Sababi bu erda gap inson salomatligiga borib taqaladi. Oʻzbekcha yorliqni qaysidir xorijiy tildan nomutaxassis kishilar tarjima qilganlari yaqqol koʻrinib turadi. Ana shunday arzimasdek koʻringan yumushlarga mutaxassislarni jalb qilingan holda yondashilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.
Bozorlar, doʻkonlar, dorixonalar, turli inshootlarning xorijiy tillarda nomlangani haqida Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tanqidiy ruhda koʻplab chiqishlar qilinadi, ammo biz bu sohadagi muammolarni sanashdan koʻra ularga barham berish haqida bosh qotirishimizning allaqachon vaqti etdi. Axir bobolarimiz va buvilarimiz nabiralariga tushunarli tilda gapirish uchun “market”ga borib keldim, “shoping”dan sotib oldim, deya gapirishga koʻnikib qolishdi. Joy nomlarini oʻzbekcha nomlab, keyin istalgan xorijiy tillardagi tarjimasini berish mumkin.
Yoshlarimizning chet tilini oʻrgansang, chet elga borib ishlashing yoki yashashing mumkin, degan qarashi hammasidan oʻtib tushadi. Darvoqe, xorijiy tillarni oʻrganish, xorijga borib oʻqishdan maqsad daromadga borib taqalar ekan, farzandlarimiz bilan videoaloqa qilishga, mehr-muhabbat oʻrniga pul joʻnatishlariga koʻnikishimizga toʻgʻri kelishi mumkin.
Xalqimizda “Til bilgan — el biladi”, degan hikmatli gap bor. Darhaqiqat, koʻplab xorijiy tillarni bilgan insonga dunyo eshiklari birma-bir ochiladi. Til har bir xalqning kelib chiqishi, tarixi, qadriyatlari bilan bogʻliq boʻlgani sababli qadrlidir. Asrlar davomida rivojlanib, taraqqiy etadigan tilning har bir zamonda eʼzozlanishi, shubhasiz, ushbu tilning imkoniyatlarini tobora kengayishga xizmat qilishi bilan birga oʻzi mansub boʻlgan xalqning maqomini ham yuksaltiradi. Shu oʻrinda bir nechta tillarni bilgan, oʻz davridagi notinchliklar tufayligina chet mamlakatlarda yashashga mahkum boʻlgan, har qanday sharoitda ham oʻz ona tilida asarlar yozib, oʻz ona vatanining shaʼnini koʻklarga koʻtarishga beqiyos xizmat qilgan ajdodlarimiz haqida toʻxtalishni joiz, deb bildim.
Dunyo tan olgan Muhammad al Xorazmiy yoshligidanoq aniq va tabiiy fanlarni oʻrganishga qiziqqan, arab, fors, hind va yunon tillarini egallab, bu tillarda yozilgan kitoblarni qunt bilan oʻqib, mutolaa qilgan. Pirovardida Xorazmiyning “Al Jabr val muqobala” (“Tenglamalar va qarshilantirish”), “Hisob al-Hind” (“Hind hisobi”), “Kitab surat al-Arz” (“Er surati haqida kitob”), “Kitab at-Tarix” (“Tarix kitobi”) kabi asarlari dunyoviy fanlarning islom dinidan mustaqil rivojlanishiga yoʻl ochdi. Oradan necha asrlar oʻtibdi hamki, Xorazmiyning boy merosi hozirgi kungacha yangi-yangi kashfiyotlar qilishga asos boʻlib kelyapti.
Yana bir allomamiz Ahmad al-Fargʻoniyning turli xorijiy tillarni egallagani matematika, geografiya, astronomiya, tarix sohalarida chuqur izlanishi uchun yoʻl ochgan. Arab atamashunosligini paydo boʻlishi va ilmiy taraqqiyoti bevosita Fargʻoniyning nomi bilan bogʻliq.
Mashhur ajdodimiz Abu Nasr Forobiyning etmish tilni bilgani haqida turli misollar bor. Sharq falsafasining otasi, degan maqom olgan Forobiy fanning deyarli barcha sohalarini egallab, “Aristotelning “Metafizika” asariga ilmiy sharhi, “Tirik mavjudot aʼzolari haqida”, “Musiqa kitobi”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Siyosat al Madaniya” (“Shaharlar ustida siyosat yurgizish”), “Fozil odamlar shahri” kabi 160 dan ortiq beqiyos asarlar yozgan hamda qomusiy olim sifatida dunyo eʼtirofiga sazovor boʻlgan.
Oʻrta Osiyo ilm-fani va madaniyati tarixida qomusiy bilimlar sohibi Abu Ali ibn Sinoning oʻrni beqiyos. Ibn Sinoning “Al-Qonun fit Tib” (“Tib qonunlari”) asari olti asr mobanida (XI asrdan XVII asrning oʻrtalarigacha) Evropa meditsinasida qoʻllanma boʻlib keldi. U 30-martadan koʻproq nashr etildi. Oʻrta asrlarda “Qonun” Sharqdagina emas, balki Gʻarb mamlakatlarining dorilfununlarida ham talaba uchun meditsinadan yagona qoʻllanma edi. U tabiatshunos, faylasuf, astronom, matematik, muzikashunos, huquqshunos, axloqshunos, filolog, yozuvchi va shoir boʻlgan.
XI asrda yashab oʻtgan mutafakkir olim Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilik” (“Saodatga eltguvchi bilim”) deb nomlangan didaktik, badiiy-falsafiy asari bir necha asrlardan buyon dunyo xalqlarini chuqur maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy, falsafiy fikr-mulohazalar yuritishga undashi bilan bebaho boʻlsa, ona tilimiz va adabiyotimiz tarixini oʻrganish nuqtayi nazaridan betakror manba boʻlib xizmat qilib kelayotgani alohida tahsinga sazovor.
Bugungi kunda ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni toʻliq oʻrganishimiz, ularning ilm-fan rivojiga qoʻshgan salmoqli hissasini chuqur oʻzlashtirishimiz uchun ham biz avvalo ona tilimizni mukammal bilishimiz, qolaversa, xorijiy tillarni puxta oʻrganishimiz, turli zabonlarda soʻzlashuvchi va fikr yurituvchi zamondoshlarimiz bilan oʻzaro fikr almashinishimiz lozim. Ajdodlarimizdan qolgan turli tillarda yozilgan ilmiy va badiiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish, oʻzbek tilidagi asarlarini xorijiy tillarga oʻgirish ularning ilm-fan yoʻlida hali oʻrganilmagan qirralarini ochishga xizmat qiladi.
Qomusiy olimlarimizning ilmiy izlanishlari vaqt atalmish oliy hakam sinovlaridan bemalol oʻtib, har bir yangi davr uchun yangi kashfiyotlar qilishga asos boʻlib kelayotgani, ajdodlarimizning nomlari asrlar osha jarang sochib kelayotgani ona tilimizning ham haqiqatan eng qadimiy ekanidan, eng qadimiy va eng goʻzal qadriyatlarimiz kabi qadrli ekanidan dalolat beradi.
“Til — maʼnaviyatimiz libosi” degan ekan mashoyixlardan biri. Shunday ekan, mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy masalalarni chuqur rivojlantirish mamlakat miqyosiga olib chiqilgan bugungi kunda ona tilimizni Davlat tili sifatida rivojlantirishga hissa qoʻshishimiz har birimiz uchun farz.
Ziyoda AKBARQULOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Tarjima boʻlimi yetakchi mutaxassisi