Prezidentimizning 2023 yil 26 maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida bir qancha vazifalar belgilanib, pedagog kadrlar malaka toifalarini sinovdan o‘tkazish tartibi ham ko‘rsatib o‘tilgan edi. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilindi.
Ayni kunlarda pedagog kadrlar uchun shunday malaka toifa sinovlari o‘tkazilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ta’lim sifatini baholash, litsenziyalash va akkreditatsiyalash departamenti direktori vazifasini bajaruvchi Sardor RAHIMBOYEV bilan suhbatimiz yangilangan tartibdagi mazkur sinovlar qanday tashkil etilgani, attestatsiyaga doir murojaatlar, e’tirozlar qay tartibda qabul qilinayotgani va muammolarni bartaraf etish yo‘llari haqida bo‘ldi.
— Pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgandik. Birlashgan Arab Amirliklaridagi “Emirates national schools” bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, — deydi Sardor Rahimboyev. — Malaka sinovlariga doir avvalgi tizimda natijalarni baholashda inson omili hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, korrupsiya elementlari kuzatilgan. Joriy yilda esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan malaka (test) sinovlarini shaffof, adolatli, xolis o‘tkazish maqsadida test.uzedu.uz platformasi ishlab chiqildi. Sinovlar kompyuterda real vaqt rejimida hamda FaceID (yuzni tanib olish) orqali o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, korrupsion omillarni butunlay yo‘qotish maqsadida blockchain texnologiyasidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu texnologiya orqali har bitta pedagog tomonidan yechilgan testning vaqti, to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblari haqidagi ma’lumotlarni o‘zgarmas shaklda saqlash imkoniyati yaratildi. Ushbu mexanizm attestatsiya jarayonida yuz berishi mumkin bo‘lgan qalbakilashtirishlar oldini olib, tizimdagi shaffoflikni oshirishga katta hissa qo‘shadi.
Malaka test sinovlari boshlanishidan oldin yangi test platformasi Toshkent shahrida uch marta, respublika miqyosida ikki marta aprobatsiyadan o‘tkazildi. Sinovlar natijasida test dasturi va savollari takomillashtirildi.
Shuningdek, binolarga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, doimiy nazorat yo‘lga qo‘yildi hamda istagan shaxsga test jarayonini internet orqali kuzatish imkoniyati yaratildi. Pedagoglarga malaka toifasini berish yangi tartibiga moslangan pedkadr.uzedu.uz elektron platformasi ishlab chiqildi. Test sinovlarini o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida joylashgan ta’lim tashkilotlari hamda boshqa muassasalarning katta sig‘imli binolarida 1900 ta kompyuter tayyor holatga keltirildi. Nomzodlar uchun qulay kutish joylari, tibbiy xizmat ko‘rsatish tashkil etildi.
— Malaka sinovlaridan o‘tish uchun o‘qituvchilarga muayyan davriylik belgilanganmi? Ya’ni qancha muddatda tashkil etiladi?
— Yangi tartibga ko‘ra, sinov bir yilda kamida bir marta ikki bosqichda o‘tkaziladi va 100 ballik tizim asosida baholanadi. Birinchi bosqichda pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi (80 ball). Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta, kasbiy standartlarga oid 5 ta test savoli beriladi. Ikkinchi bosqich pedagogik mahoratni baholash uchun o‘tkaziladi. 20 ball bilan baholanadigan bu sinovda 10 ta savol-topshiriq beriladi.
Soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglarni jalb qilgan holda malaka sinovlari formati — fan mazmuni, tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me’yori, baholash mezonlari testologiya me’yorlari asosida ishlab chiqildi va 42 fandan uchta tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus) 30 mingga yaqin nazorat sinov materiali tayyorlandi.
Bunda pedagoglarni mushohada yuritishga chorlaydigan savollar bo‘lishiga alohida e’tibor berilgan. O‘qituvchilarning xotirasini emas, balki bilimini tekshirish maqsadida test dasturining o‘zida kalkulyator va formulalardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Joriy yilning 1 mart holatiga attestatsiyada ishtirok etish uchun jami 243 mingdan ortiq pedagog murojaat yuborgan. Shulardan 200 mingga yaqinining malaka (test) sinovlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Bugungi kunda umumta’lim maktablarida yarim milliondan ortiq pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning salkam 54 ming nafari oliy, 100 mingdan ortig‘i birinchi, 127 mingga yaqini ikkinchi malaka toifali. 177 mingdan ortig‘i mutaxassis lavozimiga ega, 66 ming 191 nafari esa toifasiz, ya’ni o‘rta maxsus ma’lumotli.
Test sinovlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda pedagoglarga yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida malaka sinovlari o‘tadigan binolarda ishtirokchilar hamda ularning yaqinlariga kutish, buyum va kiyimlarini saqlash va birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish joylari tayyorlangan. Shuningdek, ba’zi hududlarda ona-bola xonalari tashkillashtirilgan. Attestatsiya jarayonlari onlayn translyatsiya qilib borilmoqda.
— Gap bilim va malakani sinovdan o‘tkazish haqida ketar ekan, murojaat va e’tirozlar bo‘lishi tabiiy. Attestatsiya jarayoniga oid bu kabi muammolar qay tartibda qabul qilinmoqda? Ularni bartaraf etish uchun qanday yo‘l tutilmoqda?
— Test jarayonlariga doir e’tiroz va korrupsion holatlarga duch kelgan pedagoglar attestatsiyaga doir murojaatlar uchun vazirlikning maxsus tashkil etilgan ishonch telefoni (88-827-09-09) yoki bot manzili (https://t.me/uzedu_vazirbot)ga murojaat yuborishi mumkin. Biz avvaldan bu haqda rasmiy saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali e’lon berib kelyapmiz.
O‘qituvchilarga test topshirayotgan vaqtda tizimdan chiqmagan holda e’tiroz yuborish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, kuzatuvchilar tomonidan test yakunida jarayon yuzasidan yozma e’tirozlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, o‘qituvchilarda shaxsiy kabinetlarida o‘z natijalarini ko‘rgandan keyin ham qandaydir e’tirozlar bo‘lsa, apellyatsiya berish imkoniyati mavjud.
Vazirlikda apellyatsiya komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, o‘qituvchilar yuborgan har bir murojaat alohida ko‘rib chiqiladi. E’tiroz o‘rinli deb topilsa, kerakli ballar qo‘shiladi, aksincha bo‘lsa, ekspertlar tomonidan asoslab beriladi. Boshqa yo‘nalishdagi shikoyatlar ham o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, mualliflarga tegishli javoblar beriladi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.
— Aytingchi, ushbu malaka toifa sinovlari o‘qituvchilarga qanday imtiyoz yoki ustunliklar beradi?
— Malaka toifasi pedagoglarning oylik maoshiga ta’sir qilishi sababli o‘qituvchilar malaka toifasini oshirib borishdan manfaatdor. Misol uchun, mutaxassis lavozimidagi maktab o‘qituvchisining oylik maoshi (bazaviy tarif stavkasi) 2,9 million so‘m bo‘lsa, bosqichma-bosqich ravishda oliy toifaga ega bo‘lgandan so‘ng uning ish haqi 4,1 million so‘mga chiqadi. Bu esa mutaxassis lavozimli o‘qituvchinikidan 35 foizga ko‘p, degani. Shu sababli malaka toifasini olish uchun nomzod pedagoglar o‘z ustida muntazam ishlashi talab etiladi va buning natijasida zamon talabiga javob beradigan pedagoglarni rag‘batlantirish imkoniyati yaratiladi. Asosiysi, ushbu mexanizm ta’lim sifati oshishiga xizmat qiladi.
Joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilgan sinovlarda malaka toifalari berilgan pedagog kadrlarga QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikatlar ularning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi. Iyul oyida attestatsiya natijasida pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.
Malaka toifalari oshishi o‘qituvchilarning moddiy sharoitini yaxshilashga, asosiysi, ta’lim sifatini ko‘tarishga xizmat qiladi.
Bashorat YUNUSOVA suhbatlashdi.
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 87-sonida (2024-yil 7-may) chop etilgan.