Maktab direktori va uning oʻrinbosarlariga KPI shaklida har oylik ustama toʻlash tartibi belgilandi

    Ta'lim 27 Oktabr 2025 1193

    Vazirlar Mahkamasining 21-oktyabrdagi 662-sonli qaroriga muvofiq, umumtaʼlim muassasasining direktori va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra har oylik ustamalar toʻlash tartibi belgilandi.

    Unga koʻra, umumtaʼlim muassasasining rahbar xodimlariga (direktor va uning oʻrinbosarlari) va oʻz faoliyatini soatbay haq toʻlash asosida amalga oshiradigan oʻqituvchilarga Nizomning 20-bandiga muvofiq belgilangan har oylik ustamalar belgilanmaydi.

    Xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadasi – fan olimpiadalarida oʻquvchilari gʻoliblikni qoʻlga kiritgan maktab rahbari (direktor) bundan mustasno.

    Baholash metodikasi va tartibi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Koʻrsatkichlar umumtaʼlim muassasasining Ichki guruhi tomonidan baholanadi. Baholash koʻrsatkichlari asosida umumtaʼlim muassasalari toʻplagan umumiy ballardan kelib chiqib, ushbu umumtaʼlim muassasasi direktori va uning oʻrinbosarlariga quyidagi miqdorlarda bir kalendar yil (yanvar dekabr oylari) uchun bazaviy tarif stavkalariga nisbatan har oylik ustama belgilanadi:

    a) umumtaʼlim muassasasi direktori:

    • 61-70 ball toʻplasa – 3 foiz;
    • 71-80 ball toʻplasa – 10 foiz;
    • 81-90 ball toʻplasa – 15 foiz;
    • 91-100 ball toʻplasa – 20 foiz;

    b) umumtaʼlim muassasasi direktorining oʻrinbosarlari:– 61-70 ball toʻplasa – 2,5 foiz;

    • 71-80 ball toʻplasa – 5 foiz;
    • 81-90 ball toʻplasa – 7,5 foiz;
    • 91-100 ball toʻplasa – 10 foiz.

    Direktor yoki direktor oʻrinbosarlariga belgilangan har oylik ustama jamgʻarmadagi mavjud mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.

    Har oylik ustama belgilanishi uchun direktor yoki direktor oʻrinbosarlari mazkur umumtaʼlim muassasasida kamida 9 oy davomida asosiy lavozimi boʻyicha faoliyat yuritgan boʻlishlari lozim.

    Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi eng tajribali umumtaʼlim muassasalari direktorlaridan iborat boʻlgan Direktorlar kengashlarida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim muassasasi direktorlariga jamgʻarma hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foiz har oylik ustamalar toʻlanadi.