Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi pedagog xodimlarning muammolari va tizimni yanada rivojlantirishga doir takliflar uchun “Vazirga murojaat” portali ishlab chiqildi.

Vazirning taʼkidlashicha, joriy yilning mart oyining ilk kunlarida ishga tushgan ushbu portalga (ilk 10 kunlik davomida) hozirga qadar 1200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Ayni vaqtda murojaatlarning soni boʻyicha Toshkent shahri, Qashqadaryo hamda Toshkent viloyati yetakchilik qilmoqda. Murojaatlarning:

  • 21 foizdan ortigʻi taʼlim tizimi boʻyicha takliflar;
  • 12 foizi ish haqi, ustamalar;
  • 7 foizi malaka toifasi uchun attestatsiya hamda sertifikatsiyalash;
  • 9 foizi maktablarning moddiy-texnik bazasi, infratuzilmasini yaxshilash bilan bogʻliq masalalardir.

Eng achinarli jihati, murojaatlarda hududlardagi rahbar kadrlar faoliyatiga doir norozilik, maktablardagi nosogʻlom muhit bilan bogʻliq masalalar ham talaygina.

"Bilamizki, sohadagi eng koʻp tanqidlar taʼlim muassasalaridagi nosogʻlom muhit bilan bogʻliq, shu bois vazirlikning birinchi galdagi vazifasi va maqsadi tizimidagi barcha taʼlim muassasalarida sogʻlom va xavfsiz muhitni shakllantirishdan iboratdir.

Xalqaro tajribalar shuni koʻrsatmoqdaki, bola xavfsiz va sogʻlom muhitdagina sifatli taʼlim ololadi. Bu muhitni yaratish esa zamonaviy rahbar va malakali oʻqituvchilar qoʻlida. Shunday ekan, yangi vazirlik tizimidagi taʼlim tashkilotlariga zamonga moslasha oladigan, sohada innovatsiyalar qilishga qodir zamonaviy kadrlarni tayinlash boʻyicha ish olib borilmoqda, deb yozadi vazir oʻz telegram kanalida.

Shuningdek, 2023-yilda yurtimizda:

  • 57 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti;
  • 24 ta maktab;
  • 6 ta ixtisoslashtirilgan maktab binolari

yangidan quriladi.

  • 111 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti;
  • 206 ta umumtaʼlim maktablari
  • 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablar

rekonstruksiya qilinadi.

  • 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti;
  • 9 ta maktabning bino va inshootlari

mukammal taʼmirlanadi.