Yer yuzida tiriklik paydo bo'lgandan beri inson tomonidan barpo etilgan eng xayrli ish, betakror mo''jizalardan biri maktabdir, desak adashmaymiz. Zero, ulug'lardan biri ta'kidlaganidek, agar dunyoda kitob va maktab bo'lmaganda inson tafakkuri zulmatda qolar edi.

Sir emaski, o'tish yillarida o'rta umumta'lim maktablaridagi ma'naviy-ma'rifiy muhit, pedagogik shart-sharoit, innovatsion ta'lim texnologiyalarini joriy etishdagi yuzakichilik, sifat darajasiga e'tibor qaratmaslik, maktab ta'limi metodikasining ancha eskirib davr rivojlanishidan ortda qolganligi sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi, hatto o'qituvchi kasbining jamiyatdagi nufuzi pasayib ketishiga ham sabab bo'ldi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda maktab ta'lim tizimi bilan bog'liq muammolarni ijobiy hal etish, yangi davr pedagog-kadrlarini tayyorlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, soha faoliyatini takomillashtirish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtboshimiz tomonidan xalq ta'limi tizimiga oid qator farmon va qarorlar, Vazirlar Mahkamasining soha rivojiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha qarorlari mazkur sohadagi islohotlarning huquqiy-me'yoriy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jumladan,

Respublikamizdagi barcha umumta'lim maktablari ta'mirlangan yoki yangi zamonaviy binolarda faoliyat ko'rsatmoqda. Keng jamoatchilik takliflari asosida 11 yillik ta'lim tizimiga o'tgan maktablarimizga, hatto chekka hududlardagi qishloq maktablarigacha komp`yuter texnologiyalari, smart doskalar kirib bordi.

Ulug' ajdodlarimiz Mirzo Ulug'bek, Muhammad Xorazmiy, Ishoqxon Ibrat, Hamid Olimjon, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim YUsupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi iqtidorli bolalar va ijod maktablari, respublikamizning har bir viloyatida tashkil etilgan Temurbeklar maktabi, Prezident maktablari, shuningdek, xususiy maktablar faoliyatining yo'lga qo'yilishi ‒ ilmga chanqoq iqtidorli farzandlarimizning yangi va zamonaviy ilm dargohlarida ta'lim-tarbiya olishlari uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.

Pedagog-xodimlar mehnatiga haq to'lash, ustama maosh asosida rag'batlantirish, nafaqaga chiqib faoliyatini davom ettirayotgan o'qituvchilarga pensiyasini to'liq miqdorda to'lab berish tizimida ham katta ishlar qilinmoqda. Ha, yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek: “Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog'liq.”

Joriy yilning 11-may sanasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PF‒134-sonli “2022-2026-yillarda xalq ta'limini rivojlantirish bo'yicha milliy dasturni tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni qabul qilinishi mazkur sohada tub o'zgarishlar uchun dasturilamal yoki ulkan islohotlar debochasi bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Sababi, xalq ta'limini rivojlantirish bo'yicha milliy dastur va uni amalga oshirish borasidagi farmon bilan tanishar ekanmiz, o'rta umumta'lim tizimida hali bu darajada katta va tub islohotga qo'l urilmaganligini ich-ichimizdan sezib turamiz.

Farmonda, avvalo, maktab o'quvchilarining bilimi va ko'nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o'qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va o'quv metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq ta'limi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish maqsadi qo'yilgan. Shuningdek, umumiy o'rta ta'lim muassasalarining navbatlilik koeffitsientini optimal darajaga yetkazish, zamonaviy modellar bo'yicha maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash hamda zarur jihozlar bilan ta'minlash. Tabiiyki, bu dilbandlarimiz tahsil olayotgan maktablarning texnik ta'minotini boyitadi, maktab binolarining zamonaviy tiplari barpo etiladi.

Raqamli iqtisodga to'liq o'tish faollashadi

2022-yil yakuniga qadar maxsus elektron tizimlar (S-testing, Onlineedu, Raqamli darsliklar va b.) orqali yangi avlod darsliklari uchun 10ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlarini yaratish. Texnika taraqqiyoti yuksalgan davrda yashayapmiz. Bugunning bolalari hech bir sohani internet tizimisiz, komp`yuter boshqaruvisiz, yuqori texnologiyalarsiz tasavvur etib bilmaydigan bir davrda yangi avlod darsliklari uchun mobil elektron resurs, mul`timedia mahsulotlarini yaratish havodek zarurligini inkor etib bo'lmaydi.

Dasturda belgilangan “umumiy o'rta ta'lim muassasalarining o'quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta'lim dasturlarini joriy qilish” hamda “ta'lim sohasida xizmat ko'rsatuvchi xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib borish hamda dasturlarni sotib olish va amaliyotga tatbiq etish uchun zarur mablag'larni ajratish” maktab ta'limini mahalliy qobiqdan olib chiqib dunyo standartlariga moslashish imkonini beradi. Shuningdek, dasturda ta'lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o'qitish metodlari, ta'lim standartlari, darslik va o'quv qo'llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda xorijning ilg'or tajribalaridan foydalanish, tarbiyada esa milliy an'ana va qadriyatlarga suyanish muhimligiga ham alohida urg'u berilgan.

Xalq ta'limi vazirligining “pedagog kadrlarni kompetensiyalarga asoslangan va kasbiy ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan metodikalar bo'yicha o'qitish amaliyotini joriy qilish to'g'risidagi taklifi ma'qullanishi” ham juda o'rinli. Inson zoti to'laqonli yashashi uchun beshikdan qabrgacha ilm izlaydi, o'rganadi, bilganlarini o'zgalar bilan baham ko'radi. Zero, ustozsiz, uning tashabbuskorligi, zehni, tafakkur chirog'isiz hech narsaga erishib bo'lmaydi. Dasturda uning ijrosi uchun, avvalo, o'qituvchi-metodistlarni yangicha ta'lim jarayoniga moslashtirish, to'g'rirog'i, ularni yangicha ruh, yangicha metodikalar asosida dars o'tishlari uchun o'qitish ‒ ularda zaruriy kompetentlikni mustahkamlash kerak bo'ladi.

2022/2023-o'quv yilidan boshlab “Toshkent davlat pedagogika universitetining kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o'quv mashg'ulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan, darslarning 4 kuni oliy ta'lim muassasasida, 2 kuni umumiy o'rta ta'lim muassasalarida amaliyot o'tash tartibida olib borilishini ta'minlash” amaliyotining keyingi yillarda respublikamizdagi barcha OTMlarida joriy etilishi tarafdorimizki, bunda, albatta, talaba faoliyatida ta'lim va amaliyot uyg'unligiga erishiladi.

Shuningdek, dasturda 2024-yil 1-yanvarga qadar pedagog kadrlarning umumta'lim fanlari bo'yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishini sertifikatsiyadan o'tkazish masalasiga ham e'tibor qaratilganki, fikrimizcha, bu maktabda har bir o'quv predmeti o'qituvchisini o'z ustida tinimsiz ishlashini taqozo etadi.

Maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikatiga ega bo'lgan shaxslar orasidan tanlab olinishi va kelishish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etilishi ham bu boradagi kadrlarni o'z o'rniga qo'yish muammosi echimi uchun bir qadar xizmat qila oladi.

Umuman olganda, o'rta umumta'lim tizimidagi islohotlarni kechiktirib bo'lmaydi. O'zbekiston farzandlari maktab ta'lim-tarbiyasida, Abdurahmon Jomiy aytganidek: “Faqat foydasi tegadigan ilmni olishlari kerak, foydasiz fazilatdan qochmoq va faqat zarur narsaga quloq ochmoqlari lozim.” Buning uchun, tabiiyki, maktab ham bolaga “faqat foydasi tegadigan ilmni” berish bilan shug'ullanmog'i shart. Maktab sohasida bugungi islohotlarning tub zamirida ham shu maqsad turibdi.

Zero, yurtimizda maktab ta'limi poydevori bugundan mustahkam qo'yilishi uchun huquqiy asos ‒ farmon qabul qilindi. Bu borada tanlangan yo'l mashaqqatli va mas'uliyatli. Katta islohot yo'liga chiqqan maktab karvonining ko'zlangan nurli manzillarga uzoq yillar takror-takror etishi uchun yurt rahbarlari, mutasaddilarining butun e'tibori hamda zaruriy resurslar safarbar etilmoqda. Ishonamizki, maktab muammolari echimida tanlangan eng to'g'ri yo'l shu bo'ladi.

Obidjon HAMIDOV,

Buxoro davlat universiteti rektori,

                                                       iqtisod fanlari doktori, professor