Oʻzbekiston butun islom olamida haqli ravishda maʼnaviy rekreatsiya, yaʼni ziyorat turizmining manzillaridan biri deb tan olingan. Bunga sabablar koʻp. Jumladan, mamlakatimiz hududida turli konfessiyalar rivojlanishi bilan bogʻliq koʻplab yodgorliklar va tarixiy joylar mavjud.
Prezidentimizning shu yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish hamda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektidan samarali foydalanish boʻyicha davlat dasturini qabul qilish vazifasi belgilangan. Bu esa mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun jiddiy asosdir.
Ziyorat qadimgi sayohat turlaridan sanalib, maʼnaviy asosga ega. “Ziyorat” soʻzi arabchadan olingan, “koʻrishga borish (kelish)” maʼnosini bildiradi. Musulmonlarda ziyorat odatda muqaddas joylarga tashrif buyurishni anglatsa, boshqa din va elatlarda dunyo kezish tushunchalariga toʻgʻri keladi. U kishining doimiy yashab turgan manzilidan uzoqlashgan holda diniy yoki dunyoviy muqaddas joylarga ziyorat qilishini nazarda tutadi.
Loʻnda aytganda, ziyorat kishilarning muqaddas joylarga borishi va u yerlarda muayyan amallarni bajarishi, maʼnaviy-ruhiy ozuqa olishidir. Qolaversa, ziyorat odamlarning maʼnaviy va jismoniy kamolotga erishishiga koʻmaklashadi. Ommaviy turizm jismoniy rekreatsiya boʻlsa, ziyorat turizmi maʼnaviy rekreatsiyadir. Shu bilan birga, u barqaror turizmni rivojlantirishning muhim segmenti sifatida milliy gʻoya va birdamlikni shakllantirish hamda mustahkamlashda ham muhim rol oʻynaydi.
Ziyoratning diniy va dunyoviy turlarini bir-biridan ajratish lozim. Birinchisi ilohiy, ikkinchisi esa umuminsoniy qadriyatlarga asoslanadi. Agar diniy ziyorat muqaddas joylar, shaxslar, aziz avliyolar dafn etilgan manzillarga borishni bildirsa, dunyoviy ziyorat tabiiy, tarixiy va hayotiy maskanlarga borish va ularni qadrlashda oʻz ifodasini topadi.
Dunyoviy ziyorat komil inson tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq sayru sayohatdir. Xotira va qadrlash kunida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qoʻyish, Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” majmuasini, Samarqanddagi Amir Temur qabr ini eiyorat qilish, koʻhna va boqiy Buxoro madaniy markazi yoki Xivaning Ichan qalʼasiga tashrifni dunyoviy ziyoratga kiritish mumkin.
Ziyorat turizmining ijtimoiy va maʼnaviy ahamiyati katta. Muqaddas joylarga borish industrial jamiyat kishisining ruhiy kechinmalari bilan muloqotga kirishish imkoniyatini beradi. Ziyorat turizmi oilalarni birlashtirishga qulay sharoit yaratadi. Ijtimoiy jihatdan oʻsishga, insoniy birdamlik, birodarlikni mustahkamlashga, insonning shaxs sifatida shakllanishiga yordam beradi. Ijtimoiy va irqiy tabaqalanishni qisqartiradi.
Qadimda, hali zamonaviy transport va kommunikatsiya vositalari boʻlmagan davrlarda Shohizindada dafn etilgan Qusam ibn Abbos mozorini ziyorat qilish odat tusiga kirgan. Bu majmua hozir ham ziyoratchilar bilan gavjum. Shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy, Xoʻja Doniyol qabrlari, Hazrat Xizr masjidi, Buxorodagi “Yetti pir” memorial ansambli, Surxondaryodagi Hakim Termiziy, Abu Iso Termiziy maqbaralari muqaddas qadamjolardandir.
Ziyorat turizmini sayyohlikning boshqa shakllaridan ajratish ancha qiyin, albatta. Muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun kelganlar faqat aziz avliyolar qabriga borish bilan cheklanmaydi. Ular shaharlarning diqqatga sazovor boshqa tarixiy, madaniy obyektlari, meʼmoriy obidalarini koʻrishni istaydi. Mahalliy aholining turmush tarzi, anʼana, urf- odat, qadriyatlari, zamonaviy hayoti bilan ham tanishadi. Shahar va shaharlararo transport hamda kommunikatsiya vositalaridan foydalanadi.
Milliy tansiq taomlardan tanovul qilib, har xil suvenir, milliy liboslar xarid qiladi. Demak, ziyorat turizmining iqtisodiy-moliyaviy ahamiyati ham katta. Shu bilan birga, ishbilarmonlik, xizmat safari, mamlakat tarixi, iqtisodiyoti, madaniyatiga qiziquvchilar, kongress boʻyicha tashrifchilar orasida ham diniy obyektlar — masjidlar, madrasalar, sagʻana va maqbaralarni borib koʻruvchilar kam emas.
Toshkent shahriga tashrif buyuruvchilarning koʻpchiligi Xastimom (Hazrati Imom) majmuasini ziyorat qilmasdan ketmaydi. Sof ziyorat maqsadida keluvchilar, asosan, katta yoshli, oʻziga toʻq, hisob-kitob bilan ish yuritadigan kishilardir. Ular ortiqcha xarajatni xush koʻrmaydi. Shu bois, tabiiyki, turli koʻngilochar joylarga bormaydi. Ziyorat turizmida juda katta maʼnaviy, siyosiy, ijtimoiy samaradan tashqari turli moliyaviy resurslar, sarf-xarajatlar ham borki, ulardan maqsadga muvofiq foydalanish sarflangan mablagʻni toʻla qoplabgina qolmay, foyda ham keltiradi.
Buning ustiga, ziyoratchi sayyohlarga koʻrsatiladigan b archa xizmat tekin emas. Keyingi yillarda yurtimizda ziyorat turizmini umumiy turizmning bir tarmogʻi sifatida rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini takomillashtirish, sohani oʻrta maxsus va oliy malakali kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimiz maqbaralari obod qilinib, masjid va mad rasalar, ziyo ratchilar uchun xos mehmonxonalar qurilib, atrofida bogʻ-rogʻlar barpo etildi. Ichki va ziyorat turizmi yoʻnalishida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida hozir Turizm va madaniy meros vazirligi tizimida 2 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 4 ta kollej, 6 ta texnikum hamda Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyat koʻrsatmoqda.
Universitetda malakali xorijlik hamda xorijda taʼlim olgan mutaxassislar dars oʻtadi. Ziyorat turizmi yoʻnalishida magistratura ham mavjud. Buyuk allomalarni bergan bu muqaddas zamin chet ellik turistlarni, ayniqsa, ziyoratchi sayyohlarni oʻziga ohanrabodek tortadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hanuzgacha ziyorat obyektlarining axborot paketi toʻla shakllanmagan, ziyoratni tashkil etishda innovatsion raqamli omillardan foydalanish mexanizmi yaratilmagan, ziyorat obyektlari xaritalari talab darajasida emas.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda ziyorat turizmi elektron integratsion platformasini yaratish dolzarb boʻlib turibdi. Bu masalani eʼtiborga olib, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida shunday elektron platforma davlat granti asosida yaratilmoqda. Bu loyiha mamlakatimizda mavjud yirik muqaddas qadamjolar, noyob obyektlar, meʼmoriy yodgorliklar, madaniy, maʼnaviy va moddiy boyliklarning xalqaro tajribalarga asoslangan yagona integratsion reyestrini tuzish, muqaddas qadamjolar, noyob obyektlar, meʼmoriy yodgorliklar, madaniy, maʼnaviy va moddiy boyliklarning aniq tarixiy manbalarga asoslangan tavsifini yaratish, ularga xalqaro standartlar asosida brend berish, “Oʻzbekiston ziyorat obyektlari” fotoalbomi, oliy taʼlim muassasalarining iqtisodiyot, tarix, dinshunoslik, islomshunoslik yoʻnalishlari talabalari uchun elektron oʻquv majmuasini tayyorlash imkonini beradi.
Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori yurtimizda turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan sayyohlik mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiyalash, raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki hamda xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yoʻnalishlarini kengaytirish, uning xizmatlari sifatini yuksaltirish, turizm mahsulotlarini keng targʻib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashga doir vazifa hamda chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Jumladan, Samarqandda turizmga xizmat qiladigan xalqaro aeroport faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Aeroport soatiga 800 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish, “ochiq osmon” rejimida faoliyat yuritish, doimiy reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish salohiyatiga ega. Mustaqil ekspertlar aeroport orqali yoʻlovchi oqimini yiliga 480 ming kishidan 2 million kishiga oshirish imkoniyati mavjudligini qayd etmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, salohiyatli shahar va tumanlarda sayyohlar hamda mehmonlar uchun xizmat koʻrsatuvchi tungi savdo komplekslari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan ishlar boshlangan.
Dastlab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida sayyohlar uchun sharoitlar yaratilmoqda. Sayyohlar uchun 24 soat davomida xizmat koʻrsatishga erishish orqali aholi bandligi taʼminlanadi. Bunga oʻxshash ichki va ziyorat turizmi infratuzilmasini yaratish ishlari mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida olib borilmoqda.