Qarorga asosan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etiladi.
Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
- iqtidorli hamda fanlarni chuqur oʻrganishga qiziqadigan oʻquvchilarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi isteʼdodni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- xalqaro va respublika miqyosida maktab fanlari boʻyicha oʻtkaziladigan olimpiada, musobaqa va tanlovlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish;
- olimpiadalar oʻtkazish boʻyicha xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ushbu sohadagi ilgʻor xorijiy tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish.
2025-yil 1-oktabrga qadar:
- Markazda fanlar boʻyicha amaliy topshiriqlarni oʻtkazish uchun zamonaviy asbob-uskunalar va xomashyo materiallari bilan toʻliq jihozlangan laboratoriya tashkil qilinadi.
2025-yildan boshlab:
- 5–8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli oʻquvchilar bazasi shakllantiriladi va ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
- asosiy fan olimpiadalarining hududiy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan iqtidorli yoshlar uchun “Intellektual oromgohlar” tashkil etiladi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab:
- nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarini jamoaning natijasiga qarab ragʻbatlantirish tartibi joriy etiladi;
- terma jamoalar rahbari nufuzli xalqaro olimpiadalarda erishilgan har bir oltin, kumush, bronza medallari uchun tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 35, 25, 15 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
- asosiy olimpiadalarning hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va terma jamoa rahbarlariga toʻlanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovgʻalar daromad soligʻidan ozod etiladi;
- xalqaro olimpiadalarda qatnashish uchun jalb etiladigan nomzodlar oʻquv yigʻinlari davrida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul oziq-ovqat va yotoqxona bilan taʼminlanadi.
2025-yil 1-mayga qadar:
- asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblariga medal berish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq:
- millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik hissini shakllantirish, madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash yoʻnalishida — Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasi;
- matematika va informatika yoʻnalishida — Al Xorazmiy nomidagi yoshlar turkiy olimpiadasi;
- kimyo yoʻnalishida — Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi;
- fizika yoʻnalishida — Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi Xalqaro fizika olimpiadasi;
- biologiya yoʻnalishida — Abu Ali Ibn Sino nomidagi Xalqaro biologiya olimpiadasi oʻtkazib borilishi belgilandi.