Mamlakatda yoʻllarni barqaror rivojlantirish va ulardagi harakat xavfsizligini taʼminlash borasida qanday islohotlar olib borilmoqda?

    Urbanizatsiya 3 Noyabr 2023 1030

    Bugungi kunda iqtisodiy barqaror oʻsish va aholining turmush tarzini yaxshilashning asosiy omillaridan biri bu yoʻl harakati tizimini rivojlantirishdir. Bu borada soʻnggi yillarda mamlakatimizda qator tizimli ishlar olib borilyapti.

    Jumladan, jamoat transportini rivojlantirish maqsadida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda:

    Xususan:

    1) Avtobus xizmatlarini takomillashtirish borasida 2022-2023-yillarda Toshkent shahri uchun 200 dona oʻrta sigʻimli SAZ LE 60 rusumli, 190 dona katta sigʻimli MAN rusumli avtobuslar, ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi. Bundan tashqari, metan gaz yoqilgʻisida harakatlanuvchi 500 ta katta sigʻimli “YOUTONG” va 200 ta oʻta katta sigʻimli “KINGLONG” avtobuslari hamda 302 ta “YOUTONG” elektrobuslari keltirildi.

    Buning natijasida 2022-yilga nisbatan jamoat transporti harakat tarkibining sonini 31 foizga (1 485 tadan 1 959 tagacha) va avtobuslarning kunlik qatnovlar sonini 69 ofizga (14 999 tadan 25 404 tagacha) oshirishga erishildi.

    Shuni taʼkidlash joizki, yoʻllardagi tirbandliklar tufayli bugungi kunda fuqarolar ikki-uch yil oldingiga qaraganda 2 barobar koʻp vaqtini yoʻlda oʻtkazmoqda. Baʼzida tirbandliklarda transport oqimining oʻrtacha tezligi soatiga 7 km ga tushadi.

    Shu sababli, aholi orasida jamoat transportidan foydalanish darajasini oishirish maqsadida avtobuslarning muntazam va bir maromdagi harakatinini tashkil etish taʼminlandi – 2023-yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 186,6 km alohida ajratilgan yoʻlaklar ajratilib, xozirgi kunda bundan 48,2 km tashkil etilgan.

    2) Toshkent metropolitenini rivojlantirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, 2016-yilda davlatimiz Rahbari tomonidan metro qurilishini davom ettirishga qaratilgan qator qarorlar imzolandi.

    Jumladan,

    – 2016-yil 7-noyabrdagi “Toshkent metropolitenining Yunusobod liniyasining ikkinchi bosqichini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2653-sonli qarori. Unga muvofiq Yunusobod metro liniyasining 2,9 km uzunlikdagi 2 ta “Turkiston” va “Yunusobod” stansiyalari qurildi;

    – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-noyabrdagi “Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2664-sonli qarori. Unga muvofiq 2020-yil dekabr oyida 7 km uzunlikdagi yangi Sergeli metro liniyasining 5 ta stansiyasi qurildi va foydalanishga topshirildi;

    – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PQ-2979-son qarori. Unga muvofiq “Toshkent shahrida halqa yer usti metro liniyasini qurish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Buning natijasidi soʻnggi 7 yil ichida metro bekatlari soni 29 tadan 50 taga yetkazilib, yangi zamonaviy 21 bekat qurildi, yoʻnalishlar masofasi esa 38 km.dan 70 km.ga yetkazildi – 32 km.ga qoʻshimcha metropoliten yoʻllari qurildi.

    Shu bilan birga ushbu qisqa davrda 15 ta yangi metro poyezdlari xarid qilindi va eski vagonlar qayta tamirlandi. 2024-yilda esa qoʻshimcha 40 ta yangi metro poyezdlari xarid qilinishi rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari taʼkidlash joizki, nafaqa yoshidagi keksalarga joriy yilning 1-aprelidan boshlab metropolitendan foydalanish uchun bepul xizmat koʻrsatilmoqda.

    3) Piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish borasida ham qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-iyuldagi “2022-2026-yillar davomida amalga oshirilish moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturi doirasida:

    1) yangi yoʻl belgilari oʻrnatilib, yaroqsiz holga kelganlari esa taʼmirlandi;

    2) maktablar oldida tezlikni cheklovchi yoʻl belgilari oʻrnatildi;

    3) yangi svetofor obyektlari qurilib, yaroqsiz holga kelgan svetofor obyektlari rekonstruksiya qilindi;

    4) piyodalar svetofori obyektlari qurilib, eski svetofor obyektlari rekonstruksiya qilindi;

    5) yoʻl yotiq chiziqlari chizildi, trotuar va velosiped yoʻlaklari qurildi;

    6) aholi punktlarida yoʻllar sunʼiy yoritildi va h.k.

    Shu bilan birga, 2023-yildan boshlab “Diqqat piyoda” profilaktik tadbiri Toshkent shahri doirasida 12 tuman kesimida oʻtqazailmoqda. Bundan maqsad piyodalarga yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish toʻgʻrisida profilaktik suhbatlar oʻtkazish va ularning xavfsizlik darajasini oshirish.

    4) Yoʻl infratuzilmasi kompleks takomillashtirilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yildagi “2022-2026-yillar davomida amalga oshirilish moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-316-son va “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-330-son qarorlariga muvofiq Oʻzbekistonda:

    a) aholi punktlaridagi kesib oʻtish belgilanmagan joylarda yoʻlning qatnov qismini piyodalar harakatidan cheklovchi vositalar (panjaralar) oʻrnatildi;

    b) qarama-qarshi yoʻnalishlarni ajratib turuvchi toʻsiqlar va temir toʻsiqlar oʻrnatildi;

    v) yoʻllarning qatnov qismi taʼmirlandi va chorrahalarning geometrik parametrlarini oʻzgartirish yoʻli bilan ularning oʻtkazuvchanlik qobiliyati oshirildi;

    g) avtomobil yoʻllaridagi orqaga qayrilib olish joylari “Tomchisimon” qayrilib olish shakliga oʻzgartirildi;

    d) transport vositalarining vazn va hajm koʻrsatkichlarini nazorat qilish punktlari tashkil etildi.