Zotan, bundan besh yil muqaddam Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va hayotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingan mamlakatimizni 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi Oʻzbekistonning suratu siyratini ham, xalqimizning turmush tarzini ham, tafakkurimizni ham oʻzgartirganini, yuksaltirganini bugun xalqaro jamoatchilik, siyosatchilar, ekspert va mutaxassislar keng eʼtirof etishmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz farmoniga muvofiq tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi xalqimizning obod manzillar sari dadil ildamlashiga qudrat beradigan hujjat boʻldi.
Soʻzlarimizni mubolagʻaga yoʻymasligingiz uchun aytay: strategiyada kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning sohasi, tarmogʻi, ularning qachon, kim yoki qaysi tashkilot tomonidan bajarilishi, mexanizmlari, jalb qilinadigan mablagʻi, pirovard natijalari aniq, loʻnda belgilab berilganki, ular Oʻzbekistonning porloq kelajagini tasavvurimizda yaxlit jonlantiradi, ertangi kunga ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Strategiyada jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil etgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Hujjatga xalqning oʻzi hammuallif boʻldi. Yaʼni uning loyihasi 17 kun davomida yurtdoshlarimiz muhokamasidan oʻtkazildi. Bunda elimizga barcha shart-sharoit yaratib berildiki, hujjatning har bir bandi boʻyicha oʻz fikrini bildirish, takliflar kiritish imkoniga ega boʻldi. Qisqacha aytganda, strategiya ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazildi. Ushbu muhokamalarda xalqimiz, shu bilan birga, soha ekspertlari va mutaxassislari yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi nihoyatda muhim ekanini, u nafaqat mamlakatimizning besh yillik rivojlanish yoʻli va yoʻnalishlari, balki undan keyingi ravnaqi uchun ham strategik ahamiyat kasb etishini qayd qilishdi. Bildirilgan 17 mingdan ortiq fikr-mulohazaning hech biri eʼtibordan chetda qolmadi. Pirovardida konseptual takliflardan strategiyani takomillashtirishda foydalanildi.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar alohida yoʻnalish sifatida belgilangan. Ularda ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan — taraqqiyot strategiyasi sari” gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, “Yangi Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirish koʻrsatilgan.
Aholi oʻrtasida huquqiy maʼrifiy tadbirlar xalqimizning boy tarixi, ilmiy-madaniy merosi, milliy-diniy qadriyatlarni oʻrgatish bilan uygʻun holda tashkil qilinadi. Targʻibot-tashviqot ishlari taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublarda olib boriladi.
Axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etayotgan, barcha sohada globallashuv kuchaygan bugungi kunda inson ongu qalbini turli tahdid va xatarlardan himoya qilish yanada dolzarblashib bormoqda. Ushbu tahlikali va murakkab zamonda asrlar sinovidan oʻtgan milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning oʻlmas maʼnaviy merosi bizga tayanch hamda suyanchdir.
Shu oʻrinda bir narsaga ahamiyat bering: Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlanib, eʼlon qilingach, hech qancha vaqt oʻtmasdan, 2-fevral kuni yana bir muhim hujjat imzolandi. “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror davlatimiz rahbari tomonidan maʼnaviyat, madaniyat, sanʼat sohalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Bu xalqimiz uzoq vaqtdan beri kutgan hujjat. Chunki, unda sanʼatkorlarning koʻnglidagi, orzusidagi keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Keyingi vaqtlarda tomoshabinlar, sanʼat ixlosmandlari bilan madaniyat, sanʼat sohasi vakillarining orasidagi koʻprik maʼlum darajada uzilib qolgandek edi.
Qaror anʼana va qadriyatlarimiz bilan birgalikda milliy ohanglarimizni ham xalqimizga, butun dunyoga keng targʻib qilishga qaratilgan bandlari bilan gʻoyat ahamiyatli. Shuningdek, ushbu hujjat sanʼatimiz va madaniyatimizning yurtimizda, qolaversa, jumlai jahonda nufuzini, oʻrnini koʻrsatib beradigan va oʻzining mavqeini qayta tiklashiga yechim boʻla oladigan qaror sifatida qabul qilindi.
Yuqorida asrlar sinovidan oʻtgan milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning oʻlmas maʼnaviy merosi bizga tayanch hamda suyanch ekanini taʼkidladik.
Strategiyaga asosan, mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi besh yilligida oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlashga eʼtibor yanada kuchayadi.
Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotni oʻz vaqtida berib borish orqali yolgʻon maʼlumotlar tarqalishining oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Hujjatda “mahalla—tuman—viloyat—respublika” tamoyili asosida hududlar kesimida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni optimallashtirish xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish belgilangan.
Har qanday muammoga ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish, tadqiq etish orqali samarali yechimlar topish mumkin. Davlatimiz rahbari maʼnaviy-maʼrifiy sohada ham jahonda kechayotgan geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni chuqur tahlil qilib, ulardan xulosa chiqargan holda toʻgʻri yoʻlni tanlashimiz zarurligini alohida taʼkidlab keladi.
Strategiyada ham mana shu yondashuvga ustuvor eʼtibor qaratilgan. Unga muvofiq, yurtimizda maʼnaviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlarini ishlab chiqish, maktablarni chinakam maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat oʻchogʻiga aylantirish uchun taʼlim-tarbiyaning interaktiv usullarini qoʻllash nazarda tutilgan.
Yoshlar — har qanday mamlakatning ertasi, kuch-qudrati, suyangan togʻi. Ular har tomonlama barkamol, jismonan baquvvat, ruhan va maʼnan sogʻlom, bilimli, yuksak tafakkurli boʻlib ulgʻaysa, el-yurtning ham kelajagi yorugʻ, barqaror va farovon boʻladi.
Shu nuqtayi nazardan hujjatda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga alohida urgʻu berilgan. Jumladan, bugungi qaltis davrda mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida birgalikda kurashish, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash koʻnikmasini shakllantirish aniq maqsad qilib belgilangan.
“Yoshlar – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” shiori ostida “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” gʻoyasining roʻyobga chiqarilishi taʼminlanadi. Davlatimiz rahbari faoliyatining dastlabki yillaridanoq ijodkor ziyolilarga hamda kitobxonlik targʻibotiga katta gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgani bejiz emas. Zero, kitob aql mashʼali, beqiyos maʼnaviy moʻjiza boʻlish bilan birga, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, bilim va dunyoqarashini boyitishda asosiy vositalardan biridir.
Strategik hujjatda ham aholiga axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy gʻoyasini roʻyobga chiqarish belgilangani shu jihatdan uni gʻoyat ahamiyatli hamda yanada jozibali koʻrsatadi.
Strategiyada buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish alohida maqsad sifatida belgilangan. IHT, IRSIKA, AYSESKO, YUNESKO kabi dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” shiori ostida xalqaro konferensiya, simpozium va anjumanlar tashkil etish qayd etilgan.
Shu bilan birga, kelgusi yillarda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng targʻib qilish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar qalamiga mansub 100 ta asarning xalqchil tarjimasi amalga oshiriladi, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratiladi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatining qoʻllab-quvvatlanishi jahon tamadduniga sezilarli hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etishda muhim oʻrin tutadi.
Hujjatda madaniyat va sanʼat sohalarini yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalari va obyektlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga urgʻu berilgan. Shu bilan birga, madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, ijodkorlar, sohada faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchi va xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash koʻzda tutilgan.
Kelgusi besh yillikda teatr va sirk sanʼatlariga eʼtibor yanada kuchayib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi. Madaniyat markazlari faoliyati takomillashtirilib, ular tomonidan aholiga madaniy xizmat koʻrsatish sifati oshiriladi.
Hududlarda yangi madaniyat obyektlari barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, milliy madaniyatni xalqaro darajada ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarni hududlarda oʻtkazishga eʼtibor kuchayadi.
Oʻzbek xalqi madaniyati va sanʼatini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan atoqli ijodkor ziyolilar yubileylarini munosib nishonlash, hayoti va faoliyatini keng targʻib qilish, xotirasini abadiylashtirishga ahamiyat qaratilishi maʼnaviy-madaniy muhitni yanada barqarorlashtirishga, yuksaltirishga xizmat qiladi.
Strategiyada jamiyatning maʼnaviy, madaniy-maʼrifiy hayotida, jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida kino sanʼatini yanada ravnaq toptirish masalasi ham bor. Jumladan, kino sanoatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish, xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb qilish va hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, milliy multiplikatsiya industriyasini shakllantirish belgilangan.
Kino sanoatining iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida taraqqiy ettirilishi, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazasiga ega infratuzilma hozirlanishi, sohada kadrlar tayyorlash, ijodkorlar va texnik xodimlar malakasini oshirishning samarali tizimi hayotga tatbiq etilishi xalqimiz kutgan, badiiy saviyasi yuksak filmlar yaratilishiga sabab boʻladi.
Xullas, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida barcha soha qatori yurtimizning madaniy-maʼnaviy rivojlanishi, bu borada dunyoga boʻylashishini taʼminlaydigan keng koʻlamli chora-tadbirlar, ezgu maqsadlar belgilanganki, ular yaqin kelajakda mamlakatimiz istiqbolining nurli mayogʻiga aylanishi, shubhasiz. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, maʼnaviyat jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli boʻladi.
“Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori esa taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan maqsadlarga erishishni jadallashtirishga, vazifalar ijrosini yuksak pogʻonaga koʻtarishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda madaniyat va sanʼat sohasida inqilobiy burilish yasaydi.
Ozodbek NAZARBEKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri