Bu sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga, hali ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Xususan, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishdagi an’anaviy yondashuvlar bugungi kun talablariga javob bermay qola boshladi. Shu bois, hukumatimiz tomonidan mutlaqo yangi, manzilli va tizimli mexanizmlar joriy etishga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi. Bu mexanizmlar orqali qizil va sariq toifali mahallalardagi jinoyatchilikka ta’sir etuvchi omillarni chuqur o‘rganish bilan bog‘liqdir. Qizil va sariq toifadagi mahallalarda maxsus ishchi guruhlar tashkil etilib, bu guruhlar mahallaning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy holatini to‘liq o‘rganib, jinoyatchilikka olib kelayotgan omillarni aniqlamoqda. Har bir xonadon, har bir oila bilan alohida ishlash konsepsiyasi joriy etildi. “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali kam ta’minlangan, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli profilaktika ishlari yo‘lga qo‘yildi. Kiberjinoyatchilik va firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida huquqiy savodxonlik bo‘yicha onlayn darslar, videoroliklar va mobil ilovalar tayyorlanib, 2024-yilda ushbu platformalar orqali 1 milliondan ortiq foydalanuvchi zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, jinoyatlarni keltirib chiqarayotgan ijtimoiy-maishiy muammolar ijtimoiy profilaktika vositasi orqali hal qilinishi ko‘zda tutilgan holda, shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish, fuqarolarda mas’uliyat tuyg‘usini oshirishga doir tadbirlar tashkil etilmoqda. Olib borilayotgan tadqiqotlar va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyatlarning ko‘p qismi muayyan ijtimoiy-maishiy muammolar tufayli kelib chiqmoqda. Ishsizlik, oilaviy nizolar, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etmaslik, huquqiy savodxonlikning past darajada ekani kabi omillar jinoyatchilikka olib kelayotgan asosiy sabablar sirasiga kiradi. Xususan, 2024-yilda respublika bo‘yicha jami 78 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shularning 40%dan ortig‘i mahalladagi ijtimoiy muammolar natijasida yuzaga kelgani qayd etilgan. Jinoyatlar sodir etilgan hududlarning 35% “qizil”, 27% “sariq” toifadagi mahallalarda joylashgan. Kiberxavfsizlik sohasida 58,8 mingta jinoyat sodir etilgan, ularning 97,7% fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlash bilan bog‘liq. Ayniqsa, 16–30 yoshdagi yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar umumiy jinoyatchilikning 28%ini tashkil etadi. 2023 yilda 13–17 yoshli 3599 nafar voyaga yetmaganlar jinoyat sodir etgan bo‘lib, bu 2019 yilga nisbatan 4,4 barobar ko‘pdir. Jinoyatlarning 59,4% yoshlar va 36,1% ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan. Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ham oxirgi 3 yilda 12%ga o‘sgani qayd etilgan.
Shu bois, mahallalarda barvaqt profilaktik ishlarini yo‘lga qo‘yish, jinoyat sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni ildizi bilan bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirda respublika bo‘ylab tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan mahallalardagi kriminogen vaziyatlar, ijtimoiy ahvol, aholi bandligi va maishiy sharoit o‘rganilmoqda. Ushbu tadqiqotlar natijasida har bir hudud uchun manzilli chora-tadbirlar, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Ayniqsa, yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida maxsus dasturlar amaliyotga joriy etilib, ushbu mexanizmlar orqali ehtiyojmand toifalar bilan individual tarzda ish olib borilmoqda. Bu jarayonda mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, psixologlar va ijtimoiy xodimlar hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, huquqiy madaniyatni oshirish maqsadida aholi uchun onlayn o‘quv kurslari, amaliy tavsiyalar, profilaktikaga oid qo‘llanmalar tayyorlanmoqda. Bu jinoyatchilikning yangi shakllari — kiberhujumlar, internet orqali firibgarlik kabi holatlarga qarshi samarali kurashish imkonini bermoqda. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati, fuqarolarning faol ishtiroki muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish – jinoyatlarning barvaqt oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyoda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan bir qator ilg‘or tajribalar mavjud. Masalan, Yaponiyada har bir mahallada “jamoaviy nazorat guruhlari” faoliyat yuritadi. Ular huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda muntazam profilaktik reydlar o‘tkazadi. Shvetsiyada jinoyatga moyil shaxslar maxsus psixologik va ijtimoiy dasturlar orqali nazoratga olinadi va ularga bandlik, ta’lim, tibbiy yordam masalalarida imtiyozlar beriladi. Singapurda har bir aholi punktida jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maxsus inspektorlar faoliyat olib borib, jinoyatlarga olib keladigan omillarni muntazam monitoring qilib boradi.
Ushbu amaliyotlar tahlil qilinib, ularning mamlakatimiz sharoitiga moslashtirilgan shakllari ishlab chiqilmoqda. Bunday tajribalar asosida onlayn kurslar, aholi uchun amaliy tavsiyalar va profilaktik tadbirlar tashkil etish nazarda tutilmoqda. Masalan, “Mahalla inspektori”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” kabi mexanizmlar mana shu g‘oyalar zamirida joriy etildi. Xalqaro tajribalarga tayanib, “qo‘shnichilik nazorati”, “mahalla xavfsizlik indeksi” kabi innovatsion yondashuvlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunda har bir fuqaro nafaqat kuzatuvchi, balki xavfsizlikni ta’minlashda ishtirokchi, tashabbuskor sifatida maydonga chiqadi.
Yuqorida qayd etilgan ishlar natijasida jinoyatchilikni kamaytirish, xavfsizlikni ta’minlashda ilmiy asoslangan, manzilli va samarali yondashuvlarga e’tibor qaratilayapti. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda ishonch, xotirjamlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Huquqbuzarliklar faqat jazo bilan emas, balki ogohlantirish, ta’lim, ijtimoiy ko‘mak va jamoaviy mas’uliyat orqali kamayishi mumkin. Har bir mahalla fuqarosi o‘zining xavfsizligi uchun mas’ul ekanini his etishi, jamoatchilik nazoratining kuchayishi va huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi bugungi kun talabi hisoblanadi. Jinoyatlarning barvaqt oldini olish — bu nafaqat davlat, balki har bir fuqaro, har bir oila, har bir mahallaning burchidir. Fuqarolarning ishtiroki – xavfsizlikning kafolatidir. Ular nafaqat nazoratchi, balki tashabbuskor va hamkor sifatida jalb etilishi kerak. Huquqbuzarlik sodir bo‘lganidan keyingina emas, unga olib kelayotgan vaziyatni erta aniqlash, ogohlantirish va yechim taklif qilish — bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Shomansur Shayakubov,
TDYU dotsenti