Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maʼlum qilishicha, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi hamda mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilganligi (joriy yilning 16-avgust holatiga koʻra) monitoring qilindi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra quyidagilar aniqlandi:
Namangan viloyati hokimligi tomonidan 2021-yilning 1-yarim yillikda mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari, xususan byudjet mablagʻlarining viloyat, shahar va tumanlar hamda sohalar kesimida sarflanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq ochiqlangan va farmon ijrosi taʼminlangan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi;
Andijon viloyati hokimligi;
Buxoro viloyati hokimligi;
Jizzax viloyati hokimligi;
Navoiy viloyati hokimligi tomonidan 2021-yilning 1-yarim yillikda mahalliy byudjet ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qisman ochiqlangani (xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani) aniqlandi.
Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari tomonidan farmon ijrosi umuman bajarilmagani aniqlanib, Agentlik tomonidan belgilangan tartibda ogohlantirildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etilgan.
Boshqarma tomonidan Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning (33 turdagi) ochiq maʼlumotlar portali hamda oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borilishi doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda, deyiladi xabarda.