Tadbirni O'zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo'ja ochib berdi. SHundan so'ng Innovatsion rivojlanish vaziri so'zga chiqib, jadidchilikka oid maxsus platforma yaratish ustida ish olib borilayotganini aytib o'tdi. Konferentsiyada Evropa, Rossiya va Evroosiyo ta'lim markazi direktori o'rinbosari, AQSH Michigan davlat universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi SHarqshunoslik instituti qoshidagi Rossiya Davlat Huquqshunoslik universiteti, Turkiyaning Ege Üniversitesi, Bobojon G'afurov nomidagi Xo'jand Davlat universiteti hamda Ozarbayjon Milliy ilmlar Akademiyasi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot institutidan mutaxassis-olimlar ma'ruzalar bilan ishtirok etishdi.

— Konferentsiyani tashkil etishdan asosiy maqsad, mamlakatimizda jurnalistika va kommunikatsiyalar sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligini oshirish hamda Mahmudxo'ja Behbudiyning merosini o'rganishda mahalliy va xorijiy olimlar o'rtasida ilmiy aloqalarni o'rnatish, yosh olimlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashdir, — dedi O'zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo'ja. — Agar jadidlar faoliyatiga to'liq yo'l berilganida edi, biz bugun ikkinchi emas, uchinchi Renessans davrida rivojlanayotgan bo'lar edik. SHunday ekan, bugungi tinch va ilmga keng imkoniyatlar yaratilayotgan davrda jadidlar tarixi, adabiy-badiiy merosi, ularning ilm-ma'rifatni yo'lga qo'yishdagi mashaqqatlarini nafaqat o'rganish, balki chin dildan his qilish ham muhimdir.

Onlayn muloqotda jadidlar faoliyatining turli qirralari, ularning ta'lim-tarbiya borasilagi fikrlari va harakatlari, jurnalistik faoliyatidagi ochilmagan jihatlar, adiblarni ilhomlantirgan shaxslar hamda ular yashagan davr muhitiga oid qiziqarli faktlar yosh tadqiqotchilar hamda ilm ahli uchun foydali bo'ldi.

E'tiborlisi, konferentsiya to'plamida nashr etilgan ilmiy tezislar GOOGLE SCHOLAR xalqaro bazasida indektsiyalanadi. Har biriga DOI (Digital Object Identifier) raqami beriladi.

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan o'tkazilgan konferentsiya haqiqiy ma'noda o'zaro fikr almashish, yangi bilimlarni o'zlashtirish maydoniga aylandi.

Tadbir so'nggida millatni uyg'onishga, ma'rifatli bo'lishga chorlagan Mahmudxo'ja Behbudiyning hayot yo'llari, ijod olami hali asrlar davomida kelajak avlodga katta ibrat maktabi bo'lib xizmat qilishi ta'kidlandi.