Toshkent shahridagi tumanlardan birining Mudofaa ishlari bo'limi boshlig'i fuqaroga noqonuniy ravishda harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga o'z xizmat avtomashinasida undan 600 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo'yicha boshqarmasi.

Boshqa bir holatda esa Sirdaryo viloyatidagi Aholi bandligiga ko'maklashish markazlaridan birining direktori yoshlarni kasbga o'rgatish bilan shug'ullanuvchi MCHJ rahbaridan uning o'quv markazida tahsil olayotganlarning darslarga qatnashish holatini monitoring qilmaslik va MCHJ faoliyati bo'yicha tekshiruv o'tkazmaslik evaziga 300 AQSH dollari talab qilib, muqaddam 2 million so'm olgan. Tezkor tadbirda u qolgan 1,4 million so'mni o'z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llanilgan.