Mamlakat migrantlarsiz qanday kun kechiradi?

    Dolzarb 26 Oktabr 2020 549

    “Ish haqi oshirildi, lekin rossiyaliklarni bu qoniqtirmayapti”. Moskva shahar rahbariyati xorijiy ishchilarning yetishmovchiligidan shikoyat qilyapti. “Poytaxtda migrantlar soni 40 foizga kamaydi. Qor tozalash vaqti yaqinlashib kelyapti. Rossiyaliklarning hammasi ham lom va belkurakda ishlashni xohlamaydi”, — degan edi yaqinda Sergey Sobyanin. Xuddi shunday muammoga Podmoskove va Sankt-Peterburg ham duch kelgan.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aviaqatnovni tiklash ham ish bermadi. Aprel oyida toʻrt milliongacha xorijiy ishchilar bor edi. Endi esa ular ikki baravarga kamaygan.

    “Rossiyalik qoʻngʻiroq qilsa, men xursand boʻlibman”

    “Qish yaqinlashib qoldi, biz esa hali xazonlarni yigʻishtirib olganimiz yoʻq, — deydi yirik kompaniyalar boshqaruvidan birining vakili Tatyana (oʻzining iltimosiga koʻra familiyasi koʻrsatilmaydi). — Oʻzingiz qarang, migrantlarsiz qanday ahvolga tushganmiz”.

    Markaziy koʻcha boʻylab, metroning “Avtozavodskaya” bekatidan uncha uzoq boʻlmagan joyda bir qancha koʻp xonadonli uylar joylashgan. Tatyana bizni hovli orqali uy atrofidagi hududga boshlab bordi. “Bu juda katta maydonni hozir birgina ishchi tozalayapti. Bu yerdagi ish esa kamida besh kishiga yetadi — deb izoh beradi u. — Aholi esa bolalar maydonchasi ifloslanib ketganidan shikoyat qilyapti. Uning ustiga koronavirus. Kompaniyalar rahbarlariga talab kuchayapti, ishlaydigan odamning oʻzi yoʻq”.

    “Pandemiya davrigacha hovli supuradigan ishchiga yoki farroshga bir oyda 30 ming rubl ish haqi toʻlardik. Hozir esa 40 mingacha koʻtarganmiz. Lekin odam yoʻq”, — uf tortadi korxona vakili.

    Qirgʻizistonlik migrant toʻrt kishining vazifasini bajaryapti. U vatandoshlarini chaqirishga vaʼda bergan. Lekin hech kim kelmayapti. Saytlarga eʼlon ham berilgan.

    “Yaqinda bir rossiyalik qoʻngʻiroq qildi. Hovli supuradigan boʻlib ishga oʻtmoqchi ekan. Uning yoshi 58 da boʻlsada, suhbatga chaqirishga majbur boʻldim, — deydi Tatyana. — Ishning koʻpligini koʻrib, qochib ketdi”.

    Sentyabr oyida Rossiya bilan Qirgʻiziston oʻrtasida avia qatnov yoʻlga qoʻyilgandi. Lekin oʻzgarish boʻlmadi.

    “Men pol yuvmayman!”

    Marina Moskva shahri markazidagi uncha katta boʻlmagan mehmonxonalardan birini boshqaradi. Migrantlar yetishmovchiligi haqidagi suhbatga uning nomini koʻrsatmaslik sharti bilan rozi boʻldi. Hatto mehmonxona nomini ham. “Unda bizni tekshiruvchilar bosadi”, — deb tushuntirdi Marina.

    Avval bu yerda 45 ta xonani toʻrt kishi — Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan qizlar tozalagan ekan. Santexnika, payvandlash ishlari, mayda xoʻjalik ishlari bilan esa bir kishi shugʻullangan. Hovliga ham u qaragan. Bahorda shtatda bir nafargina tozalovchi ayol va bir nafar umumiy ishlarni bajaruvchi xodim qoldi.

    Mehmonxona biznesi endi jonlanyapti, lekin ishchi kuchi yetishmaydi. Marina Aholi bandligi markaziga murojaat qildi. U yerda rossiyaliklar orasidan toʻgʻri keladigan xodim topishga vaʼda bergan. Bir hafta oʻtgach, birinchi ish izlovchi kelgan.

    “Menga oqsoch kerak edi. Oliy maʼlumotli qizni yuborishibdi. U qiz kelishi bilan pol yuvmasligini aytdi. Men uni ishga olmasligim haqida inkor maʼnosidagi maʼlumotnoma yozib berishim kerak ekan. Bu unga ishsizlik boʻyicha nafaqa olishi uchun kerak ekan. Menga unday nomzodlardan nima foyda?” — norozi ohangda deydi mehmonxona boshqaruvchisi.

    Mavsumiy shogirdlar

    Migrantlarning yetishmasligi qurilish sohasiga kam taʼsir oʻtkazdi. Podmoskovyedagi prorab Denis Neyelovning soʻzlariga koʻra, pandemiya vaqtida ham ish toʻxtamagan.

    “Pudratchi obyektni vaqtida topshirish kerak. Aks holda jarima toʻlaydi. Shuning uchun biz ishchilarni poydevor qurgunimizcha yollaymiz. Ularga oʻz vaqtida ish haqi toʻlashga harakat qilamiz”, — deydi u.

    Qurilish brigadalar ishchilari orasida koʻpchilik Qirgʻizistondan, Oʻzbekistondan, Tojikistondan kelgan ishchilar. Belarus, Moldova va Armanistondan kelgan migrantlar ham bor. Lekin ularning talabi har xil.

    “Markaziy Osiyodan kelganlar vaxta usulida ishlashga ham rozi. Barakda besh-olti kishi boʻlib yashashga ham tayyor. Belarus va Moldovanlar unday shartlarga rozi boʻlmaydi. Ularning oylik ish haqi miqdori boʻyicha ham talabi yuqori. Rossiyaliklarning oʻzlari ham hamisha ham “qora ish”ga rozi boʻlavermaydi”, — mulohaza yuritadi Neyelov.

    Xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqaruvchi “Mavsumiy ishlar” kompaniyasi mutaxassisi Natalya Artemyeva tan oladi: Migrantlarni ishga jalb qilish uchun koʻpchilik nayrang ishlatadi.

    “Eʼlonda vakansiyani koʻrsatganda ish haqini baland koʻrsatadi. Masalan, konfet qadoqlash uchun 75 ming rubl vaʼda beradi. Yuk ortuvchi va tushiruvchiga — 70 mingdan boshlab... . Lekin diqqat bilan oʻqib chiqsangiz, shuncha pulni 50 yoki 60 smenaga toʻlashini anglab yetasiz. Bu degani ikki yoki uch oy ter toʻkish degani”, — deb tushuntiradi Natalya Artemyeva.

    Endi esa hech kimni alday olmaysiz. Haqiqiy yuqori ish haqi evaziga ham hech kimni jalb qilib boʻlmayapti”, — davom etadi ayol.

    Ular vataniga ketsa ish toʻxtab qoladi

    Migrantlarning yetishmasligiga qaramay, ularning haq-huquqlari hamon poymol etilyapti. Volontyor va huquqshunos Muhammad Sobirov yaqinda Nijniy Novgoroddan qaytib keldi. U u yerda tom maʼnoda “odamlarni qutqarish” bilan shugʻullangan.

    “Yirik tadbirkor qirq nafar tojikistonlik fuqaroning pasportini olib qoʻyib, ish haqi berishdan voz kechgan. Ular menga — oʻz mamlakatining konsulligiga murojaat qildilar. Manzilga yetib bordik. Aniqlanishicha firma rahbari firibgar emas ekan. Uning tushuntirishicha, qurilishda ish koʻp ekanu, ishlaydigan odam yoʻq ekan. Agar migrantlarga ish haqini toʻlab bersa, ular vataniga ketib qolar ekan”, — soʻzlab berdi Sobirov.

    Yana bitta katta muammo — jamoat transportidagi tekshiruvning koʻpaygani. “Niqob tartibi kuchayishi bilan migrantlardan qoʻngʻiroq koʻpayib ketdi. Koʻproq politsiya ustidan shikoyat qilyapti. Ular niqob taqib yurishiga qaramay, xorijliklarni koʻplab ushlab jarimaga tortar ekan. Harakatlarini koronavirus tufayli Moskvada kuchaygan maxsus koʻrsatmaga tayanib ish koʻrishlari bilan tushuntiradi”, — hayron boʻladi huquqshunos.

    Yuzaga kelgan vaziyatni Sobirov yaxshi hisoblayapti: endi ish beruvchilar migrantlarning talablarini ham inobatga olyapti ekan. U chegaralanishlar olib tashlanganidan keyin migrantlarga ham jamiyatda hurmat koʻzi bilan qaraydigan boʻlishiga ishonadi, deb hikoya qilinadi RIA Novostida