Qarorga asosan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etiladi.

Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

  • iqtidorli hamda fanlarni chuqur oʻrganishga qiziqadigan oʻquvchilarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi isteʼdodni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • xalqaro va respublika miqyosida maktab fanlari boʻyicha oʻtkaziladigan olimpiada, musobaqa va tanlovlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish;
  • olimpiadalar oʻtkazish boʻyicha xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ushbu sohadagi ilgʻor xorijiy tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish.

2025-yil 1-oktabrga qadar:

  • Markazda fanlar boʻyicha amaliy topshiriqlarni oʻtkazish uchun zamonaviy asbob-uskunalar va xomashyo materiallari bilan toʻliq jihozlangan laboratoriya tashkil qilinadi.

2025-yildan boshlab:

  • 5–8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli oʻquvchilar bazasi shakllantiriladi va ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
  • asosiy fan olimpiadalarining hududiy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan iqtidorli yoshlar uchun “Intellektual oromgohlar” tashkil etiladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarini jamoaning natijasiga qarab ragʻbatlantirish tartibi joriy etiladi;
  • terma jamoalar rahbari nufuzli xalqaro olimpiadalarda erishilgan har bir oltin, kumush, bronza medallari uchun tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 35, 25, 15 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
  • asosiy olimpiadalarning hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va terma jamoa rahbarlariga toʻlanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovgʻalar daromad soligʻidan ozod etiladi;
  • xalqaro olimpiadalarda qatnashish uchun jalb etiladigan nomzodlar oʻquv yigʻinlari davrida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul oziq-ovqat va yotoqxona bilan taʼminlanadi.

2025-yil 1-mayga qadar:

  • asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblariga medal berish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq:

  • millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik hissini shakllantirish, madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash yoʻnalishida — Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasi;
  • matematika va informatika yoʻnalishida — Al Xorazmiy nomidagi yoshlar turkiy olimpiadasi;
  • kimyo yoʻnalishida — Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi;
  • fizika yoʻnalishida — Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi Xalqaro fizika olimpiadasi;
  • biologiya yoʻnalishida — Abu Ali Ibn Sino nomidagi Xalqaro biologiya olimpiadasi oʻtkazib borilishi belgilandi.