Malayziya Oʻzbekistonga ziyorat sayohatlarini tashkil etishga qiziqish bildirdi

    Turizm 31 Yanvar 2023 1765

    Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov Malayziyaning Perlis shtati administratsiyasi rahbari Mohd Shukri Ramli hamda uning oʻrinbosari Hasnol Zam Zam Ahmad bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning koʻp asrlik islom merosi ziyorat turizmini rivojlantirishda katta istiqbollarga ega. Qolaversa, bugungi kunda Samarqand dunyoga har tomonlama ochilyapti, uning dunyoga mashhur ziyoratgoh va qadamjolari sayyohlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shuningdek, Samarqandning 2023-yilda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) poytaxti ekanligi va UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasiga mezbonlik qilishi Samarqandning xalqaro miqyosdagi nufuzi yanada ortib borayotganidan dalolat beradi.

    Qayd etish joizki, Samarqand viloyati hududida Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, Maxdumi Aʼzam kabi musulmon olamining taniqli olimlari yashab ijod qilgan, ularning ziyoratgoh komplekslari ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.

    Maʼlumot uchun, ziyorat turizmi sohasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida Samarqand viloyatining bir guruh vakillari ayni paytda Oʻzbekistonga maxsus ziyorat sayohatlarini tashkil etish boʻyicha Malayziyada muzokaralar olib boryapti, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.