Yangi O'zbekistonimizning har bir yili aziz, har birining o'z o'rni va qadri bor. 2022-yil ham bundan istisno emas, albatta. Tarixga aylangan mazkur sanada eslashga arzigulik, turmushimizning har bir yo'nalishida zalvarli va sifatli iz qoldirgan voqealar, marralar etarli bo'lgani ham bor gap. YAlpi ichki mahsulotimiz ilk bor 80 milliard dollardan oshgani, eksportimiz deyarli 20 milliard dollarga etganining o'ziyoq ko'p narsa, avvalo, milliy iqtisodiyotimiz samarali va zamonaviy rivojlanish yo'liga tushib olganining tasdig'idir. Aytishga oson, ushbu natijalarga yurtimizda tarixiy o'zgarishlarga rosmana kirishilgan so'nggi yillarda dunyo siyosiy va iqtisodiy hayotida to'xtovsiz yuz berayotgan inqiroz va qarama-qarshiliklar sharoitida, milliy pulimizning “oq” va “qora” bozor ko'rsatkichlariga barham berilgan haqqoniy holatda erishilgani ko'zda tutilsa, ularning qimmatini teranroq anglash va vijdonan e'zozlashimiz imkoni tug'iladi, deb ishonamiz.
Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqanddagi salobatli va samarali yig'ilishlari o'zbek davlatining xalqaro maydonda ortib borayotgan nufuzini yana bir bor namoyon etdi.
Shu bilan birga, 2022-yili sodir bo'lgan bir voqea ahamiyatini – so'nggi yuz yil ichra fe'l-atvorimiz “oyoq-qo'li” ga kishandek mixlangan va buning oqibati o'laroq necha-necha avlodlarimiz ongini zaharlab kelgan illat – zo'rma-zo'raki o'qish, majburan ishlash, hatto yashash tarzimizga nihoyat uzil-kesil chek qo'yishga kirishilganini hech narsa bilan tenglashtirib bo'lmaydi. Bu erda biz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo'l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o'tish vaqti keldi”, deya cho'rt kesganini ko'zda tutmoqdamiz.
Bobolarimizdan qolgan ma'naviy merosda qo'l uchida ish qilmaslik, quyoshni qo'l bilan yashirib bo'lmasligi, qo'l bilan berganga qush ham to'ymasligi singari ma'nolarni bildiruvchi o'gitlar shunchaki o'rin olmagani aniq. Milliy etakchimizning davlat mustaqilligimizni tiklaganimizning 29 yilligiga bag'ishlangan otashin chiqishidagi “Xalqimizda “Ko'z – qo'rqoq, qo'l – botir”, degan chuqur ma'noli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning ko'zimiz ham, qo'limiz ham, yuragimiz ham botir bo'lishi kerak. Belimizni mahkam bog'lab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, ko'zlagan marralarimizga erishamiz” chaqirig'ida ham juda chuqur hikmat bor, deb o'ylaymiz. YA'ni inson, jamoa, jamiyatni ulkan ishlarga otlantiruvchi omil ularning jismoniy kuchi emas, balki irodasi, chidami, zakovatiga asoslangan yaratuvchanligidir.
3000 yillik milliy davlatchilik yo'limizning so'nggi mustamlakachilik davriga qadar qaysi bir bosqichi, holati bo'lmasin, idora etish masalasida “qo'l boshqaruvi” tushunchasini ko'rmaymiz. Mutlaq hukmdor o'laroq talqin etib kelinadigan Amir Temur bobomiz ham O'rta er dengizidan Xitoy devorlarigacha, Moskvadan Dehligacha yastangan ulkan saltanatni boshqarishda oliy devon xizmatlari, o'nga yaqin vazirlik, shuningdek, uluslar, viloyatlar, tumanlar boshliqlari, ishchan beklar, mahalla oqsoqollariga tayanib ish ko'rgani yaxshi ma'lum.
Bundan 1000 yil burun – X-asrdagi poytaxtimiz Buxoro shahridagi o'nta binoda o'nta vazirlik (bosh vazir, moliya, rasmiy hujjatlar, qo'riqlash, xat-xabarlar, saroy ish boshqaruvi, davlat mulklari, muxtasib, vaqf ishlari, qozilik) faoliyat yuritgani boshqaruvchilik madaniyatimizga yaxshigina ishora emasmi? O'sha paytlarda davlatimiz chegaralari hozirgi O'rta Osiyo, Afg'oniston va Sharqiy Eronni qamrab olganidan kelib chiqilsa, mazkur tizimning unumliligi qanchalar keng bo'lganini tasavvur qilish qiyin emas.
Shaharchilik tariximizning durdonalari sanalmish, o'zining chiroyi va mahobati bilan bugun ham barchani hayratga solib turgan imoratlar – qo'rg'onlar, saroylar, madrasalar, kutubxonalar, shifoxonalar, masjidlar, maqbaralar, minoralar, karvonsaroylar, timlar, ko'priklar, suv ayirgichlar, hammomlar qurdirganlar orasida hokimlar, turli amaldorlar, boy-badavlat kishilar, madaniyat va din arboblari ko'pchilikni tashkil etishi ham asossiz emas. Har kim o'z makonida bilib-bilib ishini qilavergan.
“Qo'l boshqaruvi” tushunchasi Turkistonda sovet hokimiyati o'rnatilgach paydo bo'lgan ma'muriy-buyruqbozlik tizimiga borib taqalishi shubhasiz. Ulkan imperiyani qattiqqo'llik bilan idora etish, qaram o'lkalarning har qanday ko'rinishdagi mustaqil ish yuritishiga yo'l qo'ymaslik, “markaz”dan berilgan buyruqni har qanaqasiga va so'zsiz bajarishni ta'minlash, boshliq so'zini ikki qilmaslik, “tashabbuschilik – jazolanuvchilik” qoidasi hukmronligi, davlat mulkchiligi mutlaqligini ta'minlash, samaraga emas, rejani do'ndirish, hisobot, ombor uchun ishlash – bularning bari yillar ichra mazkur tizim tabiatini belgilab bergan omillar.
Ming afsuski, davlat mustaqilligimizni tiklagach ham, demokratiya, huquqiy davlat, bozor iqtisodiyoti, fuqarolik jamiyati qurish maqsadini e'lon qilsak-da, amalda sovetcha boshqaruvning sarqiti bo'lmish ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan voz kecholmadik. Bu ham etmagandek, ayrim paytlarda uni yanada “takomillashtirgan” holatlarimiz ham bo'lganini endi yashirishning hojati yo'q, deb o'ylaymiz. O'tgan asr to'qsoninchi yillari oxirida yuz bergan voqea – o'z hududi miqyosida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi tanlov va mukofotni “yuqori” bilan kelishmay e'lon qilgani uchun Andijon viloyat hokimi, Prezident devonidagi tegishli mas'ul hamda ommaviy axborot vositalari uchun javobgar kamina baloga qolganimizga bugun birov ishonadi, birov esa yo'q.
Shu tariqa, yuz yil davom etgan, bajarmasang ham, bajarsang ham “kaltak eyish” ehtimoli baland, hatto bo'sh turgan lavozim ham ishlaydigan (“lavozimi bo'yicha”) munosabatlar tizimi shakllandi, yashadi. Shunga yarasha mutaxassislar tayyorlash “tajribasi” ham to'plandi. “Boshing ikkitami”, “so'ramasa, indama”, “shu senga kerakmi”, “qichimagan eringni qashima”, “yumaloq yostiq qilib berib yuboraver” singari o'ziga xos qochirim, ogohlik va “maslahat” jumlalari ham paydo bo'ldi. Shaxs va millat ro'shnoligi yo'lida falokat sanalmish mazkur holat bir asrga cho'zilgani, shu orada necha-necha avlod “boshqaruvchilari” almashgani inobatga olinsa, 2016-yil 14-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat hokimiyati tizimimizning barcha kazo-kazo vakillari – deputatlar, senatorlar, vazirlar, hokimlarga qarata aytgan “Har bir davlat xizmatchisi o'zining burchi va majburiyatini aniq-ravshan bilishi, sodda qilib aytganda, o'z aravasini o'zi tortishi lozim” talabi biz uchun qanchalar tarixiy ahamiyat kasb etishi oydinlashadi-qoladi.
Boshqacha aytganda, milliy etakchimiz tomonidan 2023-yildagi ustuvor yo'nalishlarning birinchisi o'laroq o'rtaga tashlangan “ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o'tish” taklifi aslida Yangi O'zbekiston bosqichining ilk kunlaridanoq mo'ljal qilingan, uzoqni ko'zlagan masaladir, desak xato ketmas. Agar davlatimiz rahbarining bir necha yil burun, bir ishning boshiga o'z ishining ustasini topib qo'ysang, bo'ldi, unga nazoratchi ham, boshqasi ham kerakmas, negaki, u o'z ishini bilib qilaveradi, degan gapining ham mag'zini chaqsak, mazkur tizimning tarixiy zarurati va chuqur bilimga ega mutaxassislarning undagi tengsiz o'rni ayonlashib boraveradi...
“O'zbek”ning mazmunini tushuntirishda ko'pchiligimizning qarashimiz deyarli bir: o'ziga xon, o'ziga bek. Bu bilan g'ururimiz o'ta baland, orimiz nihoyatda kuchli, uncha-munchaga ko'nmasligimiz-u, hech kimga bosh egmasligimizni bildirib qo'ymoqchi bo'lamiz. Bunday yo'l tutish uchun ma'lum ma'noda haqqimiz ham bor, albatta. Biroq eng eski zamonlardan mo'ysafid Turon, go'zal Turkiston egalari bo'lmish biz o'zbeklarning bosh fazilatimiz, o'q-iligimiz o'laroq omil boshqachadir, deb bilamiz.
2019-yil 23-avgustda xalq ta'limi tizimini rivojlantirishga bag'ishlangan yig'ilishda Prezidentimiz bildirgan mana bu hikmat hech esimizdan chiqmaydi: “Bizning ota-bobolarimiz birovlarga ergashgan emaslar, balki boshqalarni o'zlariga ergashtirganlar, ularning boyligi va quroli esa, yuksak bilim bo'lgan. Biz ergashuvchi emas, ergashtiruvchi xalqmiz!”.
Chindan ham, xoh siyosiy, iqtisodiy, xoh ilmiy, madaniy bo'lsin, uzoq va boy o'tmishimizdagi barcha tarixiy yutuqlarimiz zamirida pishiq-puxta bilim yotgan. Amir Temur bobomiz hayoti va faoliyati haqida so'z ketganda, u kishining umri urush-talashlarda o'tganiga oid xato qarash va talqinlar, afsuski, bugun ham tez-tez uchrab turadi. Holbuki, Sohibqironning o'zi “saltanatni boshqarish ishlarining to'qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini esa, qilich bilan bajo keltirilishini angladim”, deya masalaga o'sha zamondayoq oydinlik kiritib qo'ygan edi. Kishilik tarixida biron hukmdor “Tuzuklar”ga o'xshash bir nima qoralay olmagani esa, milliy davlatchiligimizning kuch-qudrati buyuk tarixiy shaxslarimiz, islohotchilarimiz hamda boshqaruvchilik ilmimiz va madaniyatimizdan bahra olganini tasdiqlaydi-qo'yadi.
Farg'ona, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Balx, Kobul, Hirot vohalari eng qadim zamonlardan dunyo hunarmandlik, dehqonchilik, savdo-sotiq markazlari bo'lib kelgani, Samarqanddagi sarrofga o'n ming oltin tanga topshirgani haqida chek (chak) olgan savdogar uni, masalan, Mashhad yoki Isfahondagi sarrofga ko'rsatib, o'sha mablag'ni naqdlab olgani, ya'ni bugun barcha uchun oddiylik kasb etgan chek tizimi bizda ming yil burun ishlab turganini ajdodlarimizning iqtisodiyot bobidagi har tomonlama va chuqur bilimi bilan bog'lash adolatli bo'ladi.
Mo'g'ul bosqini bilan bog'liq yuz ellik yillik tanaffusni sanamaganda, IX-XV-asrlarni qamrab olgan Birinchi va Ikkinchi uyg'onish davrlari millatimiz iste'dodi va davlatimiz iqtidoriga qo'yilgan o'ziga xos va mangu haykallardir, desak oshirib yubormagan bo'lamiz. Yaqin-yaqingacha ko'rib-ko'rmaganlik, bilib-bilmaganlikka olib kelingan mazkur haqiqatni yuzaga chiqarish, ushbu tengsiz merosni o'z egalariga qaytarib olib berishga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning jasorati va adolati o'laroq erishilganini aytish ham qarz, ham farz, deb qattiq ishonamiz.
Negaki mana olti yildirki, milliy etakchimiz har birimiz ongimizga singdirib kelayotgan “najot – bilimda”, “najot – izlanish, o'rganish, yangilanishda” bosh g'oyasi o'zbekchilikning o'q-iligi va to'q-mag'zidir. Ya'ni butun milliy borlig'imiz davomidagi davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyatda erishilgan barcha yutuqlarimiz o'z bilimlarimiz, uzoq va uzluksiz izlanish, o'rganishlar o'laroq yaratilgan tajriba, an'analarimiz – yaratuvchanligimiz evaziga sodir bo'lgan.
Oradan besh yuz yildan ortiq vaqt o'tib, Uchinchi uyg'onish davrining poydevorini qo'yishga bel bog'laganimiz va ushbu har birimiz uchun muqaddas burchga aylanishi shart ish ilm-fan va ta'limga e'tibordan boshlangani ham tasodif emas, deb o'ylaymiz.
2016-yilning so'nggi kunlari esingizdami? Bizning kechagidek yodimizda: 30-dekabr kuni – butun dunyo, jumladan, xalqimiz ham Yangi yilni kutib olish taraddudida bo'lgan bir pallada, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev olimlar bilan uchrashib, oldimizda turgan ko'pdan-ko'p, og'irdan-og'ir muammolarni ilm-fansiz echib bo'lmasligini uqtirgan edi. Boshqacha aytganda, Yangi O'zbekiston bilim va olimga e'tibordan boshlangandi.
2022-yilning oxirgi haftasini ham Prezidentimiz ta'lim masalalari, ayniqsa, zamonaviy darsliklar va o'qitishning butunlay yangicha yo'sinlari muhokamasiga bag'ishlaganini tasodif sanamaymiz. Murojaatnomani qunt bilan tinglagan va sinchiklab o'qigan kishi undagi har bir mavzu va uning tahlili zamirida bilim omili borligini ilg'amasligi mumkin emas.
Joriy yilning mamlakatimizda “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”, deb e'lon qilinishi esa, shunchaki bir shior bo'lmasdan, balki Yangi O'zbekistonimiz bundan buyongi pallasining talab va tabiatiga qat'iy ishora o'laroq baholagan bo'lardik. U ham bo'lsa, insonga e'tibor uni shunchaki emas, balki sifatli bilim egasi qilish orqali ta'minlanadi.
Yuqorida zo'rma-zo'raki o'qish masalasini tilga olganimiz bejiz emas. Negaki tarix, ayniqsa, milliy tajribamiz aynan shu tarzda singdirilgan ta'lim unumli bo'lishi u yoqda tursin, jamiyat uchun katta xatar, hatto fojia bo'lishini isbotlamoqda...
Qandaydir ikki-uch yilda asrlar ichra an'anaviy bo'lib kelgan, ayniqsa, so'nggi yuz yilda shafqatsiz va o'ta zararli tizimga aylangan majburiy mehnatdan qutulganimiz chindan ham tarixiy voqea, o'ziga xos inqilob bo'ldi! Ming afsuski, o'z “odatimiz”ga ko'ra, bugun yaqin-yaqingacha tortib kelgan azoblarimiz, hatto “majburiy mehnat” tushunchasining o'zini ham esdan chiqarib qo'ydik. Holbuki, kechagi o'tmishimizning ushbu “kir sahifalari”ni yodimizda tutish, kezi kelganda, avlodlarga etkazib turish biz uchun burch sanalmog'i kerak, deb qattiq ishonamiz!
Ko'pchilikni tekinga, majburiy ishlatish bizda eskidan bo'lgan. Sun'iy sug'orish tizimidagi son-sanoqsiz ariqlarni har yilgi tozalash, yangilarini qazish ishlarini ko'pchilik bo'libgina uddalash mumkin edi. SHu tariqa, majburiy ishlab berish amaliyoti paydo bo'lgan. Shu bilan birga, yurt himoyasida zarur yumushlar – mudofaa istehkomlarini qurish, tiklash, ta'mirlash ko'pincha hashar yo'li bilan ko'ngilli ravishda bajarilgani ham ma'lum. Qarindosh-urug', oshna-og'ayni, qo'ni-qo'shnilarnikida chin yurakdan hashar qilishdek yaxshi an'analarimiz ota-bobolarimizdan qolgan ezgu merosdir.
Endigi tushunchadagi majburiy mehnat – odamlarni quldek ishlatishni tizim o'laroq joriy etgan esa, sovet hokimiyati sanaladi. GULAG jamloqlari, kollektiv xo'jaliklar – kolxozlar mazkur tizimning yorqin namunalari. Kolxozchilar 1964-yildan boshlab pensiya, 1966-yildan oylik maosh, 1976-yildan pasport olish huquqiga ega bo'lganining o'ziyoq ko'p narsaga ishoradir.
“Kuyla, Sanobar” hujjatli asarini bugungi yoshlar bilmasligi mumkin. 1974-yili dunyo yuzini ko'rgan mazkur lavhalardagi badiiylik va targ'ibotchilik darajasiga mustaqillik yillarimizda yaratilgan shu singari biron narsa teng kelolmasligini tan olamiz. Sovet hokimiyati shu qadar usta edi: muttahamlikni cho'qqiga chiqarib ham qo'yardi va ham uni ezgulik o'laroq ongga singdirib yuborishni eplardi. Bo'lmasa, “Mehnat mening shiorim, yashnaydi paxtazorim”, “Shodlan ko'ngil, kuyla bulbul, kuyla bulbul, kuyla, Yoshlik go'zal, go'yo g'azal, nur to'la hayot qo'shiqda zo'r qanot”, “Oq oltindan kon yaratgan ulkan karvonsan”, so'zlari bilan yo'g'rilgan ashulalarni eshitamiz, kolxozchi-cho'pon qizi Sanobarni ko'ramiz, deb teledasturdagi “Kuyla, Sanobar” ko'rsatuvining “tagi”ni bir hafta burun qizilda chizib qo'yarmidik...
O'zbekiston SSR sharoitida kolxozlar doirasidagi majburiy mehnat boshqa soha va qatlamlarni ham o'z domiga tortgan edi. Agar gap butun ta'lim tizimi, shuningdek, tibbiyot, ilm-fan, ishlab chiqarish jamoalari haqida ekani ko'zda tutilsa, mustamlaka davrida oltmish yildan ortiq davom etgan mazkur jarayonning ko'lami va fojiasi kishini dahshatga solishi hech gapmas. Misol uchun, kamina maktabga ilk qadam qo'ygan 1970-1971-o'quv yilida kamida 3,3 million o'quvchidan deyarli 2,5 millioni paxtaga “haydalganiga” nima deysiz? 166 ming o'qituvchidan qanchasi “paxta fronti” – “oq oltin”dan xirmon yaratishga ketganini chamalash mumkin, xolos.
Mustamlaka zamoni o'z yo'liga, biroq o'z taqdirimizni o'z qo'limizga olganimizdan keyin ham millatimiz va davlatimiz, kelajagimiz uchun g'irt zarar mazkur amaliyotdan nima uchun voz kecholmadik?! Bu ham etmagandek, o'qituvchi, tarbiyachi, shifokorlarimizni er chopish, ko'chat ekish, qabriston tozalash, ko'cha supurish, gaz, chiroq, suv puli yig'ishga jalb qilishdek majburiy mehnatning “o'zimizga xos, o'zimizga mos” turlariga ko'mib tashlamadikmi?!
To'qqiz oylik ta'lim jarayoni kamida yarmiga qisqarganining yillik, o'n yillik, yuz yillik oqibatini ko'z o'ngimizga keltirib, hisob-kitobini qila olamizmi?! O'n yillar ichida necha avlod chala o'quvchi va chala o'qituvchilarni etishtirdik? Majburiy mehnat xalqaro obro'yimiz, tashqi savdoimizga qancha zarar keltirdi? eng muhimi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari bugungi muammo va qiyinchiliklarimizda qanday ulushga ega?
To'g'ri, ushbu achchiq savollarga xolis javob topish endi tarixchilar va boshqa mutaxassislar ishidir. Qarang-a, uch-to'rt yil burun ham oyog'imizga kishan bo'lib turgan asriy chigal xuddi osongina echilib, o'tmishga aylanib ham ulgurdi. Bugun uni eslaydigan, shukr qiladigan bir mard topilishi o'ta qiyin... Nega shunday? Chala bilim, chala ta'lim bizni shunday qilib qo'ydi, hatto fe'l-atvorimizni ham buzib yubordi, tarixiy xotiramizni sustlashtirdi!
Shular haqida o'ylaganda, Prezidentimizning “Ta'lim sifatini oshirish – Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to'g'ri yo'lidir” xulosasi naqadar topib aytilgani, millatimiz va davlatimiz uchun birdan-bir najot yo'li bo'lishiga qattiq ishonasan, kishi. Mazkur ishonchning asosi esa, keyingi olti yilda ta'lim tizimida yuz bergan keskin va tarixiy o'zgarishlardir, albatta. Maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasini 27 foizdan 70 foizga etkazish orqali 2 millionga yaqin bolaning bog'chaga borishini kafolatlash kechagina xomxayol ko'rinardi. Kelgusi besh yilda 1000 ta yangi maktab qurilishi, 2023-o'quv yilidan barcha boshlang'ich sinf o'quvchilari uchun bepul ovqatlanishning yo'lga qo'yilishi, oliy o'quv yurtlarining 2,5 marta ko'payib, 198 taga etgani va qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshgani ham tush emas, ayni haqiqatdir. Ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so'm – 2017-yilga nisbatan deyarli 6 karra ko'p mablag'yo'naltirilgani, olimlarning ish haqi 4,5 marta oshirilgani ilm-fan va ta'limning uzviyligiga qanchalar katta ahamiyat berilayotganini ayonlashtiradi-qo'yadi. Bularning bari, o'z o'rnida, 2023-yili amalga oshirilajak keng ko'lamli ishlar, o'zgarishlarga poydevor o'laroq xizmat qilishiga shubha qilmaymiz.
Prezidentimiz 2023-yilgi mo'ljal, reja, marralarning eng asosiy jihatlarini qamrab olgan Murojaatnomani el-yurtga taqdim etar ekan, bizni ruhlantirish barobarida sinovlarga chidamli va tayyor turishimizni uqdirib o'tgani ham asoslidir: “Taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi!”. Chindan ham, barchasi o'zimizga bog'liq va bu ishlar qo'limizdan keladi. Negaki, majburlikdan qutulgan, qutultirilgan shaxs va millatning ulug' marralarni zabt etish, yaratuvchilik imkoni baland bo'ladi.
Azamat ZIYO,
tarix fanlari doktori, professor.