Shu bilan birgalikda sanoat va yirik qurilish obyektlari faoliyatini davom ettirishiga quyidagi shartlar asosida ruxsat berilmoqda:

tegishli obyektlar hududi toʻliq karantinga olinadi;

obyektlar hududida sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya etilishi taʼminlanadi;

sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bilan birgalikda tegishli obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlari amalga oshirib boriladi;

obyektlarga kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar, dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash;

xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritilishini taʼminlash.

Maʼlumki, Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 30-iyundagi qarori bilan shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarsiz yengil shaklda kechayotgan bemorlarni 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etilgan edi.

Koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar bilan aloqada boʻlgan shaxslarni karantinda saqlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etildi:

koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar bilan aloqada boʻlgan shaxslar uy sharoitida karantinda saqlanadi;

karantinda saqlash muddati 14 kundan 10 kunga qisqartiriladi hamda 10 kun muddatda koronavirus infeksiyasini aniqlash boʻyicha test natijalari manfiy boʻlgan taqdirda karantindan chiqariladi;

test natijalari musbat boʻlgan taqdirda, bemorda koronavirus infeksiyasining klinik belgilari kuzatilsa, shifoxonaga joylashtiriladi, kasallik alomatlarsiz oʻtayotgan boʻlsa, uy sharoitida davolanishga oʻtkaziladi (uy sharoitida davolashning imkoni boʻlmasa, belgilangan tartibda tibbiyot muassasasida davolashga oʻtkaziladi).

Kasallik alomatlarsiz yengil shaklda kechayotgan bemorlarni uy sharoitida davolash, shuningdek, bemorlar bilan aloqada boʻlganlarni uy sharoitida karantinga olish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Respublika maxsus komissiyasining qarorida quyidagilar belgilandi:

uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda bemorlar bilan aloqada boʻlib, uy sharoitida karantinga olingan shaxslarning doimiy tibbiy nazoratda boʻlishi belgilandi;

aholiga, shu jumladan, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu-kun uzluksiz faoliyat koʻrsatuvchi Call-center faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.

Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasiga(dan) yoʻlovchi tashish boʻyicha xalqaro aviatashuvlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Cheklovlarga soʻzsiz rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatiladi hamda mazkur talablarni buzgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralari qoʻllanadi.