Mahalliy arzonlashtirilgan koʻmir mahsuloti 15-sentyabrdan ommaviy tarzda berila boshlaydi — “Oʻzbekkoʻmir”

    Sanoat 2 Sentabr 2022 1576

    Mahalliy koʻmirni qayerdan va qay tartibda harid qilish mumkin? Aholida tushayotgan savollarga “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari javob beradi.

    Savol: Assalomu alaykum! Aholiga qish mavsumi uchun koʻmir qachon beriladi, koʻmirni qanday tartibda olish mumkin? Aholiga moʻljallangan koʻmirning sifati qay darajada boʻlishi kerak? Bizga mayda koʻmir berilishi mumkinmi? Mahsulot sifatidan qoniqmasak, kimga murojaat qilamiz?

    Bahrom Usmonov,

    Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Mirzachoʻl MFY.

    Javob: Aholi ehtiyojlari uchun mahalliy arzonlashtirilgan koʻmir mahsuloti 15-sentyabrdan ommaviy tarzda berila boshlaydi. Bu ish “Koʻmir taʼminot” MCHJning respublika boʻyicha 101 hududiy koʻmir ombori va shaxobchasi orqali amalga oshiriladi.

    Siz qish mavsumida koʻmir mahsulotiga ehtiyoj sezsangiz, hozirdanoq oʻzingiz istiqomat qilayotgan MFYga murojaat qilib, koʻmir oluvchilar roʻyxatiga kiritilishingiz kerak. Ushbu roʻyxat shakllantirilgach, mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanadi va uyingizga yaqin koʻmir omboriga yuboriladi. Koʻmirni ana shu roʻyxatga muvofiq xarid qilishingiz mumkin.

    Aholiga moʻljallangan mahalliy koʻmir markasi - BR, namligi - 40 foiz, kullik darajasi 17 foiz, fraksiyasi -0-300 mm. Narxi (1 tn) - 300 300 soʻm.

    Mahalliy koʻmir harid qilayotganda, mahsulotning sifat sertifikatiga muvofiqligini tekshiring.