Mamlakatimizda ilk bora suzish boʻyicha I Ochiq Markaziy Osiyo chempionati oʻtkazilmoqda

    Chempionatda 185 nafar sportchi ishtirok etib, 36 ta yoʻnalishda 158 ta medal uchun kurash olib bormoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori hamda 2025-yil 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini sifatli taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston suv sporti Federatsiyasi ishtirokida mamlakatimizda ilk bor Suzish boʻyicha I Ochiq Markaziy Osiyo chempionati oʻtkazilmoqda.

    I Ochiq Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun kelgan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston terma jamoalari vakillari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Toshkentda tantanali ravishda kutib olindi. Ular xalqaro musobaqalar oldidan “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”da boʻlib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydilar. Shuningdek, mehmonlar uchun Toshkent shahri boʻylab maroqli sayohatlar tashkil etildi.

    20-may kuni musobaqalarning tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu yirik Chempionat Davlatimiz rahbarining yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan, suv sportini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak eʼtibori natijasi ekani alohida eʼtirof etildi.

    Prezident tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Suv sporti saroyida Suzish boʻyicha I Ochiq Markaziy Osiyo chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun puxta tayyorgarlik koʻrilgani alohida qayd etildi.

    Suzish boʻyicha I Ochiq Markaziy Osiyo chempionatida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston terma jamoalari tarkibida “A”, “B” va “C” yosh toifalaridagi 185 nafar sportchi ishtirok etib, 36 ta yoʻnalishda 158 ta medal uchun kurash olib bormoqda. Mamlakatimiz sharafini Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida 60 nafar sportchi himoya qilmoqda. Musobaqalar davom etmoqda.

    Foto: Hakim Tohir