Muhokama jarayonida qayd etilganidek, amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, ijro hujjatlarini ijrosini taʼminlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi, ushbu sohada tegishli oʻzgartirishlar kiritish zarurligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Xususan, ijro hujjati boʻyicha qarzdor undirilishi lozim boʻlgan qarzdorlikni oʻz vaqtida toʻlamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra fuqarolarga nisbatan 300 ming soʻmdan 1,5 million soʻmgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 million soʻmdan 3 million soʻmgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qoʻyilgan.

Senatorlar, agar qarzdor tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam boʻlgan boʻlsada, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning toʻlov qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Xususan, qoʻllaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori boʻlishi mumkin emasligi haqida norma kiritilyapti,deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga hamda maʼmuriy jazo qoʻllashga endilikda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning oʻrinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.