Mahallalarda tadbirkorlik rivojlantirilsa aholi turmushida ham katta oʻzgarishlar boʻladi

    Ijtimoiy hayot 5 Iyul 2023 1431

    Bu, Nurafshon shahridagi “Bobur” mahallasi aholisini uyma-uy yoʻqlayotgan, ularning turmushi bilan qiziqayotgan, muammolarini hal etishda koʻmaklashayotgan hokim yordamchisi Husniddin Tillaxoʻjayev boʻladi.

    Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy koʻmaklashish, daromadli mehnat bilan ular bandligini taʼminlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambagʻallikni qisqartirish, mamlakat, viloyat, tuman va shaharlarda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini bevosita mahalla darajasiga tushirish maqsadida Respublika Prezidentining 2021-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu mahalla ahli turmushida ham tub burilish yasadi.

    Mazkur farmon bilan mahalla boshqaruv tizimida hokim yordamchisi lavozimi ham belgilandi. Shunday lavozimga tayinlangan Husniddin Tillaxoʻjayev katta shijoat va ishtiyoq bilan ishga kirishdi. Dastlab mahalla aholisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirdi. Chunki, mahallaning qayerida puls qanday urishini bilgach, tashxis qoʻyish ham oson kechadi-da.

    Mazkur mahalladagi 343 ta xonadonda 1694 nafar aholi yashaydi. Hokim yordamchisi va mahalla fuqarolar yigʻini masʼullarining saʼy-harakatlari bilan aholi toʻliq “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritildi.

    Qolaversa, ushbu xatlov yakuniga koʻra, mahalla aholisi toʻrt toifaga taqsimlandi. Birinchi toifaga daromadi kam, ishsiz, ammo kasb oʻrganishga, daromad topishga harakat qilayotgan aholi yashayotgan xonadonlar kiritildi. Ular 9 ta ekan. Ikkinchi toifaga kirgan doimiy daromadga ega va qoʻshimcha daromad topish istagi bor xonadonlar 171 ta chiqdi. Nogironligi va bemor aʼzolari bor, boquvchisini yoʻqotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj 25 ta xonadon uchinchi toifaga kiritildi. Toʻrtinchi toifaga kirganlar, yaʼni oʻziga toʻq xonadonlar – 138 ta ekanligi ayon boʻldi.

    Mahalladagi xonadonlar turmushi bilan yaqindan tanishgan Husniddin Tillaxoʻjayev ularga imkoniyat darajasida yordam berishga ahd qildi. Oʻtgan 2022-yilda 136 kishi uning koʻmagi bilan ishli boʻldi, 36 kishi esa mavsumiy yumushlarga jalb etilda. Yana 50 nafar odam kasb-hunarga oʻqitilib, hunarli boʻldi va doimiy ish bilan taʼminlandi.

    Hokim yordamchisining eʼtiboridan uy bekalari ham chetda qolmadi. Mohlaroy Xudoynazarova oddiy uy bekasi edi. Qoʻshimcha daromad topish imkoni borligi bois unga imtiyozli kredit ajratildi.

    — Menga 33 million soʻm 14 foizli imtiyozli kredit ajratilish jarayoni oson kechdi, ortiqcha ovoragarchilik, sarsongarchilik boʻlmadi. Butun oilamiz nomidan hokim yordamchisiga minnatdorlik bildiraman, — deydi u.

    M.Xudoynazarova oʻsha mablagʻ evaziga barpo etgan 3 sotixli issiqxonasida erta koʻklamda pomidor va bodring yetishtirib bozorga chiqardi. Daromadi ham shunga yarasha boʻlyapti.

    Raqamlarga tayanadigan boʻlsak, oʻtgan 2022-yil davomida “Bobur” mahallasidagi hokim yordamchisining tavsiyasi va koʻmagi bilan 53 ta loyiha uchun 1 milliard soʻm miqdorida kredit ajratildi. Natijada qoʻshimcha 53 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Bundan tashqari, shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi rahbari Bahriddin Karimov bilan hamkorlikdagi ishlar samarasi oʻlaroq mahallaning bir guruh fuqarolari tadbirkorlikka oʻqitildi. Hokim yordamchisi ularning 11 ta loyihasini amaliyotga samarali tatbiq etish uchun 48,8 million soʻm miqdorida subsidiya ajratishga tavsiya bergan. Pirovardida yetti nafar fuqaro ishli boʻldi.

    2022-yil mobaynida mahallada 28 ta yuridik tashkilot va 14 ta yakka tartibdagi tadbirkor roʻyxatdan oʻtgani ham hokim yordamchisining mahalla ahliga qanday qayishayotganini, aholi bilan hamjihatlikda ishlayotganini isbotlab turibdi.

    Mahalla idorasida hokim yordamchisi bilan muloqot qilib, ortga qaytar ekanmiz, ichkaridan telefon jiringlagani va Husniddin Tillaxoʻjayevning tovushi eshitildi:

    – Husniddinman, mahalladagi hokim yordamchisi...

    Otabek ISROILOV,

    jurnalist