʻayayotgan maʼnaviy va jismoniy barkamol yoshlarimiz, koʻrkam qishloqlarimiz, zamonaviy va fayzli maskanlarimizdir. Bu — mahallalarda toʻplanib qolgan muammo va kamchiliklarni oqilona hal etish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylashda bizga berilgan katta imkoniyat boʻldi. Binobarin, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va taʼsirchan vertikal tizimi yanada mustahkamlanadi.
Mahallani rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarni, avvalo, oʻz ish uslubimiz uchun asosiy tamoyil sifatida belgilab olishimiz, bu gʻoyalarni keng jamoatchilik orqali xalqimiz turmush tarzi va madaniyatiga singdirishimiz lozim. Natijada mamlakatimizning barcha hududlarida obod goʻshalar, koʻrkam maskanlar, mahallalarimizda namunaviy xonadon va koʻchalar soni ortib boraveradi. Ana shundagina odamlarimizning hayotga ishonchi yuksalib, yashashga, kelajakka intilishi yanada kuchayadi.
Joylarda tegishli topshiriqlar ijrosini taʼminlash doirasida mahallalardagi har bir koʻchani obodonlashtirish, xonadon va tomorqa madaniyatini rivojlantirish, oilalarni mustahkamlash, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni kengaytirish lozim. Ijtimoiy faol keksa avlod vakillarini keng jalb etgan holda yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish, ularning maʼnaviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar mahalla obodligi va xavfsizligi, oʻz navbatida, yurt tinchligi va osoyishtaligiga xizmat etadi.
Shu maʼnoda, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida vatanparvarlik, milliy gʻurur, bagʻrikenglik, oilaparvarlik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni shakllantirish uchun mustaqil ish sifatida “Mening mahallam — mening faxrim” mavzusi boʻyicha loyihani yoʻlga qoʻyganmiz. Talabalar oʻz mahallasi tarixi, hurmatli insonlari, anʼanalari, zamonaviy hayot faoliyati haqida albom-taqdimot ishlab chiqadi, ularni guruhda, mahallada taqdimot qiladi, mahalla rivoji boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini tayyorlaydi.
Ushbu loyiha universitetimizda 2017-yildan buyon davom etib kelmoqda. Oʻtgan davrdagi kuzatuvimiz shuni koʻrsatmoqdaki, loyihalarni bajarish, izlanish olib borish, ularni taqdimot qilish jarayonlari talabaning dunyoqarashiga ijobiy taʼsir etmoqda, ularda maʼlum bir maʼnaviy yuksalish sezilmoqda. Mazkur tajribani butun respublikada ommalashtirishga kirishildi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va Yoshlar ishlari agentligining 2025-yil 13-avgustdagi “Oliy taʼlim tashkilotlarida “Mening mahallam — mening faxrim” loyihasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilindi. Mazkur loyiha bevosita universitetimiz boshchiligida amalga oshirilayotir. Loyiha talabalarda yurtga sadoqat, bagʻrikenglik, vatanparvarlik va mehr-oqibat hissini rivojlantirish, jamiyatimiz asosi boʻlgan mahalla institutining mazmun-mohiyatini chuqur oʻrganishga xizmat qiladi.
“Mening mahallam — mening faxrim” loyihasida ortiqcha dabdababozlik yoʻq, aksincha, bu oddiy kundalik ishimiz sifatida namoyon boʻlishi kerak. Yaʼni oliy taʼlim muassasalari falsafa fanini oʻqitish jarayonida mustaqil ishni bajarish uchun talabalarni oʻz mahallalariga yoʻllaydi, tayyorlagan taqdimotini baholaydi. Mahallalar esa talabalarga loyihani bajarish uchun sharoit yaratadi, yoshlar yetakchisi talaba bilan hamkorlik qiladi, talabani mahalla faoliyatiga jalb etadi.
Xuddi shu kabi mahalla xotin-qizlar faoli talaba qizlarimiz bilan hamkorlik qiladi. Aʼlochi, jamoat ishlarida faol talabalar va ularning ota-onalari moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantiriladi. Bu esa yoshlar, umuman, aholining ilm-fanga qiziqishini kuchaytiradi, yoshlar oʻz mahallasi bilan tanishadi, keyinchalik qayerda boʻlishidan qati nazar, mahallasini eslab yuradi. Xullas, ushbu tashkilotlar hamkorligida har yili mahallalarga kamida 300-400 ming talaba boradi, bu esa katta muvaffaqiyat — jamiyatimizda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligiga erishishga katta hissa qoʻshish degani.
Mamlakatimizda 1 million 700 mingdan ziyod talaba bor. Agar loyiha ularning barchasini qamrab olsa, mahalla chinakam qadriyatlar maskaniga aylanadi. Chunki yoshlar, talabalar gʻoyaga boy, tashabbuskor. Talabalarning ana shunday kreativ gʻoyalari mahallani harakatga keltiradi. Toʻy va marosimlar oʻtkazishga, dangʻillama imorat va hashamatli avtomobillar sotib olishga mukkasidan ketgan odamlar isrofgarchilikka emas, balki ilm-fanga, farzandlarini bilimli qilishga pul, sarmoya ajrata boshlaydi. Mahallalarimizda chinakam maʼnodagi milliy qadriyatlar mustahkamlana boshlaydi.
Qolaversa, Uchinchi Renessans ustunlari boʻlgan professor-oʻqituvchi va pedagoglarning talabalar bilan birga mahallaga kirib kelishi mahalla rivojiga, qiyofasining oʻzgarishiga, kambagʻal oilalar kamayishiga olib keladi. Faol talabalar mahallalardagi uyushmagan yoshlarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Joylarda oʻquvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilyapti. Talabalar loyiha doirasida maktab oʻquvchilari bilan uchrashib, oʻzlarining boʻlajak kasblari haqida yoshlarga tushuncha bermoqda. Bu jarayon oʻquvchi yoshlarda kasbga oid maʼlum tasavvurlar hosil qilishiga yordam beradi.
Shu bilan birga, yoshlar oʻz mahallasi tarixi, taniqli insonlari haqida maʼlumotga ega boʻladi. Bu esa ertangi kun egalarida axloqiy fazilatlarni yuksaltiradi. Kuzatishlarimizga koʻra, bu holat oʻquvchilarda puxta bilim olishga qiziqishni oshirmoqda. Demakki, loyiha orqali ikkita maqsad — mahallani qadriyatlar va ilm maskaniga aylantirish, bu bilan Uchinchi Renessans poydevorini qurishga yoʻl ochgan boʻlamiz.
Kezi kelganda yana bir fikrni aytish oʻrinli. Loyiha ezgulikka, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan ekan, demak, ijtimoiy fanlarga eʼtibor kuchaytirilayotgani samara beryapti. Aks holda, dunyoqarashi bir tomonlama shakllangan, oʻzidan boshqani oʻylamaydigan, xalq, davlat va jamiyat tushunchalaridan begona va bugungi kunda chet ellarda “boy berilgan avlod” deya atalayotgan yoshlar sinfi bizda ham vujudga kelishi mumkin edi.
Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida “Bundan 60-70 yil ilgari Ikkinchi jahon urushidan keyingi qiyinchilik va moddiy taqchillik yillarida xorijda ishlab chiqilgan va asosan, maʼnaviyat va gumanitar taʼlimga pul sarflash zarur emas deb hisoblangan va mutlaq gʻoyasizlikka asoslangan ijtimoiy konsepsiyaning oqibatlari qanday boʻlganini bugun koʻrib turibmiz”, deya qayd etadi. Demak, ijtimoiy fanlarni oʻqitishga eʼtiborni ayamasligimiz kerak. Besh yil, oʻn yil oʻtar, sarflangan mablagʻ izsiz ketmaganining guvohi boʻlamiz.
Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlar tajribasi ham taʼlim va tarbiyaga sarflangan moliya oʻzini oqlaganini butun dunyoga namoyon qildi. Shunday ekan, taʼlim tizimining barcha bosqichlarida ijtimoiy fanlarni qay tarzda taqsimlash, oʻqitish va amaliyot soatlarini qanday tashkil etishga doir maxsus konsepsiyani ishlab chiqish ehtiyojga aylandi. Shu sababli Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida aytganidek, “Uzluksiz taʼlim tizimida ijtimoiy fanlarni oʻqitish tartibi va tamoyillari toʻgʻrisida” qonun ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish ehtiyoji mavjud. Shundagina biz milliy iqtisodiyotimizning barcha sohalarida har tomonlama bilimli, chinakam zamonaviy kadrlarni tayyorlashga erishamiz.
2026-yilning mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi mahalla institutiga davlat eʼtiborining yanada oshgani, mahallalardagi bunyodkorlik ishlarining yangi bosqichiga ishoradir. Bu nafaqat mahalla tizimini yanada mustahkamlash, uning infratuzilmasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, balki mahallaning ijtimoiy-siyosiy rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli davlat dasturlarini amalga oshirishni anglatadi. Ushbu tashabbus mahallani mamlakatning butun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining markaziga qoʻyishga qaratilgan.
Biz mahallaning xalq bilan davlat oʻrtasidagi “koʻprik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishini taʼminlashimiz, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirishimiz, jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirishimiz lozim. Buning uchun esa mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini taʼminlash, har bir fuqaro oʻzi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini taʼminlashda masʼuliyatni sezishi, boqimandalikka oʻrganmaslik hissini yanada kuchaytirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini kengaytirish zarur.
Oʻz navbatida, bular fuqarolarning oʻz uyi va koʻchasini ozoda saqlash, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilish, maʼnaviy va maʼrifiy ishlarda mahallaning oʻrnini kuchaytirish, aholi oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, “mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatishga safarbar etadi. Shuningdek, mahallalardagi muammolarning oʻz vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillari saʼy-harakatlarini birlashtirish, mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambagʻal fuqarolarga ajratilayotgan byudjet va boshqa mablagʻlarning maqsadli va manzilli yoʻnaltirilishini taʼminlash, mahallalarning moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga xizmat qiladi.
Qisqasi, Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasi Oʻzbekistonning bugungi va kelajak taraqqiyotida mahalla institutining muhimligini strategik darajada belgilab berdi. Mahalla bu — nafaqat oʻzbek jamiyatining tarixiy merosi, balki ijtimoiy kapitalni shakllantiruvchi, milliy birdamlikni taʼminlovchi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi va umuman, mamlakat tinchligi hamda ravnaqidagi asosiy poydevor hamdir.
Ismoil SAIFNAZAROV,
TDIU professori, falsafa fanlari doktori